$
 12048.84
62.28
 13741.70
50.05
 152.88
0.79
weather
+26
Кечаси   +14°

Rulda bolalar! Elektrosamokatlar harakatini kim nazorat qiladi?

Samokat Foto: Spot

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning yirik shaharlarida elektrosamokatlar soni keskin ortdi. Bir necha yil avval faqat istirohat bog‘lari yoki sayyohlik maskanlarida uchraydigan bu transport vositasi bugun ko‘plab yoshlarning kundalik hayotiga kirib keldi. Ayniqsa, tirbandliklardan qochish, manzilga tezroq yetib borish va transport xarajatlarini kamaytirish istagi yoshlarni elektrosamokatlardan faol foydalanishga undamoqda.

Biroq, qulaylik va zamonaviylik ortida jiddiy muammo ham bor. So‘nggi paytlarda elektrosamokatlar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari, turli jarohatlar va baxtsiz voqealar haqidagi xabarlar tobora ko‘payyapti. Mutaxassislar bu holatni shunchaki tasodif emas, balki yangi transport turining nazoratsiz rivojlanishi oqibati sifatida baholamoqda.

Yoshlar orasida ommabop

Elektrosamokatlarning bunday tez ommalashgani sir emas. Avtobus kutish, metroda siqilish yoki taksiga koʻp pul sarflashni kim xohlaydi? Telefonni chiqarasiz, QR-kodni skanerlaysiz va tamom — siz harakatdasiz. Ayniqsa, darsga yoki ishga shoshayotgan yoshlar uchun bu ideal yechimdek ko‘rindi.

Ammo muammo shundaki, ushbu transport vositasidan foydalanayotganlarning katta qismi yo‘l harakati qoidalarini yetarlicha bilmaydi. Ba’zilar uni oddiy o‘yinchoq yoki ko‘ngilochar vosita deb qabul qiladi. Aslida esa zamonaviy elektrosamokatlar soatiga 25–30 kilometr, ayrim modellari esa bundan ham yuqori tezlikda harakatlana oladi.

Ekologik jihatdan foydali transport

Elektrosamokatlarning ommalashishiga faqat qulaylik sabab bo‘layotgani yo‘q. Ular ekologik jihatdan ham foydali transport vositasi hisoblanadi. Qisqa masofalarda avtomobil o‘rniga samokatdan foydalanish yoqilg‘i sarfini kamaytiradi, havoga chiqariladigan zararli gazlar miqdorini pasaytiradi va shaharlardagi tirbandliklarni yumshatishga yordam beradi.

Shu sababli dunyoning ko‘plab yirik shaharlari mikromobillik transportlarini, jumladan elektrosamokatlarni “yashil transport” siyosatining bir qismi sifatida qo‘llab-quvvatlamoqda. Kelajak shaharlari tobora ko‘proq velosiped, samokat va jamoat transportiga tayangan holda rivojlanishi kutilyapti.

Ammo har qanday foydali texnologiya kabi elektrosamokatlar ham aniq qoidalar va xavfsizlik talablari bilan birga rivojlanishi kerak. Aks holda uning afzalliklari xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar soyasida qolib ketishi mumkin.

Bir soniya ehtiyotsizlik badali

Shifokorlar va travmatologlarning ta’kidlashicha, elektrosamokat bilan bog‘liq jarohatlar soni dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ortib boryapti. Eng ko‘p uchraydigan holatlar bosh miya jarohatlari, qo‘l-oyoqlar sinishi, yuz va jag‘ suyagi shikastlanishlari hisoblanadi.

Buning sababi oddiy: samokat haydovchisini avtomobildagi kabi kuzov yoki xavfsizlik yostiqchalari himoya qilmaydi. Kichik xato yoki muvozanatni yo‘qotish ham jiddiy yiqilish bilan yakunlanishi mumkin.

Ayniqsa, yoshlar orasida bir samokatga ikki yoki uch kishi minib olish, harakat vaqtida telefondan foydalanish, quloqchin taqib yurish, transport oqimi orasida xavfli manyovrlar qilish holatlari uchrab turadi. Bunday harakatlar nafaqat samokat haydovchisi, balki atrofdagi piyodalar va boshqa transport vositalari uchun ham xavf tug‘diradi.

Taraqqiyotni taqiqlar bilan to‘xtatib bo‘lmaydi

Xo‘sh, muammo nimada? Ijtimoiy tarmoqlarda “samokatlarni butunlay taqiqlash kerak!” degan keskin fikrlarni ham o‘qib qolamiz. Ammo taraqqiyotni taqiqlar bilan to‘xtatib bo‘lmaydi. Ayb samokatda emas, ayb qoidalarning yetarli emasligi, nazoratning sustligi va harakat madaniyatining shakllanmaganida.

Bugungi kunda samokat haydovchisi qayerda harakatlanishi kerakligi borasida ham ko‘plab savollar mavjud. Piyodalar yo‘lagiga chiqsa, odamlarni urib ketish xavfi bor, piyodalar ulardan norozi. Katta mashina yo‘liga chiqsa, avtomobillar oqimi orasida noqulaylik tugʻdirishi ehtimoli yuqori, haydovchilar g‘azabda. Veloyo‘laklar yetarli emas, maxsus harakat zonalari deyarli mavjud emas. Oqibatda samokat foydalanuvchilari xavfsiz hudud topa olmayapti.

Rulda bolalar: eng xavfli nuqta

Elektrosamokatlar bilan bog‘liq yana bir jiddiy muammo bor: ulardan tobora ko‘proq yosh bolalar foydalanmoqda.

Bugun ko‘chalarda 10–12 yoshli, hatto undan ham kichik bolalarning elektrosamokat minib yurganiga tez-tez guvoh bo‘lamiz. Ayrim hollarda ular katta yo‘llarni kesib o‘tadi, svetofor va yo‘l harakati qoidalariga e’tibor bermaydi. Sababi oddiy — ular hali transport vositasini boshqarish mas’uliyatini to‘liq anglaydigan yoshda emas.

Muammoning yana bir tomoni shundaki, samokatlarni ijaraga berish tizimlarida foydalanuvchilar ustidan nazorat yetarli emas. Nazariy jihatdan xizmatlardan voyaga yetgan shaxslar foydalanishi kerak bo‘lsa-da, amalda telefon va bank kartasiga ega bo‘lgan istalgan o‘smir yoki bola bu vositani qo‘lga kiritishi mumkin.

Natijada ko‘chalarda nafaqat tajribasiz, balki yo‘l harakati qoidalarini yaxshi bilmaydigan bolalar ham yuqori tezlikda harakatlana boshlaydi. Bu esa avariya va jarohatlar xavfini bir necha barobar oshiradi.

Dunyo bu muammoni qanday hal qilmoqda?

Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, elektrosamokatlarni butunlay taqiqlash yechim emas. Fransiyada samokatlar uchun yosh bo‘yicha cheklovlar joriy qilingan, ayrim hududlarda tezlik qat’iy nazorat qilinadi. Germaniyada esa elektrosamokatlar alohida transport vositasi sifatida tan olinib, ular uchun maxsus harakat qoidalari ishlab chiqilgan. Singapurda qoidalarni buzgan haydovchilarga katta miqdordagi jarimalar qo‘llanadi. Xitoyning ayrim shaharlarida esa “aqlli nazorat” tizimlari ishlaydi. Masalan, gavjum hududlarda samokat tezligi avtomatik ravishda pasaytiriladi.

Bu tajribalar shuni ko‘rsatadiki, xavfsizlikka erishishning eng samarali yo‘li — qat’iy qoidalar va zamonaviy nazorat mexanizmlaridir.

O‘zbekiston uchun muhim

Bugun elektrosamokatlar soni ortib borayotgan bir paytda bu masalani e’tiborsiz qoldirish mumkin emas. Aks holda kelajakda yo‘l-transport hodisalari va jarohatlar soni yanada ko‘payishi mumkin.

Mutaxassislar birinchi navbatda elektrosamokatlarning huquqiy maqomini aniq belgilash zarurligini ta’kidlamoqda. Hozirgi vaqtda samokatlar avtomobil ham emas, velosiped ham emas, piyoda ham emas. Natijada ular qaysi hududda harakatlanishi, qanday qoidalarga bo‘ysunishi va qaysi hollarda javobgarlikka tortilishi masalasida ko‘plab noaniqliklar saqlanib qolmoqda.

Ayniqsa, minimal yosh chegarasini belgilash muhim ahamiyatga ega. Masalan, 16 yoshdan kichiklarga mustaqil foydalanishni cheklash, ijara xizmatlarida esa pasport yoki biometrik identifikatsiya orqali foydalanuvchini tekshirish tizimini joriy etish mumkin.

Bu cheklovlar yoshlarni transportdan mahrum qilish uchun emas, balki ularning hayoti va salomatligini himoya qilish uchun kerak. Qolaversa, yoshlar orasida harakat xavfsizligi madaniyatini shakllantirish kerak. Chunki eng zamonaviy texnologiya ham mas’uliyat bilan foydalanilmasa, xavf manbaiga aylanishi mumkin.


Shahruza Sattorova

Теги :
Jamiyat