$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

O‘qituvchiga qo‘l ko‘targan ayol ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi

qol

Bir necha kun oldin Sirdaryo tumanidagi 1-maktabda fuqaro G.X. dars vaqtida sinfxonaga bostirib kirib, o‘qituvchini haqorat qilib, unga qo‘l ko‘targani aks etgan video jamoatchilik o‘rtasida keskin muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Aslida nima bo‘lgan edi?

Videoda ayol (o‘quvchining onasi deb taxmin qilinmoqda) sinfda o‘qituvchiga qo‘pol muomalada bo‘lib, uning yuziga musht tushurgani, o‘ldirish bilan tahdid qilganini ko‘rish mumkin. Bunga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum. Tarmoqda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, o‘qituvchi yaxshi o‘qimagan o‘quvchiga jiddiy tanbeh bergani uchun uning onasi kelib shunday yo‘l tutgan. 

Ushbu voqeaga maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ham munosabat bildirib, holat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan nazoratga olinganini ma’lum qildi. Vazir bu voqea Sirdaryo viloyat MMTB ishchi guruhi tomonidan o‘rganilayotganini, o‘rganish natijalariga ko‘ra tez orada jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi.

Ish sudda ko‘rib chiqilgan

Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning tegishli bandlariga ko‘ra ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudida ko‘rib chiqildi.

Sudga viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasi tomonidan berilgan pisixiatrik ekspertiza xulosasi taqdim etilgan. Ushbu ekspertiza xulosasida qayd etilishicha, fuqaro G.X. aqliy zaiflik yengil darajasi bilan xastalangan hamda huquqbuzarlikni sodir etgan vaqtda o‘z harakatlariga javob bera olmagan.

Ayol shifoxonaga yotqizilgan

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, sud fuqaro G.X.ning umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanishi yuzasidan hukm chiqargan. Fuqaro G.X. ayni vaqtda ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.