$
 12875.06
13.23
 13406.80
-90.4
 124.75
-0.72
weather
+26
Кечаси   +14°

Rubob yasash va chalish san’ati UNESCOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi

rubob

Rubob yasash va chalish san’ati O‘zbekiston va mintaqaning boshqa mamlakatlari taklifi bilan UNESCOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Ushbu qaror 4-dekabr kuni Paragvay poytaxti Asunson shahrida UNESCOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 19-sessiyasida ma’qullandi.

Sharq madaniyatini o‘zida aks ettirgan cholg‘u

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Tojikiston, Afg‘oniston va Eron bilan birgalikda nomzodlik tashabbusi bilan chiqqan.

Qo‘mita qarorida rubob Markaziy, Janubiy va Janubi-g‘arbiy Osiyodagi eng qadimgi musiqa asboblaridan biri ekanligi ta’kidlangan. Bu san’at madaniy va ijtimoiy birdamlikni, madaniy almashinuv va hamjihatlikni rivojlantirishga, shuningdek, ta’lim, gender tenglik va barqaror taraqqiyotga hissa qo‘shishi alohida qayd etilgan.

Shuningdek, rubob yasash va chalish san’ati O‘zbekiston tashabbusi bilan UNESCOning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi 16-elementi bo‘ldi.

Navro‘z ham assambleyaning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilishi mumkin

Joriy sessiya davomida UNESCOning Butunjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasiga a’zo 183 ta davlatni ifodalovchi Qo‘mitaning 24 ta a’zo davlati konvensiya ro‘yxatlariga kiritish uchun taqdim etilgan 63 ta arizani ko‘rib chiqishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish uchun berilgan arizalar orasida Navro‘z bayrami ham bor. Arizalar Ozarbayjon, Afg‘oniston, Hindiston, Iroq, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Pokiston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va Mo‘g‘ulistondan topshirilgan.

O‘tgan yili O‘zbekistonning 3 ta madaniy merosi ro‘yxatga kiritilgan

2023-yilda UNESCOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga O‘zbekistonning uchta ijtimoiy-madaniy nominatsiyasi — tazkira, iftorlik va kulolchilikning badiiy bezagi, 2022-yilda ipakchilik va Xoja Nasriddin latifalari kiritilgan edi.