$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi qurilish sohasidagi nazorat inspektorlari ham bodikamera bilan ta’minlanadi

bodikamera

Davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda qurilish industriyasidagi ishlar ahvoli ham tahlil qilindi.

Qurilish industriyasidagi eski norma, standart va yondashuvlar

Dunyoda qurilish industriyasi kun sayin rivojlanayotgani, zamonaviy loyiha yechimlari, yangi texnologiya va yondashuvlar amaliyotga shiddat bilan kirib kelayotgani ta’kidlandi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda qurilish hajmi yiliga o‘rtacha 7-8 foiz o‘sgani bilan haligacha eski norma, standart va yondashuvlar saqlanib qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Sohaga yuqori texnologiya, ilm va innovatsiyani joriy qilish ishlari bugungi kun talabiga mos kelmasligi qayd etildi.

Konstruktorlik byurosi tashkil qilinadi

Masalan, shaharsozlik normalari va qoidalarining 38 tasi ro‘yxatdan o‘tmagan, yana 13 tasi yangilanmagan.

Shu bois quruvchilar zamonaviy obyekt qurishda loyihaga maxsus texnik shart olish uchun qo‘shimcha vaqt va mablag‘ sarflamoqda, bu esa tannarxga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qurilishdagi o‘zgarishlardan orqada qolib ketmaslik uchun ShNQlarni muntazam yangilab borish kerakligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan Qurilish va Adliya vazirliklariga bir oyda 38 ta ShNQni ro‘yxatdan o‘tkazib, amaliyotga joriy qilish, 1 martga qadar 16 qavatdan yuqori binolar, savdo kompleksi va parkinglar bo‘yicha milliy normalarni hamda yana 13 ta ShNQni ishlab chiqish topshirildi. Yil yakunigacha 16 qavatdan yuqori binolar qurish bo‘yicha Toshkent arxitektura-qurilish universiteti qoshida alohida Konstruktorlik byurosi tashkil qilinishi belgilandi.

Xususiy sektorda “master reja”

O‘tgan yili hokimlarga xususiy sektorni jalb qilib, “master reja” ishlab chiqishga ruxsat berildi. Bundan maqsad – kichik hududlarni belgilab, uy-joy qurish, turizm, savdo va servisni rivojlantirsa bo‘ladigan joylarga tadbirkorlarni jalb qilish edi. Bu borada Buxoro, Navoiy viloyatlaridagi 85 ta hududning “master rejasi”ni ishlab chiqish boshlangan. Lekin, qolgan viloyatlar hali masalani ichiga kirmagani tanqid qilindi. Shu bois, viloyat hokimlariga yil yakunigacha kamida 10 tadan hududining “master reja”sini ishlab chiqish topshirildi.

Bundan tashqari, 106 ta tuman-shaharda 136 ta “master reja” qilish bo‘yicha topshiriq berilgan. Hozirgacha shundan 21 tasi ishlab chiqilgani, Andijon va Xorazmda esa birorta “master reja” tayyormasligi ko‘rsatib o‘tildi. Qoloqliklarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha viloyat hokimliklariga vazifa qo‘yildi.

Qurilish inspeksiyasidagi muammolar tanqid qilindi

O‘tgan yili 1 ming 600 ta obyekt qurilishi ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan boshlangan bo‘lsa, yil boshidan 2 ming 200 taga yetgan. Bundan tashqari, qurilish obyektlari toifasiga qarab oyiga kamida 2-4 marta nazoratdan o‘tkazilishi zarur. Lekin 8 oy ichida 1 ming 150 ta obyektga inspektor bir marta borgan. Oqibatda, joylarda pala-partish qurilish ko‘payib, aholi e’tiroziga sabab bo‘layapti.

Qurilish vazirligi, Qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi, Bosh prokuraturaga qurilishda byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini kuchaytirish topshirildi.

Endi qurilish inspektorlari bodikamera bilan ta’minlanadi

Qurilish inspeksiyasining hududiy boshqarmalarida quruvchi-operatorlar shtabi tashkil qilinishi belgilandi. Nazorat inspektorlari bodikamera bilan ta’minlanadi. Davlat hisobidan qurilayotgan har bir obyektga toifasiga qarab kamida 2 tadan videokamera o‘rnatiladi. Ular operatorlar shtabiga ma’lumotlarni onlayn yuboradi. Shuningdek, noqonuniy qurilishlar bo‘yicha mahalla raislari va jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi. Endilikda har bir qurilayotgan obyekt oldida QR kodli pasporti chiqarib qo‘yiladi, istalgan odam bu orqali hududda qanday obyekt qurilayotgani, qachon ruxsat olingani, kim qurishi, qachon ishga tushishi kabi ma’lumotlar olishi mumkin bo‘ladi.

Agar QR kodli pasport bo‘lmasa, qurilish noqonuniy hisoblanadi.

Shaharsozlik kengashlari faoliyati bo‘yicha e’tirozlar

Prezident har bir viloyatda tashkil qilingan Shaharsozlik kengashlari faoliyati bo‘yicha ham e’tirozlar ko‘pligini ta’kidladi. Kengashga kiritilgan loyihalarni ko‘rib chiqish va kelishish 6 oygacha cho‘zilmoqda. Loyihalar Shaharsozlik kengashiga kiritilishdan oldin tumandagi Sanepidnazorat va yong‘in xavfsizligi bilan kelishiladi. Vaholanki, ularning rahbarlari kengash tarkibida o‘tiribdi. Kengashda rad qilingan loyihani qayta kiritish uchun “SES” va yong‘in xavfsizligi bilan boshqatdan kelishish majburiy. Oqibatda quruvchi va loyihachilar bunga 2 karra pul to‘lab, yana 2-3 oy yo‘qotyapti.

Shaharsozlik ham raqamlashtiriladi

Endilikda Shaharsozlik kengashlari faoliyati bilan bog‘liq jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi. Bunda barcha loyihalar kengashga “Shaffof qurilish” platformasi orqali elektron kiritiladi. Loyiha hujjatlari bo‘yicha “SES” va yong‘in xavfsizligi tuman bo‘limidan alohida xulosa olish bekor qilinadi. Kengash a’zolari loyihani quyi tizimi bilan shu platformada elektron kelishadi, loyihani ko‘rib chiqish muddati 15 kundan oshmasligi zarurligi ta’kidlandi. Ushbu tartibni 1-dekabrdan Toshkent shahrida kelgusi yil 1-apreldan qolgan viloyatlarda joriy qilish topshirildi.