$
 11881.60
-55.29
 13749.39
-19.81
 151.05
-0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentda birinchi QS Eurasia Forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi

QS Euroasia 2025

25-noyabr kuni Toshkent xalqaro ilmiy-ta’limiy hamjamiyat e’tiborini o‘ziga qaratdi — poytaxtda birinchi QS Eurasia Forum bo‘lib o‘tdi. Oliy ta’lim sohasidagi yirik tadbirlardan birini dunyoning eng mashhur universitetlar reytingi tuzuvchisi — QS World University Rankings (QS Quacquarelli Symonds) tashkil etdi. Forum mezboni sifatida esa xalqaro akademik hamkorlikni faol rivojlantirib kelayotgan O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri — Central Asian University bo‘ldi.

Forum doirasida 300 dan ortiq ishtirokchi bir maydonda jamlandi

QS Eurasia Forum–2025 O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ko‘magida CAU kampusida o‘tkazildi. Tadbirda akademik doira vakillari, davlat organlari mutasaddilari va sanoat hamkorlari qatorida 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Forum geografiyasi keng bo‘lib, unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya, shuningdek Yevropa va Yaqin Sharq davlatlari vakillari ishtirok etdi.

QS Quacquarelli Symonds Prezidenti va Boshqaruv kengashi raisi Nunzio Quacquarelli mintaqadagi universitetlar so‘nggi yillarda QS bilan hamkorlikda yaxshi natijalar qayd etayotganini e’tirof etdi. Uning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston universitetlari 2022-yilgi reytingdan 2026-yilgi reytinggacha bo‘lgan davrda QS Rankings’ga kirgan universitetlar sonini 2 tadan 9 tagacha oshirgan.

“Biz Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan ushbu birinchi QS Yevrosiyo sammitidan mamnunmiz. QS ushbu sammit uchun bir maqsadni ko‘zlagan: Yevrosiyo mintaqasidagi universitetlarga global miqyosda o‘z faoliyatlarini yaxshilashda va QS Jahon universitetlari reytingidagi e’tirofini oshirishda davom etishlariga yordam berish”, – deydi Quacquarelli.

Mintaqa ta’limi uchun strategik muhokama maydoni

Markaziy Osiyo so‘nggi yillarda global ta’lim maydonidagi o‘z mavqeini izchil kuchaytirib bormoqda. Ushbu forum aynan mintaqaning akademik merosi, madaniy xilma-xilligi va strategik joylashuvini inobatga olgan holda, uni yagona va nufuzli ta’lim brendiga aylantirish istiqbollari muhokama qilingan muhim voqeaga aylandi.

Forumda ishtirok etish universitetlarga keng imkoniyatlar yaratadi:

— QS global ekspertlarining bilim va tahlillaridan foydalanish,

— Yevrosiyo va Yevropaning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish,

— o‘z akademik salohiyatini xalqaro tanilishning yangi bosqichiga ko‘tarish imkoniyati.

Oliy ta’limda global ko‘priklar qurish

Forumning bosh mavzusi — “Imkoniyatlar salmog‘ini oshirish: oliy ta’limda global ko‘priklar qurish” bo‘ldi. Dastur doirasida mintaqa universitetlarining xalqarolashuvi, global raqobatbardoshligi va transformatsiyasi masalalariga bag‘ishlangan strategik muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Dastur quyidagilarni o‘z ichiga oldi:

  • Yevrosiyo oliy ta’limining Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik sifatidagi roli haqidagi panel muhokamasi
  • Yetakchi ayollar ishtirokidagi “To‘siqlarni yengib o‘tish” sessiyasi
  • O‘zbekiston tajribasi misolida xalqaro hamkorlik strategiyalarini muhokama qilish
  • Global hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha mahorat darslari
  • QS World University Rankings’da ishtirokga tayyorlovchi amaliy seminar

Shuningdek, forum doirasida O‘zbekiston oliy ta’limi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan va xalqaro miqyosda e’tirof etilgan universitetlar uchun QS Stars va QS World University Rankings Awards mukofotlari taqdim etildi.

Yilning eng muhim akademik voqealaridan biri

Tashkilotchilar va ishtirokchilar fikriga ko‘ra, QS Eurasia Forum mintaqaning yetakchi ekspertlari va oliy ta’lim rahbarlarini birlashtirgan holda, yilning eng muhim ilmiy-ta’lim tadbirlaridan biriga aylandi.

CAU rektori Kamran Gulamovning muxbirimizga bergan intervyusida universitet nomi ham bejizga tanlanmagani, oliygohning maqsadi Markaziy Osiyo talabalarini qo‘llab-quvvatlash ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

“Akademik forumning bunday yirik miqyosda Toshkentda o‘tkazilayotgani, avvalo, mintaqadagi aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi juda muhim qadamdir. Albatta, bu jarayonda universitetimizning o‘z o‘rni bor. Biz ushbu mamlakatlarni ta’lim orqali birlashtirishni istaymiz”, – deydi rektor.

Uning ta’kidlashicha, QS kabi global miqyosdagi xalqaro agentlik O‘zbekistonni bu borada qo‘llab-quvvatlayotgani juda muhim.

“Bugun Markaziy Osiyo davlatlaridan ko‘plab talabalar bizga kelib o‘qishyapti, bizning talabalarimiz esa o‘sha mamlakatlarga borib ta’lim olishmoqda: tajriba almashinuvi yuz bermoqda. Menimcha, mintaqani rivojlantirish, barqaror taraqqiyotga erishish, iqlim o‘zgarishi, suv resurslari bilan bog‘liq muammolarni hal qilish –  bularning barchasini birgalikda aynan yoshlar va universitetlar amalga oshiradi. Bizning yosh avlodimiz qo‘shni mamlakatlar yoshlar bilan birga bu jarayonda juda muhim rol o‘ynaydi”, – deya qo‘shimcha qildi G‘ulomov.

Tashkilotchilar haqida

QS Quacquarelli Symonds

QS — oliy ta’lim bo‘yicha tahlil, xizmatlar va ma’lumotlar taqdim etuvchi dunyodagi yetakchi provayderlardan biridir. Kompaniya ta’lim, xalqaro mobillik va karyera rivoji orqali insonlarga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishda yordam berishni maqsad qilgan. QS barcha oliy ta’lim bozoridagi milliardlab aloqa nuqtalaridan olingan ma’lumotlarga asoslangan noyob tahliliy yondashuvga ega.

Central Asian University (CAU)

2019-yilda O‘zbekistonda tashkil etilgan Central Asian University mamlakatdagi eng tez rivojlanayotgan xususiy universitetlardan biri hisoblanadi. Universitet tibbiyot, stomatologiya, biznes, arxitektura va dizayn, muhandislik, turizm va mehmonxona menejmenti kabi yuqori talabga ega yo‘nalishlarda xalqaro ta’lim dasturlarini taklif etadi. Zamonaviy kampus, xalqaro tajribaga ega professor-o‘qituvchilar va amaliy ta’limga berilgan ustuvor e’tibor CAU’ni dunyoning turli mamlakatlaridan kelayotgan talabalar uchun jozibador tanlovga aylantirmoqda.

Теги :
Jamiyat