$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Qanday holatlarda fuqarolar ichki ishlar organlariga olib boriladi?

Organga olib ketish

Ichki ishlar xodimlari qanday hollarda kishilardan shaxsini tasdiqlatishni talab qilishi mumkin? Bu talabga rioya etmasa, nima bo‘ladi? Xodimlar siz bilan qanday gaplashishi kerak? Qanday holatlarda kishilar ichki ishlar organlariga olib boriladi? U yerda qancha muddat ushlab turilishi mumkin?

Huquqshunos Murodjon Najmiddinov shu singari savollarga javob berdi.

“Hujjatingizni ko‘rsating”

Ko‘pchilik faqat biror qoida buzilsagina,ulardan hujjat so‘ralishi mumkin, deb hisoblaydi. Aslida unday emas – “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunga asosan har qanday navbatchi xodim sizdan shaxsingizni tasdiqlashni so‘rashi mumkin. Shunga qaramay, kishini to‘xtatib, undan shaxsini talab qilish mumkin bo‘lgan holatlar doirasi cheklangan.

Hukumatning 2022-yil 22-iyuldagi 399-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf bo‘linmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida fuqarolarni elektron identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risida nizomga asosan xodimlar quyidagi hollardakishilarni to‘xtatib, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini yoki “E-patrul” tizimi orqali shaxsini tasdiqlashni so‘rashi mumkin:

1) shaxs jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan yoxud qidiruvda deb gumon qilish uchun asoslar mavjud bo‘lganda;

2) shaxsni sodir etilgan jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik haqida ma’lumotga ega deb hisoblash mumkin bo‘lganda;

3) shaxsni ushlab turish uchun boshqa qonuniy asoslar mavjud bo‘lganda.

Bosh tortishdan ma’no yo‘q

Rasman shu uch asos bilan kishilarni to‘xtatish “cheklangan” bo‘lsa-da, xodimlar birinchi asosning o‘zi bilan amalda istalgan kishini istalgan paytda to‘xtashi mumkin. Masalan, ko‘chada ketayotgan ixtiyoriy odam xodimning ko‘ziga biror jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik qilgan bo‘lib ko‘rinishi mumkin.

Shunday ekan, sizdan ichki ishlar xodimi shaxsingizni tasdiqlashni so‘radimi, tortishmang. Hujjatlaringizni ko‘rsating.Bosh tortish uchun hech qanday qonuniy asos yo‘q.

“Hurmatli fuqaro”

Siz bilan xodimlar qanday gaplashishi kerak –buning hammasiga belgilangan. Xodimlar kishini to‘xtatganda unga quyidagicha muomala qilishi kerak:

• suhbatlashishdan oldin xodim o‘zini tanishtiradi va agar so‘ralsa, xizmat guvohnomasi fuqaroga to‘liq tanishib bo‘lgunga qadar ko‘rsatadi (ammo fuqaroning qo‘liga bermaydi);

• fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritishda, muomala madaniyatiga rioya qilgan holda “E-patrul” tizimi orqali identifikatsiyalash uchun planshet yordamida shaxsning barmoq izlari planshetning maxsus skaneri yordamida, agar barmoq izi bilan identifikatsiya qilish imkoni bo‘lmasa, uning yuz tuzilishi (yuzning old tomoni) rasmga olish orqali tekshiriladi;

• muloqotga kirishayotganda xodim hushyorlikni yo‘qotmasdan, o‘zini og‘ir, vazmin tutib, har qanday kutilmagan harakatga tayyor turishi lozim;

• suhbat jarayonida xodim shaxsga nisbatan hurmatsizlik deb qabul qilinishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir etishi shu jumladan uyali aloqa vositasi orqali suhbatlashishi mumkin emas;

• taqdim etilgan hujjatlarni ehtiyotkorlik bilan ko‘zdan kechiradi, hujjatlarni tekshirayotganda uning ichida ishga taalluqligi bo‘lmagan buyumlar bo‘lsa, ularni egasiga qaytaradi (taqiqlangan yoki cheklangan narsalardan tashqari).

Bundan tashqari, xodim kishidan shaxsini tasdiqlashni so‘rasa, birinchi navbatda, uni nega to‘xtatganligi va nima uchun shaxsi bilan qiziqayotganligini tushuntirib berishi shart.

“Biz bilan borasiz, kabinetda gaplashamiz”

Oramizda ko‘pchilikning ichki ishlar bilan o‘z “hikoya”si bor va ularning aksariyati ichki ishlar tayanch punktlari bilan bog‘liq. Kishilarni turli sabablar bilan, masalan, ko‘chaga sigaret chekkanligi, shovqin solganligi yoki tunda shunchaki yurganligi uchun olib ketishgan. Xo‘sh, aslida qanaqa?

Qanday hollarda fuqarolar ichki ishlar organlariga olib boriladi? Yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan kishilar quyidagi hollarda shaxsiga aniqlik kiritish uchun ichki ishlar organlariga olib boriladi:

• uning shaxsini planshetda aniqlab bo‘lmasa;

• qidiruvda yoki bedarak yo‘qolgan shaxs bo‘lsa;

• shaxsini aniqlashga qarshilik ko‘rsatsa;

• jamoat joyida huquqbuzarlik sodir etish vaqtida ushlansa.

Ammo bu hali hammasi emas – g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etganlar, nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlar tayanch punktiga olib borilishi mumkin.

Xo‘sh, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatga nimalar kiradi?

Javob oddiy – ichki ishlar xodimiga yoqmagan har qanday ish. Hech bir qonun hujjatida g‘ayriijtimoiy xatti-harakatga ta’rif berilmagan va uni aniqlash tartibi ham yo‘q.

Shunga qaramay, kishilar bunday ish uchun ichki ishlar organlariga olib boriladi, ammo baribir javobgarlikka tortisholmaydi: g‘ayriijtimoiy xatti-harakat jinoyat ham, ma’muriy huquqbuzarlik ham emas.

Ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish 3 soatdan ortiq davom etishi mumkin emas. Ammo kishi o‘zining shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yashirsa, bu muddat 24 soatgacha uzayadi.

Xodimning talabini bajarmaslik javobgarlikka sabab bo‘ladi

So‘z yakunida aytish kerakki, agar siz chindan ham qoidalarni buzgan bo‘lsangiz, taqdirga tan bering va ichki ishlar xodimi bilan tortishmang. Bu faqatgina o‘zingizga qarshi ishlaydi – xodimning qonuniy talablarini bajarmaslik 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Aybdorning o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lishi yengillashtiruvchi holat va u jazo miqdorini kamaytirishga asos bo‘ladi.

Teskarisi bo‘lsa – o‘zingizni hech qanday qonunni buzmagan hisoblasangiz, xodim bilan suhbat tafsilotlarini imkon qadar yozib oling.Bu audio/video materiallarini ilova qilgan holda xodim ustidan shikoyat qoldirish va aybsizligingizni isbotlashda asqatadi.

Теги :
Jamiyat