$
 12265.77
7.39
 14492.01
36.93
 159.07
-0.42
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi mashinada telefon ishlatsangiz jarima yozilmasligi mumkin: Qoidalarga o‘zgartirishlar kiritildi

qoida

O‘zbekistonda foto va video orqali aniqlanadigan huquqbuzarliklar ro‘yxati tasdiqlandi. Endi ayrim holatlarda qoidabuzar haydovchilarga faqat rasmiy ogohlantirish beriladi. Biroq bu imkoniyat hammaga va har safar berilmaydi. Xo‘sh, qaysi holatlarda ogohlantirish bilan qutulish mumkin?

Qaysi holatlarda ogohlantirish beriladi?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazmaydigan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish qo‘llanishi mumkin. Ogohlantirish — bu rasmiy tanbeh bo‘lib, yozma yoki elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

Bu chora faqat haydovchi qilgan ishidan pushaymon bo‘lsa va boshqa jiddiy qoidabuzarliklar bo‘lmagan holatda qo‘llanadi. Eng muhimi, bunday ogohlantirish bir kishiga bir yil davomida faqat bir marta qo‘llaniladi.

Qaysi qoidabuzarliklar kamera orqali qayd etiladi?

Shuningdek, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video kameralar qaysi qoidabuzarliklarni qayd etishi aniq belgilab qo‘yildi. Ular orasida xavfsizlik kamarini taqmaslik, rulda telefon ishlatish, belgilangan tezlikni soatiga 20 kmgacha oshirish, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish kabi holatlar bor.

Bu qoidabuzarliklar kamera orqali qayd etilsa, ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab 1 oy ichida qo‘llanadi. Agar haydovchi qaror ustidan shikoyat qilsa, jazo 1 yilgacha bo‘lgan muddat ichida qo‘llanishi mumkin.

Bu nimani anglatadi?

Mazkur o‘zgarishlar haydovchilarni darhol jazolash emas, balki ularga mas’uliyatni his qildirishga qaratilgan. Qoidani bilmagan yoki ehtiyotsizlik bilan buzgan haydovchiga ogohlantirish berilib, keyingi safar xato qilmasligi kutiladi. Biroq bu imkoniyatni suiiste’mol qilish mumkin emas. Qoidabuzarlik takrorlansa yoki xavfli holat yuzaga kelsa, jarima va boshqa jazolar avvalgidek qo‘llaniladi.

Теги :
Jamiyat