$
 12209.86
19.29
 14170.76
-132.44
 157.53
0.05
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyo qarz botqog‘ida: Qaysi davlatlar eng ko‘p qarz olgan?

qarz

Bugungi kunda dunyo iqtisodiyotida yana bir muhim tendensiya ko‘zga tashlanmoqda. Davlatlarning qarzi misli ko‘rilmagan darajada oshib bormoqda. So‘nggi yillarda pandemiya, iqtisodiy inqirozlar va global beqarorlik sabab ko‘plab mamlakatlar katta miqdorda qarz olishga majbur bo‘ldi. Natijada ayrim davlatlarda umumiy qarz hajmi mamlakat iqtisodiyoti hajmidan bir necha baravar oshib ketdi.

Xalqaro moliya instituti (Institute of International Finance) tomonidan e’lon qilingan Global Debt Monitor hisobotiga ko‘ra, 2025-yilning to‘rtinchi choragida ayrim yirik iqtisodiyotlarning umumiy qarzi YAIMning 300 foizidan ham oshgan. Bu degani, davlat, kompaniyalar va aholining umumiy qarzi mamlakat iqtisodiyotida bir yil ichida yaratiladigan qiymatdan uch baravar ko‘p.

Hisobotda 35 ta davlatning qarz darajasi solishtirildi. Unda uy xo‘jaliklari, korporativ sektor va hukumat qarzlari birgalikda hisobga olingan.

Gonkong — jahon qarz reytingida yetakchi

Hisobotga ko‘ra, eng katta qarz yukiga ega hudud Gonkong bo‘lib turibdi. Bu yerda umumiy qarz hajmi YAIMning 380 foiziga teng. Xitoyga qarashli ushbu maxsus ma’muriy hududda taxminan 7,5 million aholi yashaydi va iqtisodiyot asosan moliya hamda ko‘chmas mulk bozoriga tayanadi.

Qiziq tomoni Gonkongda davlat qarzi unchalik katta emas — u YAIMning 67 foizini tashkil qiladi. Aholi qarzi ham 86 foiz atrofida bo‘lib, rivojlangan mamlakatlar darajasiga yaqin. Biroq asosiy yuk kompaniyalar qarziga to‘g‘ri keladi. Korporativ qarz 227 foiz bo‘lib, mamlakat umumiy qarzining katta qismini tashkil etadi. Buning asosiy sababi Gonkongdagi ulkan ko‘chmas mulk bozori bo‘lib, bu sohada katta kreditlar bilan ishlash odatiy hol hisoblanadi. Ko‘chmas mulk sektori va unga bog‘liq faoliyat Gonkong iqtisodiyotining qariyb chorak qismini tashkil qiladi.

Eng katta qarzga ega davlatlar

2025-yil oxiridagi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda eng katta qarz yukiga ega hudud Gonkong hisoblanadi. Bu yerda barcha qarzlar — aholi, kompaniyalar va hukumat qarzlari qo‘shib hisoblanganda — iqtisodiyot hajmining 380 foiziga teng. Eng katta ulushni kompaniyalar qarzi tashkil qiladi. U 227 foizga yetadi. Aholining qarzi 86 foiz, hukumat qarzi esa 67 foiz atrofida.

Ikkinchi o‘rinda Yaponiya turibdi. Bu mamlakatning umumiy qarzi 372 foizga teng. Yaponiya iqtisodiyotida ayniqsa hukumat qarzi juda yuqori bo‘lib, u 199 foizga yaqinlashgan. Kompaniyalar qarzi 113 foiz, aholi qarzi esa 60 foizni tashkil qiladi.

Keyingi o‘rinda Singapur joylashgan. Bu mamlakatning umumiy qarz ko‘rsatkichi 347 foiz. Singapurda aholi qarzi 45 foiz, kompaniyalar qarzi 130 foiz, hukumat qarzi esa 172 foizni tashkil etadi.

Ro‘yxatda Fransiya ham yuqori o‘rinda. Bu davlatning umumiy qarzi 326 foizga teng. Aholining qarzi 59 foiz, kompaniyalar qarzi 156 foiz, hukumat qarzi esa 110 foiz. Kanada esa 315 foiz bilan keyingi o‘rinda turadi. Bu yerda uy xo‘jaliklari qarzi 100 foiz, kompaniyalar qarzi 118 foiz, hukumat qarzi esa 97 foizni tashkil qiladi.

Shuningdek, yirik iqtisodiyotlar qatorida Xitoy (298 foiz), AQSh (264 foiz), Janubiy Koreya (249 foiz) va Italiya (236 foiz) ham qarz darajasi yuqori davlatlar qatoriga kiradi. Bu ko‘rsatkichlar shuni anglatadiki, ko‘plab rivojlangan davlatlarda umumiy qarz iqtisodiyot hajmidan bir necha baravar katta bo‘lib ketgan.

Yaponiya — davlat qarzi eng katta mamlakat

Yaponiya umumiy qarz bo‘yicha ikkinchi o‘rinda bo‘lsa ham, bu yerda asosiy muammo davlat qarzida. Mamlakat hukumatining qarzi YAIMning qariyb 200 foiziga teng. Bu ko‘plab davlatlarning umumiy qarzidan ham yuqori.

Bunday vaziyat 1991-yilda Yaponiya iqtisodiy “aktivlar pufagi” yorilib ketganidan keyin boshlangan uzoq iqtisodiy turg‘unlik davrida yuzaga kelgan. O‘sish sekinlashgani sabab hukumat iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun katta miqdorda qarz oldi.

Теги :
Jamiyat