$
 11949.03
-52.91
 13921.81
-52.05
 166.28
-0.39
weather
+26
Кечаси   +14°

Bir oyda 150 ta yopiq qaror: Hokimlar xalqdan nimani yashiryapti?

qaror

Ochiqlik va shaffoflik — bugungi davlat boshqaruvining eng asosiy talabi. Biroq, viloyat va shahar hokimliklari qabul qilayotgan qarorlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, hamma hudud rahbarlari ham jamoatchilik oldida hisobdor bo‘lishni xohlamayapti.

UZ24.uz tahririyati yangi rukn ostida har oy yakunida hududiy hokimliklarning shaffoflik va ochiqlik indeksi bo‘yicha reytingini taqdim etib boradi. “E-qaror” yagona elektron tizimi ma’lumotlari asosida tayyorlangan 2026-yil may oyi reytingi hokimliklar o‘rtasidagi keskin farqlar va xavotirli tendensiyalarni ochiqladi.

Hududlar kesimida vaziyat

Tizimda yopiq qarorlar rasman “shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik yoki boshqa turdagi foydalanishi cheklangan axborot mavjudligi” bilan izohlansa-da, ayrim hududlarda bu ko‘rsatkichning haddan tashqari yuqoriligi jiddiy savollarni tug‘diradi.

Viloyat hokimlari mayda umumiy 661 ta qaror qabul qilgan. Shulardan 509 tasi (77%) ochiq, 152 tasi (23%) yopiq. Hududlar kesimida yopiq qarorlarning foizdagi ko‘rsatkichi quyidagicha ko‘rinish oldi:

  1. Toshkent shahar hokimligi — 63.3%
  2. Surxondaryo viloyati — 35.2%
  3. Xorazm viloyati hokimligi — 34.8%
  4. Jizzax viloyati hokimligi — 26.1%
  5. Namangan viloyati hokimligi — 23.3%
  6. Buxoro viloyati hokimligi — 22.2%
  7. Qashqadaryo viloyati hokimligi — 20.8%
  8. Andijon viloyati hokimligi — 20.0%
  9. Navoiy viloyati hokimligi — 18.8%
  10. Farg‘ona viloyati hokimligi — 13.0%
  11. Sirdaryo viloyati hokimligi — 11.5%
  12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi — 10.3%
  13. Toshkent viloyati hokimligi — 3.7%
  14. Samarqand viloyati hokimligi — 0.0%

Poytaxt hokimligi nega “yashirinish” rejimida?

May oyi reytingining mutloq antirekord yetakchisi Toshkent shahar hokimligi bo‘ldi. Poytaxt ma’muriyati qabul qilgan har 10 ta qaroridan deyarli 6 tadan ko‘prog‘ini (63.3%) jamoatchilik ko‘zidan yashirgan.

Mamlakatning eng yirik iqtisodiy markazi, milliardlab so‘mlik yer auksionlari, yirik qurilish loyihalari va davlat xaridlari markazi bo‘lgan Toshkent shahrida qabul qilingan hujjatlarning yarmidan ko‘pi qanday qilib to‘satdan “maxfiy” yoki “shaxsiy” toifaga kirib qoldi? Nega aynan moliyaviy oqimlar eng kuchli bo‘lgan hudud o‘z qadamlarini sir tutishga moyil?

​Ikkinchi va uchinchi o‘rinlardagi Surxondaryo (35.2%) hamda Xorazm (34.8%) viloyatlarida ham ahvol maqtadadigan darajada emas — har uch qarorning biri jamoatchilikka ko‘rsatilmayapti. Nega bir hududda barcha qarorlarni ochiq e’lon qilish imkoni topilgan bo‘lsa, boshqa hududlarda qarorlarning uchdan biri, hatto yarmidan ko‘pi yopiq qolmoqda?

Ushbu reyting hudud rahbarlarining ochiqlikka bo‘lgan yondashuvini yaqqol solishtirish imkonini beradi. Masalan, ikki qo‘shni hududni solishtiraylik:

— Toshkent shahri: 63.3% yopiq qarorlar.

— Toshkent viloyati: Atigi 3.7% yopiq qarorlar.

Iqtisodiy tabiati, ijtimoiy yuklamasi va aholi zichligi jihatidan bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lgan ushbu ikki ma’muriyat o‘rtasida 17 barobardan ziyod farq mavjud. Bu tizimli muammo emas, balki bevosita birinchi rahbar dunyoqarashi va xohishi bilan bog‘liq omildir.

Salbiy tendensiyalar fonida Samarqand viloyati hokimligi haqiqiy ochiqlik namunasini ko‘rsatdi. May oyida viloyat hokimligi tomonidan qabul qilingan birorta ham qaror jamoatchilikdan yashirilmagan (0%). Demak, u yerda tizimni qonuniy va ochiq yuritishning mutloq imkoni bor.

Siyosiy istak bormi?

May oyi natijalari mamlakatda qarorlarni e’lon qilish bo‘yicha yagona qat’iy standart va nazorat hali to‘liq shakllanmaganini ko‘rsatadi. Ayrim viloyatlar maksimal ochiqlikni ta’minlay olayotgan bir paytda, boshqalari hanuz eskirgan “yopiq kabinetlar” boshqaruv modelidan voz kecha olmayapti.

Ochiqlik masalasi shunchaki quruq statistika yoki reyting emas. Bu davlat organlarining soliq to‘lovchi fuqarolar oldidagi mas’uliyati, jamiyatning islohotlarga bo‘lgan ishonchi belgisidir.

Теги :
Jamiyat