$
 11949.03
-52.91
 13921.81
-52.05
 166.28
-0.39
weather
+26
Кечаси   +14°

“Ona, bu menman, qutqaring!”: Ovoz klonlash firibgarligi qanday ishlaydi?

OVOZ KLONLASH

Tasavvur qiling: tun yarmida telefoningiz jiringladi va javob berdingiz. Telefonda farzandingizni yig‘lab va titrab turgan ovozini eshitasiz. – Ona, men avariyaga uchradim. Shoshilinch pul kerak. Iltimos, yordam bering. Bunday vaziyatda ko‘pchilik sarosimaga tushishi tabiiy. Aynan shu vaziyatdan unumli foydalanayotgan firibgarlar soni ortib bormoqda. Ular AI yordamida odamlarning ovozini o‘xshatib, yaqinlarini aldashga urinishmoqda.Yaqinda Kaliforniyada yashovchi Debora Del Mastro ham shunday qo‘ng‘iroqni qabul qildi. Telefon ortida qizining yig‘lab yordam so‘ragan ovozi eshitilgan. Vahimaga tushgan ona firibgarlarning hisobiga minglab dollar o‘tkazib bergan. Shundan so‘ng qiziga qayta qo‘ng‘iroq qilgan paytda aldanganini bilgan. Ma’lum bo‘lishicha, qizi o‘sha paytda ish joyida tinchgina ishlayotgan bo‘lgan.

Bir necha yil avval bunday voqea fantastik film syujetiga o‘xshab tuyulishi mumkin edi. Bugun esa bu real tahdidga aylangan. AI yordamida yaratilgan ovoz klonlari tobora mukammallashib, odamlarni aldashning yangi quroliga aylanmoqda. Federal Qidiruv Byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, amerikaliklar faqat o‘tgan yilning o‘zida sun’iy intellekt bilan bog‘liq firibgarliklar – ovoz klonlash, soxta xabarlar va romantik firibgarliklar tufayli 893 million dollar yo‘qotgan. O‘zbekistonda esa 2025-yil davomida kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolarga yetkazilgan umumiy moddiy zarar miqdori qariyb 1,9 trillion so‘mni tashkil etgan.

Global statistika

Kiberxavfsizlik kompaniyasi McAfee tomonidan o‘tkazilgan global tadqiqot AI yordamidagi ovozli firibgarliklar tobora jiddiy muammoga aylanayotganini ko‘rsatdi. Yetti mamlakatda 7 mingdan ortiq respondent ishtirok etgan so‘rov natijalariga ko‘ra, har to‘rtinchi katta yoshli inson shaxsan o‘zi yoki yaqinlari orqali sun’iy intellekt yordamidagi ovozli firibgarlik holatiga duch kelgan. McAfee mutaxassislari o‘tkazgan sinovlarda qisqa audio namunalar asosida ovozni 85 foizgacha aniqlik bilan takrorlashga erishilgan. Qo‘shimcha ma’lumotlar bilan modelni o‘qitish orqali bu ko‘rsatkich yanada oshishi mumkin. So‘rov natijalari odamlarning bunday tahdidga tayyor emasligini ham ko‘rsatdi. Respondentlarning 70 foizi sun’iy intellekt yaratgan ovozni haqiqiy inson ovozidan ajrata olishmasligini bildirishgan. Ayniqsa, ota-onalar orasida farzandi nomidan kelgan murojaatlarga ishonish ehtimoli yuqori ekani alohida qayd etilgan.“Sun’iy intellekt ulkan imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Biroq har qanday texnologiya singari u ham noto‘g‘ri maqsadlarda qo‘llanilishi mumkin”, – deydi McAfee kompaniyasining texnik direktori Stiv Grobman. Uning fikricha, AI vositalarining ommalashuvi va foydalanish qulayligi kiberjinoyatchilarga yanada ishonchli firibgarlik sxemalarini yaratish imkonini bermoqda.

Firibgarlar odamlarning ovozini qanday nusxalayapti?

Mutaxassislarning aytishicha, firibgarlarga odamning ovozini nusxalash uchun atigi bir necha soniyalik audioyozuv kifoya qiladi. Bunday yozuvlarni esa ijtimoiy tarmoqlardagi videolar, ovozli xabarlar yoki yashirin ravishda yozib olingan telefon suhbatlaridan olish mumkin. Sun’iy intellekt ushbu namunalar asosida inson ovozining deyarli mukammal nusxasini yaratadi. Keyin firibgarlar qurbonning yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini farzandi, qarindoshi yoki do‘sti sifatida tanishtiradi. Bu yerda yana bir muhim jihat bor. Ko‘pchiligimizga turli kompaniyalar, sog‘lomlashtirish markazlari yoki reklama xizmatlaridan qo‘ng‘iroqlar kelib turadi. Qizig‘i, ular ko‘pincha nafaqat telefon raqamimizni, balki ismimizni ham biladi. Bu esa bugungi kunda aloqa ma’lumotlari turli manbalarda mavjud ekanini ko‘rsatadi. Shu sababli firibgarlar uchun ham insonning telefon raqamini yoki uning yaqinlari bilan bog‘liq ayrim ma’lumotlarni topish avvalgiga qaraganda ancha osonlashgan.

AI yordamida yaratilgan soxta ovozlar bilan birgalikda bu ma’lumotlar firibgarlik sxemalarini yanada ishonchli ko‘rsatishi mumkin.

Ko‘pincha ular odamni sarosimaga soladigan ssenariylardan foydalanadi: go‘yoki yaqin inson avtohalokatga uchragan, o‘g‘irlab ketilgan yoki politsiya tomonidan ushlangan bo‘ladi. So‘ng esa muammoni hal qilish uchun zudlik bilan pul yuborish talab qilinadi. Filadelfiyalik advokat Gari Shildhorn ham shunday firibgarlik nishoniga aylangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘ng‘iroq davomida o‘g‘li yordam so‘ragan “Vaziyatni o‘ylab ko‘rishga vaqt bo‘lmadi. Xayolimda faqat bitta fikr bor edi: o‘g‘limga yordam berish kerak”, – degan u CNN telekanaliga bergan intervyusida. Ayrim holatlarda hattoki jinoyatchilar telefon raqamini ham qalbakilashtirishi mumkin. Natijada ekranda yaqin insoningizning raqami ko‘ringani bilan, qo‘ng‘iroq aslida boshqa manbadan amalga oshirilayotgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

O‘zingizni qanday himoya qilishingiz mumkin?

Ilgari mutaxassislar sun’iy intellekt yaratgan ovozni g‘alati pauzalar yoki noto‘g‘ri ohang orqali aniqlash mumkinligini aytishardi. Biroq texnologiyalar rivojlangani sayin bunday belgilar ham deyarli yo‘qolib bormoqda. Shu sababli ekspertlar ovozning haqiqiy yoki soxtaligini aniqlashga urinishdan ko‘ra, firibgarlik alomatlariga e’tibor qaratishni tavsiya etadi.

Masalan:

  • Suhbatdosh sizni shoshiltiryaptimi?
  • Vaziyatni boshqalarga aytmaslikni so‘rayaptimi?
  • Tezda katta miqdorda pul yuborishni talab qilyaptimi?
  • To‘lovni noodatiy usulda amalga oshirishni so‘rayaptimi?

Agar shunday belgilar mavjud bo‘lsa, darhol pul yubormang. Avvalo yaqin insoningiz bilan boshqa aloqa vositalari orqali bog‘lanishga harakat qiling: xabar yozing, boshqa raqamga qo‘ng‘iroq qiling yoki uning qayerdaligini biladigan tanishlariga murojaat qiling. Mutaxassislar yana bir oddiy, ammo samarali usulni tavsiya qiladi – oilaviy “maxfiy kod so‘z” belgilash. Bu faqat oila a’zolari yoki yaqinlar biladigan so‘z yoki ibora bo‘lishi kerak. Favqulodda vaziyatlarda aynan shu kod yordamida shaxsning haqiqiyligini tekshirish mumkin. Sun’iy intellekt tobora mukammallashib borayotgan bir paytda eng muhim himoya vositasi shoshilmaslik bo‘lib qolmoqda. Bir necha daqiqa tekshiruv ko‘pincha minglab dollar yo‘qotishning oldini olishi mumkin.

Теги :
Jamiyat