$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Tanishing qandli diabetning “uka”si — qandsiz diabet!

diabet

Diabet deganda ko‘pchilik insonlar xalq orasida “saxar” nomi bilan tanilgan qandli diabetni tushunadi. Ammo sog‘liq uchun undan kam bo‘lmagan xavf tug‘diruvchi qandsiz diabet ham borligidan ko‘pchilik bexabar. Xo‘sh qandsiz diabet nima? U qandli diabetdan nimasi bilan farq qiladi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda butun dunyoda bo‘lganidek yurtimizda ham kamharakatlilik, noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida ortiqcha vazn orttirish hamda nosog‘lom turmush tarzi sabab qandli diabet bilan kasallanish holatlari ancha ko‘payib, kasallikning o‘zi esa yildan yilga “yosharmoqda”. Shu qatorida ko‘pchilikka tanish bo‘lmagan qandsiz diabet bilan kasallanish holatlari ham uchrab turibdi.

Me’da osti bezi funksiyasining buzilishi qanday kasallikka olib keladi?

 Ushbu kasallik tanada uglevod va suv aylanishining buzilishi natijasida yuzaga keladi. Me’da osti bezi funksiyasi buzilishi oqibati hisoblanadi. Me’da osti bezi insulin gormonini ishlab chiqaradi. Insulin qandni qayta ishlashda qatnashadi. Bu gormonsiz organizm qondagi glyukoza miqdorini me’yorda ushlab tura olmaydi va uning miqdori oshib ketadi. Natijada organizm ortiqcha glyukozani siydik orqali chiqarib yuborishi kuzatiladi.

Vasopressin gormoni ishlab chiqarilmasligi qandsiz diabetni keltirib chiqaradi

Qandsiz diabetda organizmda peshob ajratishga javob beradigan vasopressin gormoni ishlab chiqarilmaydi yoki u bilan bog‘liq muammo kuzatiladi. Bu gormon ishlab chiqarilmasa yoki unga sezuvchanlik bo‘lmasa haddan ortiq darajada peshob ajraladi va suvsizlanish kuzatiladi. Odam doimiy ravishda chanqaydi, qancha ko‘p suv ichsa ham suyuqlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqib ketadi. Organizm esa suvsizlikdan aziyat chekadi.  

Qandsiz va qandli diabet o‘rtasidagi farq va o‘xshashlik

Qandli diabet 2 turga bo‘linib, birinchisi organizmda insulin yetarli darajada ishlab chiqarilmayotganligi natijasida paydo bo‘lsa, ikkinchisi hujayralarning insulinga sezuvchanligining pasayishi tufayli kelib chiqadi.

Qandsiz diabetni ham ikki asosiy turga ajratish mumkin – markaziy va nefrogen. Ko‘pincha kasallik rivojlanishi organizmda suyuqlikni ushlab turishga javob beradigan vasopressin gormonini ishlab chiqarishdagi muammolar bilan bog‘liq bo‘ladi.

Shuning uchun haddan ortiq darajada ya’ni, bir kunda 5-15 litrgacha peshob ajralib chiqishi, kuchli chanqoqlik hissi bu xastalikning asosiy alomatlaridan hisoblanadi.

Me’da osti bezidagi patologiyalar, gormonal o‘zgarishlar, ayrim dori vositalarining nojo‘ya ta’siri, o‘smalar, irsiy moyillik ham qandsiz diabetga chalinish sabablaridan bo‘lishi mumkin.

Bu belgilar qandli diabetda ham kuzatilishi mumkin. Ammo qandli diabetda ozib yoki semirib ketish, yaralarning sekin bitishi, terining qichishi kabi simptomlar ham uchrab turadi. Diabetning bu ikki turiga barcha yoshdagi kishilar, hatto, bolalar ham chalinishi mumkin.

Qonda kalsiy miqdorining oshishi (giperkalsemiya) va kaliyning kamayishi (gipokaliemiya) ham qandsiz diabet buyrak shakli rivojlanishiga olib keladi.

Qandli diabetni davolash jarayoni muntazam ravishda insulin preparatini qabul qilish va parhez tutishni nazarda tutadi.

Qandsiz diabetda esa, eng avvalo, uni keltirib chiqargan asosiy kasallik o‘chog‘i bartaraf etilib, keyin qo‘shimcha vasopressin saqlovchi gormonal o‘rin bosuvchi terapiya va boshqa muolajalar bajariladi.

Ikkala kasallikni davolashda ham, birinchi navbatda, shifokorga murojaat qilib tegishli tekshiruvlardan o‘tish zarur. Ularning natijalari, xastalik bosqichi bemorning umumiy ahvoliga qarab unga zarur muolaja va dorilar tayinlanadi.

Qandsiz diabet kasalligining sababi haligacha aniqlanmaganligicha qolmoqda. Chunki o‘tkaziladigan barcha tadqiqotlar ushbu kasallikning rivojlanishiga olib keladigan har qanday kasallik yoki omil mavjudligini ko‘rsatmaydi.

“Saxar”ni davolash mumkinmi?

Bugungi kunda qandli diabetni to‘liq davolash ustida haligacha izlanishlar olib borilmoqda. Kasallikning davolashdagi asosiy qiyinchilik shikastlangan organlarni tiklashdir. Ikkinchi turdagi diabetni butunlay davolashning iloji bor, parhez tutilib, tana vazni me’yorga keltirilsa kasallik butunlay yo‘qolib ketadi. Bunda ovqatlanish va jismoniy faoliyat tartiblarini normallashtirish kerak. Ular buzilganda kasallik yana qaytalanadi.

Qandsiz diabet qanday davolanadi?

Bunda birinchi navbatda kasallikka sabab bo‘lgan xastalik bartaraf qilinadi. Kasallik ildizi davolanmagunga qadar, uning asorati sifatida yuzaga kelgan qandsiz diabetni to‘xtatish amri mahol. Dori-darmonlarni qabul qilish bilan birga tarkibida tuz va oqsil moddalari kam bo‘lgan oziq-ovqatlardan tashkil topgan parhezga rioya qilish foydali.

Qandsiz diabetni davolashning asosiy shartlaridan yana biri — organizmni kerakli miqdordagi suyuqlik bilan ta’minlash. Organizmda elektrolit disbalans yuzaga kelmasligi uchun suyuqlik qabul qilishni tartib bilan amalga oshirish lozim. Ko‘p miqdorda suv ichishdan tashqari turli xil mevalar va polivitaminlar qabul qilish tavsiya etiladi.

Qandli diabetdan ehtiyot bo‘ling!

Dunyoning 20 yoshdan 60 yoshgacha deyarli 7% aholisi aziyat chekadigan qandli diabet kasalligi bevaqt o‘limga sabab bo‘lishi bilan yurak-qon tomir va onkologik kasalliklardan keyin uchinchi o‘rinda turadi

Kasallik og‘riqli raqamlarda

1980–2014-yillarda dunyoda diabet bilan kasallanganlar soni 108 milliondan 422 millionga ko‘paygan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 540 millionni tashkil qilmoqda. Xalqaro diabet federatsiyasi bu ko‘rsatkich 2030-yilga borib 643 mln, 2045-yilda esa 783 mln kishiga yetishini prognoz qildi. Bu degani har 2 insonda 1 kishi diabet bilan kasallanishi mumkin degani. O‘zbekistonda 2023-yilda qandli diabet bilan kasallanganlar soni 245 mingdan ko‘proq bo‘lib, ulardan 2,3 mingdan ko‘pi bolalar, 879 nafari esa o‘smirlar tashkil qilgan.