$
 12017.04
26.78
 13712.64
-25.8
 160.63
-1.6
weather
+26
Кечаси   +14°

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi milliard dollarlik tafovut: Migrantlar yuborayotgan mablag‘lar iqtisodiyotga qanday ta’sir qilmoqda?

pul

Markaziy Osiyoda mehnat migrantlari yuborayotgan mablag‘lar millionlab oilalar hayotida muhim o‘rin tutadi. Ayrim davlatlarda bu pullar iqtisodiyotning muhim tayanchlaridan biri hisoblanadi. Boshqa mamlakatlarda esa vaziyat butunlay boshqacha. So‘nggi ma’lumotlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida bu borada juda katta farq borligini ko‘rsatmoqda. Qizig‘i, Qozog‘istondan O‘zbekistonga oqib kelayotgan mablag‘lar hajmi yildan yilga katta bo‘lib qolmoqda.

Xo‘sh, pul o‘tkazmalaridagi katta farq nimadan darak beradi?

Qozog‘istondan pul ko‘proq chiqmoqda

Finprom.kz tahliliga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida Qozog‘istondan xorijga yuborilgan mablag‘lar hajmi 376,3 million dollarni tashkil qilgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 388,8 million dollar edi. Xorijdan Qozog‘istonga kelgan pul o‘tkazmalari ham kamayib, 138,2 million dollardan 128,8 million dollargacha tushgan.

E’tiborli jihati, mamlakatdan chiqib ketayotgan mablag‘lar hajmi kirib kelayotgan pullardan qariyb uch baravar ko‘p. Mutaxassislar fikricha, bu holat ko‘p yillardan buyon saqlanib kelmoqda.

O‘zbekiston eng yirik yo‘nalishlardan biriga aylandi

Qozog‘istondan yuborilayotgan pullarning katta qismi Rossiyaga yo‘naltirilgan. Joriy yilning yanvar–aprel oylarida bu mamlakatga 162,2 million dollar jo‘natilgan. O‘zbekiston 66,5 million dollar bilan ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. Keyingi pog‘onada esa 63,9 million dollar bilan Turkiya joylashgan.

Qozog‘istonga kirib kelayotgan mablag‘lar orasida ham Rossiya yetakchilik qilmoqda. To‘rt oy davomida u yerdan 29 million dollar kelgan. AQShdan 21,6 million dollar, Turkiyadan 16,5 million dollar va O‘zbekistondan 13,7 million dollar yuborilgan.

Tahlilchilar ayniqsa O‘zbekiston bilan bog‘liq raqamlarga alohida e’tibor qaratmoqda. Joriy yilning dastlabki to‘rt oyida Qozog‘istondan O‘zbekistonga yuborilgan mablag‘lar hajmi aks yo‘nalishdagi pul oqimidan deyarli besh baravar yuqori bo‘lgan. Bu holat bugun paydo bo‘lmagan. Masalan, 2015-yilda Qozog‘istondan O‘zbekistonga 23,1 million dollar yuborilgan bo‘lsa, O‘zbekistondan Qozog‘istonga atigi 4,9 million dollar kelgan. 2021-yilda esa bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 114,5 million va 33,3 million dollarni tashkil etgan.

O‘zbekiston dunyodagi eng qaram davlatlar ro‘yxatida

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda dunyo bo‘yicha pul o‘tkazmalarining iqtisodiyotdagi o‘rtacha ulushi YAIMning 0,8 foiziga teng bo‘lgan. Ammo ayrim davlatlarda bu ko‘rsatkich bir necha o‘n baravar yuqori.

Tojikiston 47,9 foiz bilan dunyoda birinchi o‘rinni egallagan. Qirg‘iziston 26,6 foiz, Nepal 26,2 foiz va Gonduras 25,7 foiz bilan yuqori o‘rinlarda qayd etilgan.

O‘zbekiston esa 14,4 foiz natija bilan dunyodagi pul o‘tkazmalariga eng ko‘p bog‘liq 15 ta davlat qatoridan joy olgan. Sobiq ittifoq mamlakatlari orasida O‘zbekistandan yuqoriroq natija faqat Tojikiston va Qirg‘izistonda kuzatilgan.

Qozog‘iston va Rossiyada vaziyat mutlaqo boshqacha

Qozog‘istonda 2024-yilda xorijdan kelgan pul o‘tkazmalari mamlakat YAIMining atigi 0,1 foiziga teng bo‘lgan. Xuddi shunday natija Rossiyada ham qayd etilgan.

So‘nggi o‘n yillik statistika bu tafovut tasodifiy emasligini ko‘rsatmoqda. Qozog‘istonda pul o‘tkazmalarining iqtisodiyotdagi ulushi doim 0,1–0,3 foiz oralig‘ida saqlanib kelgan. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 2014-yildagi 8,4 foizdan 2024-yilda 14,4 foizgacha ko‘tarilgan.

Shuning uchun Qozog‘istonda pul o‘tkazmalari ko‘proq shaxsiy to‘lovlar vositasi sifatida qaraladi. O‘zbekistonda esa xorijdan kelayotgan mablag‘lar nafaqat oilalar daromadi, balki iqtisodiyotning muhim omillaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu farq ikki qo‘shni davlat iqtisodiy modeli o‘rtasidagi eng yaqqol tafovutlardan biri hisoblanadi.

Теги :
Jamiyat