$
 12694.87
-25.13
 13766.32
-61.59
 139.48
-0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Jahon banki: O‘zbekistonda kambag‘allik 2 barobarga qisqargan

Kambag‘allik qisqarishi

Jahon banki 2024-yil 9-mayda “O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish yo‘li: xalqaro taqqoslash dasturi xulosalari” hisobotini e’lon qildi.

Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yuqori natija

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 2015 – 2022-yillarda kambag‘allik darajasi 2 barobarga qisqargani, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yuqori natijaga erishgan. 

Bunda o‘rta daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kiruvchi davlatlar uchun foydalaniladigan xalqaro kambag‘allik chegarasi bo‘yicha O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2015-yildagi 35,9 foizdan 2022-yilda 17,3 foizgacha pasayib, 5,1 million aholi kambag‘allik holatidan chiqarildi. 

         Qishloq joylarda 1,2 million aholi kambag‘allikdan chiqarilgan

Shu bilan birga, hisobotda milliy kambag‘allik chegarasi 2021-yildagi 17 foizdan 2023-yilda 11 foizgacha pasaygani ta’kidlangan. Jumladan, 2021-2023-yillarda qishloq joylarida 1,2 million aholi va shaharlarda 400 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilgan. 

MHTI tahlili

O‘z navbatida, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi iqtisodchilari tomonidan kambag‘allikning qisqarishi va aholi turmush darajasining o‘zgarishini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar tahlil qilindi. Xususan, 2015-2023-yillarda uy xo‘jaliklar soni 6,2 milliontadan 7,3 milliontaga yetganiga qaramasdan 2015-yilda 10 ta uy xo‘jaligidan 4 tasida avtomobil bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda mazkur ko‘rsatkich 6 tagacha yetdi. 

Avtomobil va ko‘chmas mulk masalasi

Shuningdek, ichki bozorda sotilgan yangi yengil avtomobillar soni 2015-yildagi 186 mingdan (mahalliy i/ch – 178,4 mingta; import – 7,2 ming) 2023-yilda qariyb 500 mingtaga (420 mingta; 80 mingta) yetdi. 2017-2023-yillarda 419 mingta fuqaroga 67 trln. so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilib, jami 358 mingta kvartiralik yangi ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi. 

100 ta uy xo‘jalik misolida

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 1991-2016-yillarda 105 mingta kvartirali ko‘p qavatli uylar qurilgan. 100 ta uy xo‘jaligiga to‘g‘ri keladigan kondisionerlar soni 2015 yildagi 32 tadan 2023-yilda 47 taga yetgan. Bunda o‘sish 47 foizni tashkil etadi. Kompyuterlar 47 tadan 66 taga (40 foiz) va changyutgichlar 53 tadan 71 taga yetdi (34 foiz). 

Ta’lim yo‘nalishidagi o‘sishlar

Aholi daromadlarining oshishi xususiy maktablarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirib, ularning sonini 2018-yildagi 30 tadan 2023-yilga kelib 350 tagacha oshirish imkonini berdi. 

Oliy ta’lim muassasalarida talabalar soni 2016/2017-o‘quv yilidagi 270 ming nafardan 2023/2024-o‘quv yilida 1,4 million nafarga yetib, oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 42 foizgacha oshdi. Shuningdek, 2018-2023-yillarda 26 mingdan ziyod nodavlat bog‘chalar tashkil etilib, hozirda ularda 788 ming nafar bola maktabgacha ta’limga jalb qilindi. Natijada maktabgacha ta’lim qamrovi darajasi 2017 yildagi 25,4 foizdan 2023 yilda 74,4 foizga yetdi.