$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

2025-yil 27-fevralning eng muhim voqealari dayjesti

27-fevral dayjesti

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida birinchi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda

Toshkent va Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni tashkil etish bilan bog‘liq masalalar Uzbekistan Airports kompaniyasi va Hunnu Air aviakompaniyasi o‘rtasidagi muzokaralarda muhokama qilindi. Qayd qilinishicha, 2025-yil ikkinchi yarmida ikki davlat o‘rtasida parvozlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qatnovlar Embraer 190 rusumli samolyotlarda amalga oshiriladi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar mavjud emas. Biroq, Uzbekistan Airways, MIAT Mongolian Airlines, Air Astana va boshqa aviakompaniyalar Toshkent va Ulan-Batorni boshqa shaharlar orqali bog‘lovchi tranzit reyslarni amalga oshiradi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Turkiyaning yangi elchisi Ufuk Ulutashdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi. Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligi ham ikki tomonlama, ham mintaqaviy tashabbuslar doirasida jadal rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladilar. “Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz ikki davlat ravnaqi va taraqqiyotiga xizmat qiladi”, – dedi Saidov hamkorlik munosabatlari yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi. Tashqi ishlar vazirligi rahbari ham yangi elchini lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston vakili BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 58-sessiyasida so‘zga chiqdi

24-fevral kuni Jenevada BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 58-sessiyasi boshlandi. 26-fevral kuni sessiyaning Oliy darajadagi segmentida O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori Akmal Saidov nutq so‘zlab, mamlakatning 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiyasi tayyorlanayotganini ta’kidladi. U Universal davriy sharh va BMT shartnomaviy organlari tavsiyalariga asoslangan chora-tadbirlar qamrab olinishini qayd etdi hamda Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi sharoitida inson huquqlarini himoya qilishga oid BMT rezolyutsiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Sessiya davomida global inson huquqlari masalalari muhokama qilinib, Belarus, Afg‘oniston va Eron bo‘yicha maxsus ma’ruzachilar bilan interaktiv muloqot o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonlik olimlar ikkita yangi qo‘ng‘iz turini kashf etdi

O‘zbekistonlik olimlar Buxoro, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston hududida fan uchun yangi bo‘lgan qo‘ng‘iz turlarini aniqladi. Kashfiyot Xorazm Ma’mun akademiyasi doktoranti Norbek Bekchanov va rossiyalik entomolog Maksim Nabojenko tomonidan amalga oshirilgan. Aniqlangan yangi turlarga Microdera uzbekistanica va Microdera abdullohi nomlari berildi. M. uzbekistanica Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi Kuljuktog‘ hududida, M. abdullohi esa Qoraqalpog‘istondagi Sulton-Uvays tog‘ida uchraydi. Ushbu turlar Tenebrionidae oilasiga mansub bo‘lib, asosan tunda faollashuvchi, quruq muhitga moslashgan endemik hasharotlardir. Mazkur kashfiyot xalqaro ekspertizadan o‘tgan va taniqli Zootaxa ilmiy jurnalida chop etilgan. Olimlarning ta’kidlashicha, bu topilma nafaqat O‘zbekiston entomofaunasini, balki global biologik xilma-xillikni ham boyitadi.

Теги :
Jamiyat