$
 12929.92
-20.11
 13496.25
-9.34
 146.25
3.72
weather
+26
Кечаси   +14°
uzbuild

2025-yil 20-fevralning eng muhim voqealari dayjesti

20-fevral dayjesti

Olmaliq va Termizga zamonaviy avtobuslar olib kelinadi

Transport vazirligi Xitoyning “Zhongtong Bus Holdings Co., Ltd” kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Olmaliq shahriga 83 dona, Termiz shahriga esa 100 dona zamonaviy avtobus olib kelish rejalashtirilmoqda. Loyihani moliyalashtirish bo‘yicha CIB banki va “SINOSURE” sug‘urta tashkiloti bilan hamkorlik muhokama qilindi. Shuningdek, boshqa viloyatlar uchun ham kredit va lizing shartlarini yengillashtirish masalasi ko‘rib chiqildi. Yangi avtobuslar jamoat transporti xizmatlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

2 034 ta yirik korxona energiya iste’molini raqamlashtiradi

“O‘zenergoinspeksiya” yirik sanoat korxonalarida elektr energiyasi, tabiiy gaz va neft mahsulotlarini tejash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqdi. Ushbu jarayonni “Uzinfocom” bilan hamkorlikda olti oy ichida raqamlashtirish rejalashtirilgan. ASKUE va ASKUG tizimlari orqali har bir mahsulot birligiga sarflanayotgan yoqilg‘i-energetika resurslari nazorat qilinadi. Shuningdek, ijtimoiy soha obyektlarida quyosh panellari, harakat datchiklari va issiqlik izolyatsiyasi bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqish topshirildi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon ID-kartalarni o‘zaro tan olish masalasini muhokama qilmoqda

Mamlakat elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston va Ozarboyjonning tegishli vazirlik va idoralari vakillari o‘rtasida ikki davlat fuqarolarining ID-kartalarini chegaradan o‘tish uchun rasmiy hujjat sifatida tan olish imkoniyati muhokamasiga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu sa’y-harakat sayohatlarni yengillashtirish va ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Tomonlar fuqarolar harakatini soddalashtirish, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va migratsiya siyosati sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ushbu qadam muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdilar.

ID-kartalardan foydalanish O‘zbekiston va Ozarboyjon fuqarolariga chet el pasportini olmasdan turib chegarani kesib o‘tish imkonini beradi, bu esa sayohat qilish qulayligini oshiradi va mamlakatlar o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlaydi.

O‘zbekiston va Serbiya migratsiya sohasida hamkorlik qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligida Serbiyaga tashrif buyurib, mehnat migratsiyasi, viza tartibini yengillashtirish va o‘zaro huquqiy himoya masalalarini muhokama qildi. Serbiya mehnat bozori o‘zbekistonliklar uchun jozibali sanaladi – katta malaka talab qilinmaydigan ish o‘rinlarida 1000 yevrodan yuqori maosh, ijtimoiy kafolatlar va sug‘urta taqdim etiladi. Ammo hozircha o‘zbekistonliklar vizasiz tarzda Serbiyaga bora olmaydi va viza olish uchun Moskvadagi Serbiya elchixonasiga murojaat qilish talab etiladi. Uchrashuvlar davomida mobillik va migratsiya bo‘yicha hukumatlararo bitim tayyorlash hamda imzolashga kelishib olindi. Shuningdek, ikki davlat konsullik-huquqiy departamentlari o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish, investisiya hamkorligini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Теги :
Jamiyat