$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

2025-yil 16-fevralning eng muhim voqealari dayjesti

16-fevral dayjesti

Hilola Umarova o‘qituvchilarga nisbatan bosimni qoraladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova o‘qituvchilarga nisbatan ko‘payib borayotgan bosim va hurmatsizlik holatlari yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda dars vaqtida sinfxonaga bostirib kirish, o‘qituvchilarni haqorat qilish, hatto zo‘ravonlik qilish kabi holatlar tez-tez muhokama qilinmoqda. Sirdaryoda sodir bo‘lgan so‘nggi voqea ham shular jumlasidandir.

“Maktabga kimdir istagancha kirib-chiqishi yoki pedagog faoliyatiga aralashishi mumkin emas. O‘qituvchiga nisbatan hurmatsizlik aniqlansa, huquq-tartibot idoralariga darhol murojaat qilamiz!” – deydi vazir.

Shuningdek, Hilola Umarova o‘qituvchilarni qonun himoya qilishini ta’kidlab, ularning qadr-qimmatini saqlash uchun barcha choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Kuvaytda boʻladi

Shavkat Mirziyoyev Kuvayt Davlati Amirining taklifiga binoan 17-18-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tashrif dasturiga muvofiq, Al-Kuvayt shahrida oliy darajada ikki tomonlama muzokaralar hamda ushbu mamlakat hukumati aʼzolari, yetakchi kompaniyalari va bank-moliya tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtadi.

Sammit kun tartibidan Oʻzbekiston-Kuvayt doʻstlik va koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, savdo, innovatsiyalar, investitsiya va moliya, “yashil” energetika, sanoat kooperatsiyasi va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari oʻrin olishi koʻzda tutilgan.

Jiddada Islom olami madaniyat vazirlari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

12-13 fevral kunlari Jidda shahrida Islom dunyosi Madaniyat vazirlarining 13-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi. Tashrif doirasida Nazarbekov ICESCO bosh direktori Salim Al-Malik va Saudiya madaniyat vaziri shahzoda Badir bin Abdulloh bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi madaniy, ilmiy va turizm aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Nazarbekov O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni eslab, Imom al-Buxoriy, Mahmud az-Zamaxshariy va Abu Iso at-Termiziy kabi buyuk allomalarning Makka va Madinada ilmiy faoliyat yuritganini ta’kidladi.

O‘zbekiston U-20 Indoneziyani mag‘lub etib, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

Xitoyda davom etayotgan Osiyo kubogi guruh bosqichi doirasida O‘zbekiston U-20 terma jamoasi Indoneziya bilan bahs olib bordi. Ilk turda Eronga 0:3 hisobida yutqazgan Indoneziya jamoasi bu safar ham o‘zbekistonlik yosh futbolchilarga qarshi samarali o‘yin ko‘rsata olmadi.

Shenchjendagi “Yoshlar futbol bazasi markaziy stadioni”da o‘tgan bahsda O‘zbekiston terma jamoasi 3:1 hisobida g‘alaba qozondi va keyingi bosqich yo‘llanmasini naqd qildi.

Теги :
Jamiyat