$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

2025-yil 25-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

25-yanvar dayjesti

Otabek Nazirovga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni berildi

Prezident Farmoni bilan opera artisti Nazirov Otabekka “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni berildi. Bu haqida Prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.

O‘zining yorqin iste’dodi, ijro mahorati bilan o‘zbek opera san’atini va milliy madaniyatimizni rivojlantirish, uning shon-shuhratini yuksaltirishga qo‘shgan munosib hissasi, xalqaro miqyosda ijodiy aloqalarni mustahkamlash, xalqimizni jahon mumtoz musiqasidan bahramand etish, yoshlarning san’at olamiga qiziqishi va mehrini oshirish, ularni Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ibratli ishlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun O‘zbekiston davlat simfonik orkestri opera artisti Nazirov Otabek Baxadir o‘g‘liga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni berilsin, deyiladi xabarda.

Ishga kirishda byurokratik to‘siqlar bartaraf etiladi

Senatning uchinchi yalpi majlisida “Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi. Unga ko‘ra, mehnat shartnomalarini elektron shaklda tuzish imkoniyati joriy etiladi. Elektron shartnomalar “Yagona milliy mehnat tizimi” orqali rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, ishga kirish jarayonida pasport yoki ID-karta ma’lumotlari, mehnat daftarchasi haqida ma’lumotlarni fuqarolardan talab qilish o‘rniga, davlat organlari o‘zlari so‘rab oladi. Qonun xodimlarni noqonuniy ishdan bo‘shatish va homilador yoki farzandi bor ayollarni ishdan bo‘shatishga taqiqni nazarda tutadi.

Konsert reklamasida fonogramma haqida ma’lumot berish majburiy bo‘ladi

Senatning uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jonli ijro san’atini yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.

Mazkur qonunga ko‘ra:

• Davlat madaniy konsert-tomosha tadbirlarida jonli ijro va fonogrammadan foydalanish darajasi belgilab boriladi;

• Konsert dasturida ijrochilar va mualliflar haqida to‘liq ma’lumot ko‘rsatilishi shart;

• Konsert reklamasida fonogramma darajasi haqida ma’lumot reklama maydonining kamida 10 foizida aks ettirilishi kerak.

Senatorlarning ta’kidlashicha, yangi normalar musiqa sohasini rivojlantirishda, yangi iste’dodlarni kashf qilishda va san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynaydi.

O‘zbekiston fuqarolarini Avstraliyada ishga joylashtirish boshlanadi

Mamlakat fuqarolarini Okeaniyada ishga joylashtirish uchun O‘zbekistonda Kingston International College o‘quv markazlari ochiladi.

TIV binosida vazir o‘rinbosari Olim Abdullayev Singapurning Kingston International College instituti rahbari Benson Mah Xok Onn hamda ushbu kompaniyaning Avstraliyadagi filiali direktori Uelli Valid Ruda bilan uchrashuv o‘tkazdi.

TIV ma’lumotiga ko‘ra, Kingston International College kasbiy ta’lim va ta’limga ixtisoslashgan xususiy ta’lim muassasasidir. Oliygoh biznes, mehmondo‘stlik, turizm, davlat xizmatlari va ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga intilayotgan talabalar uchun keng ko‘lamli dasturlarni taklif etadi.

Suhbat chog‘ida mehnat migratsiyasi va O‘zbekiston fuqarolarini Avstraliyada tashkiliy ishga joylashtirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar mamlakat fuqarolarini Okeaniyada ishga joylashtirish uchun O‘zbekistonda Kingston International College o‘quv markazlarini ochishga kelishib oldilar.

Erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi O‘zbekiston fuqarolarining Avstraliya mehnat bozoridagi imkoniyatlarini kengaytiradi.

Теги :
Jamiyat