$
 12915.18
10.27
 13291.01
-152.03
 115.31
-11.2
weather
+26
Кечаси   +14°

2025-yil 2-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

2-yanvar dayjesti

Shaxmatchimiz “Muscat International Chess Championship 2024” g‘olibi bo‘ldi

O‘mon poytaxti Maskat shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan “Muscat International Chess Championship 2024” turnirida o‘zbekistonlik shaxmatchilar muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Bahslar davomida grossmeysterlik unvonini qo‘lga kiritgan Ortiq Nigmatov 9 imkoniyatdan 8 ochko to‘plab turnir g‘olibiga aylandi.

Musobaqada 5-raqam ostida tasniflangan Nigmatov bahslar davomida 7 g‘alaba va 2 durang qayd etdi. U 8-turda musobaqaning birinchi tartib raqamli shaxmatchisi hamyurtimiz Abdumalik Abdusalimov bilan murosa yo‘lini tanladi. Turnirda 2-o‘rinni 7,5 ochko bilan eronlik Maxdi Golami Orimi egalladi. 3-o‘rinni 6 ta g‘alaba, 3 ta durang qayd etgan hamyurtimiz Abdumalik Abdusalimov (7,5 ochko) band etdi. 4- va 5-o‘rinlardan joy olgan misrlik shaxmatchilar Hamed Vafa va Adham Favzi ham 7,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lishdi.

O‘zbekistonlik yana bir shaxmatchi Aleksey Barsov 7 ochko to‘plagan holda 206 nafar ishtirokchi orasida 10-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Toshkent metrosi uchun 12 ta vagon olib kelindi

Bu haqda Toshkent metropoliteni xabar berdi. Ma’lumki, Toshkent metropoliteni dekabr oyida ilk marotaba bir kunda million nafardan ortiq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatgan edi.

“Metropolitan foydalanuvchilarining ko‘payib borishi o‘z navbatida xizmat ko‘rsatish sifatida ta’sir qilayotgan, tiqilinch va noqulaylik ortib borayotgan edi. Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida 3 ta yangi harakat tarkiblari (12 ta metro vagoni) metro vagon parkiga olib kelindi”, deyiladi xabarda.

Ushbu harakat tarkiblari belgilan yo‘riqnomaga asosan, 9-10 kun davomida texnik sinovdan o‘tkazilib, so‘ngra yo‘lovchilarga xizmat qilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi yilning ilk kunida O‘zbekistonda 1641 nafar chaqaloq dunyoga keldi

Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilishicha, Yangi yilning birinchi sutkasida O‘zbekistonda 1641 nafar chaqaloq dunyoga keldi.

2018-yilning xuddi shu kuni 1961 nafar, 2019-yilda 1708 nafar, 2020-yilda 1974 nafar, 2021-yilda 1644 nafar, 2022-yilda 2316 nafar, 2023-yilda 2155 nafar, 2024-yilda esa 1859 nafar chaqaloq tug‘ilgan edi. 

2025-yil 1-yanvar kuni dunyoga kelgan go‘daklarning:

845 nafari qiz

796 nafari o‘g‘il. 

Eng ko‘p chaqaloq Farg‘ona viloyatida (244 nafar) tug‘ildi.  

Dunyoga kelgan ushbu bolalar orasida 23 egizak (jami 47 nafar bola) bor, ya’ni 22 tasi (44 nafar bola) ikki homilalik, 1 tasi (3 nafar bola) esa uch homilalik egizakdir.

“Afrosiyob”ning Kattaqo‘rg‘on bekati tashkil etiladi

Bu davlatimiz rahbarining 2024-yil 29-noyabrda qabul qilgan “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Samarqand viloyatining tuman (shahar)larini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi”da ko‘zda tutilgan.

Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga 2025 yilda “Afrosiyob” poyezdining “Toshkent – Buxoro” yo‘nalishida Kattaqo‘rg‘on punktiga to‘xtab o‘tishini hamda “Samarqand – Kattaqo‘rg‘on” elektr poyezdi yo‘nalishlarini tashkil etish vazifalari topshirilgan. Shuningdek, “Bulung‘ur – Samarqand shahri - Juma – Kattaqo‘rg‘on shahri” yo‘nalishida elektr poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Buning uchun zamonaviy poyezd vagonlari olib kelish, oraliq to‘xtash temiryo‘l bekatlari infratuzilmasini yaxshilash rejalashtirilgan.

Теги :
Jamiyat