$
 12948.10
-9.04
 14696.09
-6.38
 156.93
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

2025-yil 18-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

18-yanvar dayjesti

Farg‘ona viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Farg‘ona viloyati hokimligining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha yangi o‘rinbosari etib Hakim Dolimov tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. Dolimov avval viloyat iqtisodiy bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi, viloyat hokimining kotibiyati mudiri, shuningdek, “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasiga rahbarlik qilgan.

O‘zbekiston maktablarida Kembrij dasturi joriy etilishi tezlashadi

Cambridge University Press and Assessment tashkiloti vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston ta’lim tizimiga Kembrij dasturlarini joriy etish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi ma’lum qildi.

Tashkilot vakili Stiv King O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi islohotlarini yuqori baholab, xalqaro standartlarni joriy etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va o‘quv dasturlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni jadallashtirishga tayyor ekanini bildirdi.

Turkiyada zaharlanish oqibatida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari vatanga jo‘natiladi

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi qalbaki spirtli ichimliklarni iste’mol qilish oqibatida vafot etgan vatandoshlarning jasadlarini vatanga qaytarish uchun zarur hujjatlarni tayyorlamoqda. Konsullik xabariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning umumiy soni 17 nafarga yetgan, besh nafar fuqaro esa shifoxonada davolanmoqda. Ayrimlar uyda davolanishni afzal ko‘rmoqda.

Bosh konsullik zarur yordam ko‘rsatishni davom ettirmoqda va vaziyat ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilganini ma’lum qildi.

Urganchdan Qo‘ng‘irotga yangi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda

“Uztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumani hududidan o‘tadigan yangi ko‘prik orqali “Urganch-Qo‘ng‘irot-Urganch” yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati xabar berdi.

Poyezd har kuni Urganchdan soat 6:00 da, Qo‘ng‘irotdan esa 13:24 da harakatlanadi. Ko‘prik 2024-yilning 29-fevralida Prezident ishtirokida foydalanishga topshirilgan edi.

Теги :
Jamiyat