$
 12948.10
-9.04
 14696.09
-6.38
 156.93
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

2025-yil 12-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

12-yanvar dayjesti

“Faxriy donor” ko‘krak nishoni egalariga jamoat transportlari bepul bo‘lishi mumkin

“O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yo‘nalishi va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish, sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqini berish kabi imtiyozlar nazarda tutilmoqda.

SSV tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va ayni vaqtda Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasida ushbu yangilik ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini shakllantirish, donorlik harakatini keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish hamda qon donorlarini rag‘batlantirishga qaratilgan qonun loyihasi bilan, “Faxriy donor” ko‘krak nishoni egalariga beriladigan bir martalik pul mukofoti miqdori oshirilmoqda.

Qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari muhokamasiga kiritish uchun tayyorlanyapti.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif O‘zbekistonga keladi

Pokiston ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarga ko‘ra, fevral oyiga rejalashtirilgan tashrif chog‘ida Shahboz Sharif O‘zbekistonga tranzit savdosi uchun Karachi portidan foydalanishni taklif qilishi kutilmoqda.

Joriy yil fevral oyining uchinchi haftasida Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Ozarbayjon va O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib The News International nashri xabar berdi. “Pokiston o‘zining “Vision Central Asia” siyosatiga muvofiq Markaziy Osiyo davlatlari hamda Kavkazning muhim davlatlari bilan aloqalarni kuchaytirmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Shahboz Sharif ikki kunlik tashrifi davomida O‘zbekistonga tranzit savdosi uchun Karachi portidan foydalanishni taklif qiladi, shuningdek, muhim savdo shartnomalarini imzolaydi. Unga mamlakat tashqi ishlar vaziri Muhammad Ishoq Dar, bir qancha vazirlar hamda biznes doira vakillari hamrohlik qiladi.

Shahboz Sharifning Bokuga tashrifi esa Ilhom Aliyevning taklifiga muvofiq amalga oshirilmoqda. Tashrif davomida bir qancha iqtisodiy kelishuvlar imzolanadi.

2025-yilda misni qayta ishlash darajasi 75 foizga yetkaziladi

Bu haqda Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan elektrotexnika sohasidagi natijalar va galdagi vazifalarga oid taqdimotda aytildi. “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisiga ko‘ra, bu yil hududlarda $4 milliardlik 290 ta yangi loyihani boshlab, $600 mln. investisiya o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Mutasaddilar eksportni yiliga $3 milliardga, ishlab chiqarish hajmini 50 trillion so‘mga yetkazish imkoniyati borligini qayd etdi.

Mahsulotlar sotilishi uchun vazirlik va sanoat tarmoqlari kesimida 15 trillion so‘mlik kafolatli bozor ham tashkil qilinmoqda. Ijtimoiy ob’yektlar uchun qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini mahalliy korxonalardan xarid qilish tartibi ishlab chiqilmoqda.

Davlat rahbari bu soha yashil iqtisodiyot uchun, barqaror rivojlanish uchun juda muhim ekanini ta’kidladi. Shu bois joylardagi barcha imkoniyatlarni ishga solish, tadbirkorlarga infratuzilma, moliya va xomashyo jihatidan qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari doktor Xans Klyug 100 nafar falastinlik bemor, jumladan, ayollar va bolalar hamda ularning hamrohlarini davolanish uchun evakuatsiya qilgani uchun O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirdi.

“Bu rahmdil va hayotni saqlab qolish uchun qilgan harakatlaringiz uchun rahmat O‘zbekiston” – deydi Klyug o‘zining X tarmog‘idagi sahifasida.

Shuningdek, Xans Klyug JSST Yevropa mintaqaviy byurosiga a’zo 12 davlat bemorlarni qabul qilganini, ularning harakatlari boshqalarni ilhomlantirishiga umid qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azodan tashqarida 12000 dan ortiq bemor shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj.

Теги :
Jamiyat