$
 12933.16
-14.94
 14719.23
23.14
 158.28
1.35
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

2024-yil 4-dekabrning eng muhim voqealari dayjesti

4.12.

Toshkent xalqaro aeroportida parvozlarni qabul qilish yana cheklandi

Toshkent xalqaro aeroportida 4-dekabr kuni havo kemalarini qabul qilishga cheklovlar joriy etildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

3-dekabrda ham Toshkent xalqaro aeroportida tuman sababli samolyotlarni qabul qilish vaqtincha cheklangandi. Shu kuni quyidagi reyslar Samarqanddagi muqobil aerodromga yo‘naltirildi:

Silk Avia aviakompaniyasining Farg‘ona-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha US402;

Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Bishkek – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY778;

UTair aviakompaniyasining Surgut-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha UTA-709;

Centrum Air aviakompaniyasining Dubay-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha MFX-352.

Shavkat Mirziyoyev Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori bilan uchrashuv o‘tkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bosh direktori Rafael Grossi o‘rtasida 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni tubdan kengaytirish va amaliy sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ilgari surish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston 1994-yildan buyon XAEA aʼzosidir. Bu davr mobaynida ushbu nufuzli tashkilotning texnik ko‘magini jalb etgan holda 40 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirildi. Hozirda milliy tuzilmalarning huquqiy bazasi va salohiyatini takomillashtirish, yadro fani, tibbiyotini rivojlantirish bo‘yicha va boshqa yo‘nalishlarda 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbari XAEA delegatsiyasi bugun O‘zbekiston vazirliklari, idoralari va ilmiy muassasalarida o‘tkazgan uchrashuv va tadbirlarning natijalarini yuqori baholadi. 5-dekabr kuni Samarqand shahrida sohadagi yetakchi xorijiy ekspertlar ishtirokida bo‘lib o‘tadigan Atom energiyasidan foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya birgalikda tashkil etilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Milliy agentliklarning kompetensiyalari va salohiyatini oshirish, XAEA dasturlari doirasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yadro energetikasi, qishloq xo‘jaligi, suvdan foydalanish, sog‘liqni saqlash, ekologiya sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tinch atom sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish yuzasidan qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston 2027-yilda qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

Toshkent Olimpiya o‘yinlari oldidan 2027-yilgi qilichbozlik bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Bu 30-noyabr kuni Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) kongressida ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Musobaqa 2027-yilning 20−28-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi va Los-Anjelesda 2028-yil 14−30-iyul kunlari o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlariga saralashda muhim rol o‘ynaydi. Chempionatda to‘plangan ochkolar sportchilarning Olimpiya o‘yinlariga saralanishiga ta’sir qiladi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan ushbu kongressda kelib chiqishi O‘zbekistondan bo‘lgan rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov FIE prezidenti etib saylandi. Uning saylovlardagi raqibi Shvetsiya qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Otto Drakenberg bo‘ldi. Usmonov 120, Drakenberg 26 ovoz oldi. Ukraina bu qarordan noroziligini bildirdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova tashkilot ijroiya qo‘mitasiga qo‘shildi. Tadbir davomida yil yakuni bo‘yicha taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Yilni yoshlar o‘rtasidagi jahon reytingida yetakchi sifatida yakunlagan O‘zbekiston qilichbozlik terma jamoasi vakili Fernanda Errera taqdirlandi.

Germaniyaning Rhenus Group kompaniyasi bilan Andijonda logistika markazi tashkil etildi

Germaniya kompaniyasi bilan Andijonda logistika markazi tashkil etildi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 29-noyabr kuni “O‘ztemiryo‘lkonteyner” va Germaniyaning “Rhenus Group” kompaniyalari o‘rtasida ta’sischilar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda davlat kompaniyasi boshqaruvi raisi Akmal Kamalov hamda “Rhenus Group"ning vakolatli vakili Geynrix Kerstgens tomonidan “UzContargo Andijon” qo‘shma korxonasini tashkil etish bo‘yicha ta’sis hujjatlari va tegishli bayonnoma imzolandi.

Davlat rahbarining 2023-yilning sentabr oyidagi Germaniyaga tashrifi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniya bilan bu bo‘yicha kelishuvga erishgandi. O‘sha yilning oktabrida qabul qilingan prezident qarori bilan kompaniya ishtirokida Andijonda logistika markazini tashkil etish belgilandi.

“UzContargo Andijan” qo‘shma korxonasi Andijon logistika markazi negizida qayta tashkil etilib, 2024−2026 yillarda loyihaga 20 mln yevro investitsiya yo‘naltiriladi. Unda konteyner blok-poyezdlarini tashkil etish, vagon va konteynerlarni ortish-tushirish, saqlash ishlari, multimodal eshikdan-eshikkacha xizmatlarini ko‘rsatish rejalashtirilgan. Xususan, markazda yiliga 250−300 ming tonna yukni qayta ishlash mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, Germaniya kompaniyasining Samarqanddagi avtomobil-temir yo‘l yuk terminallarini boshqarish va kengaytirishga yordam berishi ma’lum bo‘lgan. “Rhenus” “O‘zbekiston temir yo‘llari"ga temir yo‘l orqali yuk tashish hajmini umumiy oshirishda yordam beradi.