$
 12920.48
-7.79
 13436.01
-26.2
 130.17
0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 26-dekabrning eng muhim voqealari dayjesti

dayjest 26.12.

Zo‘ravonlik qurboni bo‘lganlar uchun xavfsiz boshpanalar tashkil etilishi mumkin

O‘zbekiston elchixonasi mutasaddilari Janubiy Koreya poytaxtidagi “Taktin” bolalarni himoya qilish markazi rahbari Li Xyunsuk bilan muzokara o‘tkazdilar. Uchrashuv davomida mamlakatda ijtimoiy yo‘nalishda olib borilayotgan siyosat, jamiyatning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, aholining turmush darajasini yaxshilash, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida malumot berildi. Oilaviy zo‘ravonlik qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash markazlari faoliyati, jumladan, tibbiy, huquqiy, psixologik va xavfsizlik xizmatlarini bir joyda ko‘rsatish hamda zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar va bolalar uchun xavfsiz boshpanalarni tashkil etish bo‘yicha Janubiy Koreyaning boy tajribasini o‘rganishning muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning huzuridagi tegishli tashkilotlar xodimlari uchun trening hamda malaka oshirish dasturlarini uyushtirish, shuningdek, ayollar va bolalar himoya markazlari hamda “Taktin” markazi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shavkat Mirziyoyev aviahalokatda ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan Ilhom Aliyevga hamdardlik bildirdi

Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevga Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida yo‘lovchi samolyoti halokati oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.

Prezident matbuot xizmatining bilidirishicha, davlat rahbari Ozarbayjon yetakchisi orqali halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik va dalda so‘zlarini yo‘lladi, jabrlanganlarning barchasi tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

O‘zbekiston prezidenti samolyot halokatga uchragani munosabati bilan Ozarbayjon va Rossiya prezidentlariga 25-dekabr kuni ham hamdardlik yo‘llagandi. Bokudan Grozniyga uchayotgan Embraer 190 yo‘lovchi samolyoti 25-dekabr kuni Qozog‘istonning Oqtov shahrida qulab tushgandi. Samolyot Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli bo‘lib, bortida 69 kishi, jumladan, 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. 

Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Kanat Bozumbayev hodisa oqibatida 38 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Qosim-Jo‘mart To‘qayev samolyot halokatini tekshirish bo‘yicha komissiya tuzishni buyurgan. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev aviafojia munosabati bilan Rossiyadagi MDH sammitiga qatnashmay, Bokuga qaytgan.

O‘zbekistonda pedagoglarni kasbiy rivojlantirishning yangicha tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” qarori qabul qilindi. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi — xodimlarning kasbiy kompetentligini zamonaviy talablar bilan uyg‘unlashtirish, muntazam ravishda rivojlantirib borish imkoniyatini beruvchi tizim.

Prezidentning 2024-yil 21-iyundagi qaroriga muvofiq 2025-yil 1-yanvardan boshlab uzluksiz kasbiy rivojlanish vertikal tizimi (vazirlik—malaka oshirish muassasasi—ta’lim tashkiloti) joriy etilishi belgilangan. U maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarining kasbiy ehtiyojlari va malaka toifasidan kelib chiqqan holda tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlariga asoslangan. Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlari uchun ishdan ajralgan holda har besh yilda bir marta o‘tkaziladigan malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Rahbar kadrlar uchun malaka oshirish kurslari menejerlik o‘quv kurslari asosida, pedagog kadrlar va mutaxassislar uchun esa ularda zamonaviy malakalarni shakllantirishga qaratilgan variativ (tanlov) va invariant (majburiy) modullardan iborat ta’lim dasturlari bo‘yicha tashkil etiladi. Hukumat qarori bilan Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlanishini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Zomin aeroporti 27-dekabrdan yana ochiladi

Silk Avia 27-dekabrdan boshlab Toshkent — Zomin — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni tiklaydi, deya xabar qilmoqda aviakompaniya matbuot xizmati. 25-dekabr kuni O‘zgidromet katta aviabortlarni qabul qilish bo‘yicha ikkinchi bosqich ta’mirlash va qayta jihozlash ishlar boshlanishi munosabati bilan Zomin aeroporti vaqtincha yopilgani haqida xabar bergandi.

Bir tomonlama aviachiptalar narxi 121 ming so‘mdan boshlanadi, reyslar har kuni amalga oshiriladi, deya aniqlik kiritdi aviakompaniya.

Turistik-rekreatsion yo‘nalish faol rivojlanayotgan Jizzax viloyati Zomin tumanidagi aeroport qurilishi iyul oyi oxirida boshlangan va 2023-yil avgust oyi oxirida yakunlangan. Dastlab, aeroport Let L-410 tipidagi yengil samolyotlarni qabul qilgan. Bir yil o‘tgach, uchish-qo‘nish yo‘lagi magistral samolyotlarni qabul qilish uchun rekonstruksiya qilingani ma’lum bo‘lgandi.

Теги :
Jamiyat