$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 10-dekabrning eng muhim voqealari dayjesti

10.12. positive dayjest

Qozog‘iston bilan chegara yaqinida to‘qimachilik ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Qozog‘istonning Savdo va integratsiya vaziri Arman Shaqqaliyev O‘zbekiston bilan chegaradagi markaziy bazada to‘qimachilik ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Kazinform axborot agentligi.

“Markaziy Osiyo” xalqaro ishlab chiqarish kooperatsiyasi markazi mintaqadagi eng yirik yuk oqimlarini birlashtirish, qayta ishlash va taqsimlash, “Shimol-Janub” yo‘lagi doirasida ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish markazi bo‘ladi.

Shuningdek, markaz bazasida “Global Textile” kompaniyasining tayyor to‘qimachilik loyihasi amalga oshirilishini ma’lum qildi.

“Markaziy Osiyo” xalqaro ishlab chiqarish kooperatsiyasi markazining tashkil etilishi chegaraga yaqin davlatlar bilan o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, ikki davlat ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rag‘batlantiradi. O‘z navbatida, bu yaqin 5 yilda tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazishga xizmat qiladi, – dedi vazir.

Toshkent va Madrid o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston elchixonasida Ispaniyaning Summer Wind kompaniyasi bosh direktori Elena Ledo Gomes va GSA Spain kompaniyasi bosh menejeri Mariya Tereza de Dios bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida turizm aloqalarini yanada rivojlantirish, Toshkent va Madrid o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, ushbu tashabbuslar ispaniyalik sayyohlarning O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosiga, jumladan, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga qiziqishi ortib borayotgani bilan bog‘liq. Shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar parvoz vaqtini qisqartirishi va ikki davlat o‘rtasidagi sayyohlik oqimini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Bugungi kunda Ispaniya O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni bo‘yicha mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlari mavjud bo‘lmagan Yevropa davlatlari orasida yetakchi o‘rinni egallaydi.

Uchrashuv yakunida tomonlar aviatsiya va turizm sohalarida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

Alisher Muratov Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi

Alisher Akmalovich Muratov Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Alisher Muratov 2020-yil avgust oyidan 2023 yil oktyabr oyiga qadar Biznesni rivojlantirish banki (sobiq Qishloq qurilish banki) da boshqaruv raisi sifatida, undan oldin esa boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritgan.

Hozirgacha esa Biznesni rivojlantirish banki boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. Avvalroq Zafar Azimov bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

2025-yilda Toshkent viloyatida 700 mingdan ortiq odamning bandligi ta’minlanadi

Bugun Prezident Sh. Mirziyoyev Toshkent viloyatida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, ish o‘rni va investisiyani ko‘paytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda viloyatda qishloq xo‘jaligi, xizmatlar, turizm, umuman, barcha sohalarda juda katta imkoniyatlar mavjud ekanligi, so‘nggi yetti yilda hudud iqtisodiyoti 1,5 barobar o‘sib, sanoat korxonalari 2 barobar ko‘payib, 12 mingtaga yetgani alohida e’tirof etildi. Yig‘ilishda kelgusi rejalar muhokama qilindi. Unga ko‘ra:

2025-yili meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 7 ta tumanda 52 ming gektarda 3-marta hosil olish yo‘lga qo‘yiladi

2025-yili Toshkent viloyatida 700 ming odamning bandligini ta’minlab, ishsizlikni tabiiy darajasigacha tushirish rejalashtirilmoqda

Shuningdek, 22 ming oilani daromadli qilib, kambag‘allikni hozirgi 7,2 foizdan 4 foizga kamaytirish, mehnat migrantlarini mamlakatga qaytarib, ishga joylashtirish vazifa qilib olindi. Qolaversa, yig‘ilishda Zoyir Mirzayev 2025-yili 5 mlrd. dollar investisiya jalb etish hamda eksportni 2 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.