$
 12825.43
-12.9
 13493.63
-4.59
 120.98
1.28
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 5-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

11 5

Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda shamol turbinalari uchun parrak ishlab chiqarmoqchi

Xitoyning Sino-Wind Energy kompaniyasi O‘zbekistonda shamol generatorlari uchun parraklar ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etishni rejalashtirmoqda.

O‘tgan haftada Navoiy viloyatida Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan taqdimotda aytilishicha, loyiha qiymati 50 million dollarga baholanmoqda. 400 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, loyihada milliy kontent (mamlakat ichida ishlab chiqarilgan va taqdim etilgan mahsulot, xizmatlar, texnologiyalar va ishchi kuchining ulushi) 10 million dollar (20 foiz) miqdorida baholanmoqda. Mahalliy xomashyoning ishlab chiqarishdagi ulushi 28 foizni (14 million dollar) tashkil etadi. Shu bilan birga, loyihani amalga oshirish orqali 82 million dollar miqdoridagi importni 100 foiz qoplash rejalashtirilgan.

Korxonaning ishga tushirilishi 2025-yil 20-dekabrga kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar sammitida ishtirok etadi

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov taklifiga binoan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun 5—6-noyabr kunlari amaliy tashrif bilan Bishkekda bo‘ladi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, bu galgi sammit kun tartibidan tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari o‘rin olgan. Har doimgidek, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik aloqalarini rag‘batlantirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish vazifalari e’tibor markazida bo‘ladi.

Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadi.

 9 oyda 1,4 mlrd. dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilingan

 Statistika agentligi ma'lumotlariga koʻra, 2024-yil yanvar-sentyabr oylarida Oʻzbekiston oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 1,44 mlrd. AQSh dollarini tashkil qildi. Eksport qilingan oziq-ovqat mahsulotlari turkumlanishi quyidagicha:

Sabzavotlar va mevalar – 1,1 mlrd. AQSh dollari

Donli ekinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar – 262,2 mln. AQSh dollari

Goʻsht va goʻsht mahsulotlari – 34,7 mln. AQSh dollari

Sut mahsulotlari va qush tuxumlari – 29,6 mln. AQSh dollari

Kofe, choy, kakkao, ziravorlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar – 18,2 mln. AQSh dollari

Hayvonlar uchun oziq mahsulotlari – 18,1 mln. AQSh dollari

Shakar, shakardan tayyorlangan mahsulotlar va asal – 11,5 mln. AQSh dollari

Har xil oziq-ovqat mahsulotlari va preparatlar – 7,6 mln. AQSh dollari.

O‘zbekistonda 30 mingdan ortiq elektrozaryad stansiyalarini o‘rnatish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston hukumati elektr transporti infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tasdiqladi. Qaror matni Lex.uz saytida e'lon qilingan.

Kelgusi yilning 1-fevralidan boshlab davlat muassasalari, savdo, biznes va ko‘ngilochar majmualar, avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar va yo‘l bo‘yidagi obyektlar hududidagi avtoturargohlarda qisman zaryad stansiyalari bilan jihozlanishi kerak.

Ko‘p qavatli uylar avtoturargohlari va xususiy uy-joylarda 22 kVtgacha bo‘lgan quvvatga ega zaryad stansiyalarini o‘rnatishga ruxsat berildi. Shuningdek, tadbirkorlar turar joy majmualaridagi avtoturargohlarda elektrozaryad stansiyalarini o‘rnatishlari mumkin.

2025-yil oxirigacha butun O‘zbekiston bo‘ylab 32,4 mingta elektrozaryad stansiyasini o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Elektrozaryad stansiyalarini o‘rnatish uchun joylar 10 yil muddatga ijaraga olish uchun K-Savdo tizimi orqali savdoga chiqariladi. Ular "yashil" (yetarli infratuzilma mavjud) va "sariq" (qo‘shimcha kommunikatsiyalar talab etiladi) toifalarga bo‘linadi.