$
 12855.93
11.93
 13570.72
20.3
 128.16
-0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 3-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

dayjest

Jahon kubogida qilichbozlarimiz kumush medalli bo‘ldi

Qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha Koreya Respublikasining Pusan shahrida o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon kubogi bosqichini O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi muvaffaqiyatli yakunladi.

Jahon kubogining jamoaviy yo‘nalishidagi bahslarda hamyurtlarimiz kumush medallarga ega chiqdi.

Chorak finalda Tailand, yarim finalda Gonkong jamoalarini mag‘lub etgan yurtdoshlarimiz finalda Janubiy Koreya terma jamoasi bilan kechgan shiddatli kurashda 39:45 hisobida mezbonlarga yo‘l berdi. Vatanimiz sharafini himoya qilgan Guliston Perdibayeva, Fernanda Errera, Samira Shokirova hamda Ayakoz Jumamuratova haqli ravishda kumush medallarga sazovor bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Guliston Perdibayeva mazkur musobaqaning yakkalik dasturidagi bahslarda bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.

Oʻzbekistondagi maktablarda trixofitiya kasalligi tarqalayotgani rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi maktab va bog‘chalarda trixofitiya kasalligi tarqalayotgani haqida turli xabarlar tarqaldi. Mazkur xabarlarga aniqlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi professori Egamberdi Eshboyevga murojaat qildi. Mutaxassis tarqalgan xabarlar asossiz ekanini bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, xalq tilida “temiratki” deb nomlangan ushbu kasallik O‘zbekistonda ko‘payib ketmagan. “Bu kasallik kecha yoki bir kunda paydo bo‘lmagan, u azaldan bor. U o‘ta xavfli kasalliklar toifasiga kirmaydi”, deydi Egamberdi Eshboyev.

Fermerlar faoliyatiga aralashganlarga chora koʻriladi

Ijtimoiy tarmoqlarda hududlarda ayrim mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlar, xususan fermerlarning faoliyatiga aralashuvi, ularga zoʻrovonlik ishlatilishi va mol-mulklarini tasarruf qilishga toʻsqinlik qilish holatlari uchramoqda. Qayd etilishicha, ushbu holatlarga OʻzLiDeP tomonidan qatʼiy munosabatlar bildirilib, deputatlar tomonidan mutasaddi idoralarga deputatlik soʻrovlari kiritilmoqda.

Ammo yuqoridagidek holatlarning takrorlanayotganligi partiya deputatlarini xavotirga solmoqda. Jumladan, kuni kecha Boyovut tumani hokimligi mutasaddilari tomonidan fermerlarga zoʻravonlik ishlatishi, yer uchastkalarini topshirish toʻgʻrisida koʻrsatma berishi holatlari ayrim mansabdorlarning noqonuniy xatti-xarakatlarini koʻrsatmoqda.

Sodir etgan xatti-harakatlar Sirdaryo viloyati hokimligi Odob-axloq komissiyasi yigʻilishida keskin tanqidiy muhokama etilgan va Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralovaga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralarini koʻrish uchun viloyat hokimiga taqdimnoma kiritilgan.

Toshkentda 9-noyabr kuni “Yashil shahar” kuni o‘tkaziladi

Poytaxt hokimligi matbuot xizmati barcha tashkilotlar, korxonalar hamda faol fuqarolarni daraxt ekish tashabbusiga qo‘shilishga chaqirdi. Fuqarolar daraxtlarni o‘zlari xohlagan joyda — uy hovlisida, korxona hududida yoki hokimlikka murojaat qilib, boshqa tavsiya etilgan maqbul joylarda ekishi mumkin.

Xabarda ta’kidlanishicha, poytaxtning iqlim sharoiti va mavsumiy xususiyatlarini inobatga olgan holda, yagona ekotizimni saqlash uchun, mutaxassislar daraxtlarning yaxshi ildiz otishi uchun qalamchalar o‘rniga 2 yoshdan katta ko‘chatlarni ekishni va sug‘orish tizimi mavjud joylarni tanlashni tavsiya etadi.

Toshkentdagi Chorsu maydonida rekonstruksiya ishlari boshlanadi

Yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida tashlandiq holda qolgan inshoot uchun nemis kompaniyasi yangi loyiha taqdim qildi.

2-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot-anjumanida Chorsu maydonini rekonstruksiya qilish bo‘yicha yakuniy loyiha taqdim etildi. Bu haqda UzNews.uz’ga Tchoban Voss Architekten kompaniyasi Matbuot xizmati xabar qildi.

Bu yerda yangi mehmonxona, biznes-markaz va turar-joylar qad ko‘taradi. Loyiha Drezdendagi Postplatz maydoni, Berlindagi EDGE Suedkreuz majmuasi va boshqa ko‘plab inshootlar rekonstruksiyasining muallifi — Tchoban Voss Architekten nemis kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Qayd etilishicha, yangi maydon bo‘yicha ishlar 2025-yilda boshlanadi. Ularni o‘zbekistonlik va xorijlik investorlar konsorsiumi amalga oshiradi. Qurilishga uch yarim yil muddat sarflanadi, maydonning ochilishi 2029-yilga mo‘ljallanmoqda. Loyiha qiymati — 170 million AQSH dollaridan ko‘proq. Maydonning rekonstruksiya qilinishi 620 ta ish o‘rnini ta’minlab, Toshkent fondiga qariyb 113 ming metr kvadrat turar-joy va tijorat ko‘chmas mulkini qo‘shadi.

Rekonstruksiya bo‘yicha ishlar davomida 1982-yilda arxitektor Vladimir Spivakning loyihasi asosida qurilgan “Chorsu” mehmonxonasi demontaj qilinadi.