$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

24-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

24.11.

O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi MDH Parlamentlararo Assambleyasining 57-sessiyasida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan MDH Parlamentlararo Assambleyasining 57-sessiyasida ishtirok etdi.

T.Narbayeva o‘z nutqida O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

Majlis davomida parlament a’zolari saylov jarayonlarini xalqaro kuzatish institutining demokratiyani rivojlantirishdagi roli masalasini ko‘rib chiqdi. Bugun MDH Parlamentlararo Assambleyasi demokratik tamoyillarni ilgari surish, parlamentarizm va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.

Hozirgi vaqtga qadar Assambleyaning kuzatuv missiyalari 100 dan ortiq saylov kampaniyalarini monitoring qilishda qatnashdi. Ularning tarkibida O‘zbekiston parlamenti a’zolari ham faol ishtirok etmoqda.

Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Saylov organlari rahbarlarining maslahat kengashi faoliyatiga alohida urg‘u berdi.

Majlisda O‘zbekiston parlament delegatsiyasi a’zolari ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashadigan, qonun ijodkorligi tashabbuslarini aks ettiradigan va O‘zbekiston manfaatlariga xizmat qiladigan model qonunlar hamda tavsiyalarni qo‘llab-quvvatladi.

Ijtimoiy soha obyektlari qishga tayyormi?

Hademay qish. Bu esa nafaqat turarjoylarda, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlarida isitish bilan bog‘liq jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Muammolarning oldini olish, qishni betalafot o‘tkazish maqsadida Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Sirdaryodagi ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi.

O‘rganishlar natijasida maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga qarashli 517 ta muassasada 552 ta holatda, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmasiga qarashli 19 ta muassasada 264 ta holatda,Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli 166 ta muassasada 690 ta holatda kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etildi.

Davlat tasarrufidagi obyektlarda o‘tkazilgan tekshiruvlarda aniqlangan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish holatlari yuzasidan 107 nafar javobgar shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Zudlik bilan bartaraf etilmasa yong‘in sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 47 ta bino va inshootning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi, 98 ta elektr uskuna, moslama va agregatdan foydalanish taqiqlandi.

Eng muhimi, aholi turarjoylarida va ijtimoiy soha obyektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi kamchilik va muammolar bo‘yicha viloyat, shahar va tuman hokimliklariga 77 marotaba, yuqori tashkilotlarga 94 marotaba, hududiy gaz ta’minotiga 41 marotaba, elektr ta’minoti idoralari va boshqa taalluqli idoralarga 27 marotaba axborotnoma, ma’lumotnoma va taqdimnomalar kiritildi.

Qozog‘istonda ishlayotgan yurtdoshlarimiz holidan xabar olindi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Oqtov shahridagi “Karvon” o‘zbek milliy taomlari restoranida vaqtincha ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdilar, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

Suhbat davomida yurtdoshlarimizga davlatimiz rahbariyati tomonidan xorijdagi mamlakatimiz fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilinayotgan dasturlar haqida so‘zlab berildi. O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 17-oktyabrdagi “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyati ta’kidlandi.

Shuningdek, vatandoshlar konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatishning tartibi va Bosh konsulxona faoliyati bilan tanishdilar. Yurtdoshlarimizga Qozog‘istonning migratsiya to‘g‘risidagi qonun-qoidalariga rioya qilish zarurligi aytib o‘tildi.

“Karvon” o‘zbek milliy taomlari restorani rahbariyati bilan kechgan muloqotda majmuada mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yurtdoshlarimizni jalb etish imkoniyatlari xususida fikr almashildi. Restoran mutasaddilari hozirda yanada 10 nafar ishchiga ehtiyoj borligini ma’lum qildi. Tomonlar mazkur bo‘sh o‘rinlariga qonuniy tarzda ishchilarni jalb etish uchun O‘zbekistonning tegishli tashkiloti bilan muzokara o‘tkazish yuzasidan kelishib oldilar.

O‘zbekiston va Xitoy konsullik-huquqiy sohasida hamkorlik qiladi

Xitoy TIV Konsullik departamentining Viza siyosati va ishlari boshqarmasi direktori Son Shiyu bilan konsullik – huquqiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikka oid keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.

Muzokaralar chog‘ida, Xitoyning viza siyosati, ikki mamlakat fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasidagi sohaga oid me’yoriy-huquqiy bazani kengaytirish xususida fikr almashildi.

Xitoy tomoniga so‘ngi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, tadbirkorlik, biznes va xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar hamda va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi. Hukumatimiz tomonidan O‘zbekiston va dunyoning boshqa mamlakatlari o‘rtasida vizalarni liberallashtirishga ustuvor masala sifatida qaralayotgani ta’kidlanib, bu borada erishilgan ijobiy natijalarga to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston tomoni uchun kelgusida ham konsullik – huquqiy sohadagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri xorijiy davlatlar bilan viza tartibini yana-da erkinlashtirish, xususan, viza talablaridan o‘zaro ozod etish to‘g‘risida kelishuvlarga erishish hisoblanishi aytib o‘tildi.

Tomonlar, o‘zaro samarali hamkorlik natijasida ikki mamlakat fuqarolari almashinuvini kengaytirish va turizm sohasini izchil rivojlantirishdan birdek manfaatdor ekanligini qayd etdilar.