$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 23-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

23.11.

“Turon” xalqaro assotsiatsiyasi tashkil etiladi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tashabbusi bilan Samarqand shahrida sohaga oid xalqaro Maslahat yig‘ilishi o‘tkazildi.

2024-yilning 20–21-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan tadbirda TDT va SHHTga a’zo davlatlarning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda doirasida tashkil etilgan alohida maslahatlashuv yig‘ilishida TDT qoshida “Turon” iste’molchilar jamoat tashkilotlarining xalqaro assotsiatsiyasini tuzish taklifi ilgari surilib, ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Yangi assotsiatsiya tashkil etilishi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarda muvofiqlikni ta’minlash barobarida, a’zo davlatlar o‘rtasidagi ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, savdo va investitsiya uchun qulay sharoitlar yaratish, qonun ustuvorligini ta’minlash, samarali boshqaruv va inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha axborot almashinuvi kabi masalalarda ham muhim o‘rin tutadi.

Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi bog‘ga ko‘chat ekdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-noyabr kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi boqqa ko‘chat ekdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bundan uch yil avval boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi chinakam xalq harakatiga aylandi. Har yili bahor va kuzda daraxt ko‘chatlari ekish an’anasi jonlandi.

Prezidentimizning o‘zi bunda doimo o‘rnak. Avvalgi yillarda Yangi Toshkent, Sergeli, Chilonzor tumanlarida ko‘chatlar ekkan edi. Bu yil poytaxtimizning Bektemir tumanida, Toshkent halqa yo‘li bo‘yida yashil hududga asos solindi.

Buning uchun 100 gektar yer ajratilgan bo‘lib, ikki yilda jami 100 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi. Ularni parvarishlash uchun 3 ta sun’iy suv xavzasi va 12 ta quduq barpo etildi.

Ma’lumki, “Yashil makon” loyihasida shaharlar yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, xususan, ularning atrofida “yashil belbog‘” yaratish maqsadi belgilangan. Halqa yo‘li bo‘yidagi bu hudud Toshkent “yashil belbog‘ining bir qismi bo‘ladi. Yana bir e’tiborli tomoni, bu yerda tabiiy o‘rmon shakli hosil qilinadi.

- Bu an’ana o‘zi bizda bor. Xalqimiz tabiatni “ona” deydi, yerni, suvni e’zozlaydi. Buning zamiridagi haqiqat hozirgi ekologik muammolar ta’sirida yaqqol namoyon bo‘layapti. Shuning uchun “Yashil makon” loyihasini boshladik. Kelgusi yil nomini ham atrof-muhitni asrash masalasiga bag‘ishladik. Endi bu tashabbuslar keng yoyilishi, ayniqsa, yoshlarimizga chuqur singishi zarur. Har bir xonadon, har bir korxona tabiatni asrashga hissa qo‘shishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qoraqalpog‘istonlik shifokorlar Misrning yetakchi tibbiyot majmuasida malaka oshiradi

Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Murod Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya Misr davlatida bo‘ldi. Safar davomida vakillarimiz ushbu mamlakatning Alameda Group tibbiyot majmuasi faoliyati, bu yerda yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.

O‘tkazilgan muloqot natijasida Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi va Alameda Group majmuasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ushbu hujjat asosida majmua tarkibidagi Alameda Academyda qoraqalpog‘istonlik tibbiyot xodimlarining grant asosida malaka oshirishi va zamonaviy texnologiyalar asosida o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Alameda Group majmuasi 1999 yilda tashkil etilgan. Hozir Misrdagi eng nufuzli Al Salam International Hospital, Dar El Fouad Hospital, Elixir Care Center, Tabibi Clinics, German Center for Rehabilitation tibbiyot muassasalari hamda Alameda Academyni qamrab olgan. Majmuada 5000 dan ortiq xodim, shu jumladan 1000 ga yaqin shifokor faoliyat ko‘rsatadi.

O‘zbekiston intellektual mulk sohasidagi yana bir xalqaro shartnomani imzoladi

Joriy yilining 11–22-noyabr kunlari Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) tomonidan Namunalar bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi shartnoma (Design Law Treaty) loyihasini ko‘rib chiqish va imzolash maqsadida diplomatik konferensiya tashkil etildi.

Unda BIMTga a’zo 193 ta mamlakat, jumladan O‘zbekiston ham ishtirok etdi.

Mazkur xalqaro hujjatni imzolash masalasi Adliya vazirligi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi hamda boshqa tegishli manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda belgilangan tartibda ishlab chiqildi.

O‘zbekiston nomidan ushbu xalqaro shartnomani Saudiya Arabistonidagi O‘zbekistonning favqulodda va muxtor elchisi N. Turg‘unov imzoladi.

Shartnomaning asosiy maqsadi hunarmandlar, dizaynerlar va muhandislar uchun sanoat namunalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, yagona xalqaro standartlarni belgilash, shuningdek, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorda himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, 2024-yilning 5-iyunida O‘zbekiston Sanoat namunalarini xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha Gaaga tizimiga a’zo bo‘ldi. Ushbu tizim orqali sanoat namunasini bir hujjat orqali 75 ta davlatda ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.