$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 21-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

21.11.

O‘zbekistonning Kubadagi birinchi elchisi akkreditatsiyadan o‘tdi

O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov mamlakatning Kubadagi birinchi elchisi sifatida akkreditatsiyadan o‘tkazildi

BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov bir vaqtning o‘zida mamlakatning Kubadagi elchisi etib tayinlandi. 20 noyabr kuni u Kuba prezidenti Migel Mario Dias-Kanel Bermudesga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Suhbat chog‘ida Migel Bermudes Kuba O‘zbekiston bilan do‘stlik, o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan munosabatlarni qadrlashini ta’kidladi.

U, shuningdek, Kuba hukumatining Toshkent bilan siyosiy muloqotni faollashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashdan yuqori manfaatdorligini qayd etdi.

Kuba prezidenti savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda, shuningdek, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish uchun ulkan zaxiralar va foydalanilmagan salohiyat mavjudligi haqida gapirdi.

Elchi Ulug‘bek Lapasov Havanada bo‘lganida Kuba milliy qahramoni Xose Marti haykali poyiga gul qo‘ydi, shuningdek, tashqi ishlar vazirligi, parlament, sog‘liqni saqlash vazirligi, farmatsevtika sanoati kompaniyalari hamda “BioKubaFarma” biotexnologiyalar guruhida uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.

COP29: Butunjahon turizm tashkiloti O‘zbekistonning barcha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasida BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili O‘zbekiston Milliy paviloniga tashrif buyurdi.

Yuqori martabali mehmon O‘zbekiston paviloni eksklyuzivligini ta’kidlab, mamlakatimizning noyob madaniy merosi hamda ekologiya va iqlim masalalariga barqaror yondashuvlarini ifodalaganini qayd etdi. Uning milliy qadriyatlar va ekologik yondashuvlarni uzviy uyg‘unlashtirgan o‘ziga xos dizaynini e’tirof etdi. 

Shuningdek, Zurab Pololikashvili UNWTO Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida e’lon qilingan barcha loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqishda davom etishini aytib o‘tdi. 

– Biz faol hamkorlik qilamiz va Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz, – deydi Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi. 

Muloqot chog‘ida Bosh kotib O‘zbekiston o‘zining boy merosi va ulkan ekologik loyihalari tufayli sayyohlar va hamkorlar e’tiborini jalb etib, xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini mustahkamlab borishiga ishonch bildirdi. 

Yoshlarning sport bilan shug‘ullanishiga sharoitlar kengaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni yoshlarni sportga keng jalb etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili bo‘yicha davlat dasturi doirasida navqiron avlodga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. 10 milliondan ziyod aholi ommaviy sport bilan shug‘ullanmoqda. Barcha hududlarda, ta’lim va mehnat jamoalarida turli musobaqalar o‘tkazilmoqda.

Davlat dasturida jamoaviy sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish vazifasi belgilangan. Shunga muvofiq, qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. 

Masalan, jamoaviy sport turlari bo‘yicha “Mahalla ligasi” va “Maktab ligasi” musobaqalarini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda. Davlat oliy ta’lim muassasalarida sport klublari tashkil qilish, ular o‘rtasida “Talabalar ligasi”, “Vazir kubogi” va “Rektor kubogi” kabi musobaqalar o‘tkazib borish ko‘zda tutilmoqda.

Jamoaviy sport turlari bo‘yicha milliy ligalar qo‘llab-quvvatlanadi. Mahalliy hokimliklar huzurida hududiy sport klublari tuziladi. “ERP Sport” elektron tizimida iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va seleksiya qilish joriy etiladi.

Tizim maktablarida ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner lavozimini joriy etilib, ularga beshtagacha mahalla va ta’lim muassasalari biriktiriladi. Mahallalarda to‘garaklar tashkil etgan trenerlar qo‘shimcha rag‘batlantiriladi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarning barchasi o‘z lavozimini saqlab qoldi

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini tayinlash to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 21-noyabrdagi tegishli qarorlari bilan Vazirlar Mahkamasining aʼzoligiga nomzodlar maʼqullandi. Unga ko‘ra:

Ochilboy Ramatov — bosh vazir o‘rinbosari;

Jamshid Qo‘chqorov — bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri;

Jamshid Xo‘jayev — bosh vazir o‘rinbosari;

Zulayxo Mahkamova — bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi;

Laziz Qudratov — investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri;

Botir Zohidov — kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri;

Ibrohim Abdurahmonov — qishloq xo‘jaligi vaziri;

Shavkat Hamroyev — suv xo‘jaligi vaziri;

Sherzod Hidoyatov — qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri;

Ilhom Mahkamov — transport vaziri;

Jo‘rabek Mirzamahmudov — energetika vaziri;

Bobir Islamov — tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri;

Sherzod Shermatov — raqamli texnologiyalar vaziri;

Aziz Abduhakimov — ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri;

Asilbek Xudoyorov — sog‘liqni saqlash vaziri;

Hilola Umarova — maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri;

Qo‘ng‘irotboy Sharipov — oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri;

Adham Ikromov — sport vaziri;

Ozodbek Nazarbekov — madaniyat vaziri;

Akbar Toshqulov — adliya vaziri;

Baxtiyor Saidov — tashqi ishlar vaziri;

Abdulla Qo‘ldoshev — favqulodda vaziyatlar vaziri;

Po‘lat Bobojonov — ichki ishlar vaziri;

Bahodir Qurbonov — mudofaa vaziri etib tayinlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.