$
 12875.06
13.23
 13406.80
-90.4
 124.75
-0.72
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 31-oktyabrning eng muhim voqealari dayjesti

31 10

Mirziyoyev Navoiy viloyatidagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi

Davlat rahbarining “Uzbekistan hydrogen peroxide” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishish bilan boshlangan tashrifi keyinchalik Karmana tumanida barpo etilayotgan kimyoviy mahsulotlari texnoparki, Navoiy shahridagi sanoat zonasidagi sanoat korxonalarining mahsulotlari va salohiyati bilan tanishish bilan davom etdi. Shuningdek, prezident Navoiy viloyatida rejalashtirilgan yangi investitsiya loyihalari taqdimotni ham ko‘rib chiqdi. 

Endi yuk mashinalari yangi tartibda harakatlanadi

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli qo‘shimcha kiritilishi munosabati bilan, endi yo‘lning chetki chap qatorida harakatlangan yuk mashinalari haydovchilari jarimaga tortiladi.Yangilangan 128-moddaga ko‘ra, yo‘lning chetki chap qatorida yuk avtomobillarining harakatlanishi (chapga burilish yoki orqaga qayrilish kabi ruxsat etilgan holatlar bundan mustasno) endi bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravari, ya’ni 187,5 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Ushbu jarima qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroriy qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilsa, BHMning 1 baravari (375 ming so‘m), uchinchi qoidabuzarlik BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m), yil davomida to‘rtinchi va undan keyingi qoidabuzarliklar BHMning 4 baravari (1,5 mln so‘m) miqdorida jarima yoki transport vositasini boshqarish huquqidan 6 oy muddatga mahrum qilish bilan jazolanadi.

Surxondaryoda isitish mavsumi boshlandi

Surxondaryo viloyatida ijtimoiy obyektlar va turarjoy binolarini isitish mavsumi 1-noyabrdan boshlanishi belgilandi. Bu haqida viloyat hokimining farmoyishi qabul qilindi. Unga ko‘ra, endilikda viloyatda mavsum yakuniga qadar uzluksiz ishlab turuvchi shtab tashkil qilinadi. Isitish bilan bog‘liq masalalar “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Surxondaryo filiali, “Issiqlik manbayi” DUK hamda Termiz shahar va tuman hokimliklari zimmasiga yuklatilgan. Shuningdek, 2024-yilning 1-dekabriga qadar viloyatdagi ijtimoiy obyektlar, ta’lim muassasalariga ko‘mir yetkazib berilishi yakunlanishi kerak.

O‘zbekiston COP29da ishtirok etadi

Oʻzbekistonda 2024-yilning 11–22-noyabr kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida boʻlib oʻtadigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi (BMT UNFCCC) ishtirokchilari konferensiyasining 29-sessiyasiga (COP29) qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda. Bu haqida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.

Bokuda o‘tkazilishi kutilayotgan mazkur tadbirda O‘zbekiston tomoni tashkil qilayotgan Milliy pavilyon doirasida quyidagi asosiy tadbirlar rejalashtirilgan:

— “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan birgalikda barcha qatnashuvchi davlatlar vakillari ishtirokida Xalqaro yoshlar strategiyasini imzolash rasmiy marosimi, shuningdek, ekologik taʼlim loyihalari va tashabbuslari taqdimoti;

— Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT), Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) mamlakatlari Turkiy ekologik forumi vazirlari yigʻilishi;

— Ozarbayjon Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshma tashabbusi sifatida rejalashtirilgan BMT Xalqaro Migratsiya Tashkilotiga (XMT) aʼzo davlatlar bilan iqlim migratsiyasi deklaratsiyasi (Silk Road Declaration) boʻyicha tadbir;

— Orolboʻyi mintaqasi boʻyicha koʻp sheriklik maqsadli jamgʻarmasi tadbiri. Tadbir BMTTDning Oʻzbekistondagi muvofiqlashtiruvchi ofisi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Umuman olganda, Oʻzbekiston delegatsiyasi konferensiya sessiyalari va boshqa asosiy hamda yordamchi tadbirlarda faol ishtirok etishni maqsad qilgan.