$
 12410.99
-85.95
 14237.89
-167.33
 158.38
-1.0
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

2024-yil 30-oktyabrning eng muhim voqealari dayjesti

30.10.2024

Saylov natijalari rasman tasdiqlandi

Saylov kodeksining 96 (1) moddasiga asosan saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti va undan ko‘proq foizini olgan barcha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar soni 75 ga bo‘lingan holda saylov koeffitsiyenti aniqlandi.

Shunga ko‘ra saylov koeffitsiyenti 199 282 etib belgilandi. Yagona saylov okrugi bo‘yicha qonunchilik palatasining 75 ta deputatlik o‘rni siyosiy partiyalar o‘rtasida quyidagicha taqsimlandi:

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasiga dastlabki taqsimotga ko‘ra 26 ta deputatlik o‘rni.

O‘zbekiston Milliy Tiklanish demokratik partiyasiga – dastlabki taqsimotga ko‘ra 14 ta deputatlik o‘rni;

O‘zbekiston ekologik partiyasi – dastlabki taqsimotga ko‘ra to‘qqizta deputatlik o‘rni;

O‘zbekiston Xalq Demokratik partiyasi – dastlabki taqsimotga ko‘ra 12 ta deputatlik o‘rni;

O‘zbekiston Adolat sotsial demokratik partiyasiga dastlabki taqsimotga ko‘ra 12 ta deputatlik o‘rni.

Dastlabki taqsimotga ko‘ra jami 73 ta deputatlik o‘rni taqsimlandi. Taqsimlanmay qolgan deputatlik o‘rinlari ikkita bo‘lib, saylov koeffitsiyentiga bo‘lingandan so‘ng aniqlangan sonning qoldiq qismi kattaroq bo‘lgan siyosiy partiyalarga bittadan mandat berish orqali taqsimlandi. Ya’ni O‘zbekiston ekologik partiyasi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasiga bittadan o‘rin taqsimlandi. Yuqoridagilarga ko‘ra, yagona saylov okrugi bo‘yicha qonunchilik palatasi saylovida deputatlik o‘rinlari siyosiy partiyalar o‘rtasida quyidagicha taqsimlandi:

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi 26 ta deputatlik o‘rni;

O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi 14 ta deputatlik o‘rni;

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 13 ta deputatlik o‘rni;

O‘zbekiston Adolat-sotsial demokratik partiyasi 12 ta deputatlik o‘rni;

O‘zbekiston ekologik partiyasi 10 ta deputatlik o‘rni.

To‘qqiz oyda 620 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotildi

Joriy yilning to‘qqiz oy davomida tovar-xomashyo birjasi orqali 152 mingdan ortiq avtomobil raqamlari sotildi. Bu haqda O‘zRTXB matbuot xizmati xabar berdi. Xususan, sotilgan avtomobil raqamlarining jami qiymati 620 mlrd so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan savdo hajmi ham miqdor, ham pul ifodasida 2,6 barobarga oshgan.

Qayd etilishicha, ushbu sotilgan avtoraqamlardan 97%i jismoniy shaxslarga qolgan 3%i esa yuridik shaxslarga to‘g‘ri kelgan.

Sotilgan raqamning maksimal narxi o‘zgarishsiz qoldi — 517,1 mln. so‘m yoki boshlang‘ich narxdan uchdan ikki qism oshdi, xaridor yuridik shaxs bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinda 10-iyul kuni 508 mln. so‘mga sotilgan “chiroyli” avtomobil raqami turadi. Bundan tashqari, sentyabr oyida yana bir raqam kimoshdi savdosida 351,9 mln. so‘mga sotilgan.

Jahon kriminologiyasining yetuk mutaxassislari Toshkentda tajriba almashmoqda

Poytaxtimizda “Jahon kriminologiyasining ilg‘or tajribalari” mavzusida I xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Ichki ishlar vazirligi, Kriminologiya tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Vengriya, Koreya, Rossiya, Hindiston, Belarus kabi davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan vakillar, shuningdek, mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, olimlar ishtirok etmoqda. Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev davlatimiz rahbari boshchiligida ichki ishlar organlari tubdan isloh qilinib, tizim faoliyati zamonaviy xavf-xatarlardan kelib chiqqan holda takomillashtirilganini qayd etdi. Xalqaro forumdan ko‘zlangan maqsad ham xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish, jinoyatchilikni ilmiy asosda o‘rganish, tahlil va prognoz qilishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan iborat.

Forumda Vengriya Huquqni muhofaza qilish departamenti (Politsiya akademiyasi) rahbari, general-mayor Gabor Kovach o‘zaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotganini qayd etdi. O‘zbekistonda jinoyatlarning oldini olish tizimi rivojlanib borayotganini qayd etdi. Forum davomida ilg‘or tajriba almashilayotgani yaxshi natijalar berishini alohida ta’kidladi.   

Forum doirasida Vengriya, Qozog‘iston, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Chernogoriya, Rossiya, Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkiloti (JICA), Hindiston vakillari bilan ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari va hamkorlik dasturlari imzolanadi.  

O‘zbekistondagi parlament saylovi Mo‘g‘uliston e’tirofida

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu Senatda tashkil etilgan Mo‘g‘uliston delegatsiyasi bilan uchrashuvda qayd etildi.    

“Mo‘g‘uliston – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Suxbaatar Erdenebat bilan o‘zaro hamkorlikni faollashtirish va yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. S.Erdenebat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va hududiy vakillik organlariga saylovlar yuqori saviyada tashkil etilganini ta’kidladi. Saylov jarayonining barcha bosqichlari shaffof, ochiq va xolis o‘tgani, xalqaro demokratik standartlarga muvofiq bo‘lgani, yangilangan Konstitutsiya asosida mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o‘tkazilganini e’tirof etdi. Uchrashuv yakunida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, “Mo‘g‘uliston - O‘zbekiston” parlamentlararo guruhi doirasidagi hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, keng hamkorlik uchun aniq tadbirlar rejasini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi