$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 28-oktyabrning eng muhim voqealari dayjesti

dayjest

MDH missiyasi saylov demokratik tamoyillar asosida o‘tganini e’tirof etdi

Yurtimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi yuqori darajada tashkil etildi. Saylov natijalariga ko‘ra, parlament quyi palatasiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 64 nafar, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 29 nafar, “Adolat” SDPdan jami 21 nafar, Xalq demokratik partiyasidan 20 nafar, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan 16 nafar deputat saylandi.

Saylov jarayonini 850 dan ortiq xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar kuzatib bordi. 

Bugun Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi missiyasi vakillari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. 

Unda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi Sergey Lebedov mamlakatimizda saylov jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish va uning o‘tishi haqida fikrlari va missiyaning xulosalarini bayon qildi. 

Qayd etilganidek, missiya vakillari barcha hududda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini kuzatib bordi. Saylovga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilgan, siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari tomonidan keng ko‘lamda tashviqot materiallari tayyorlangan. 

Saylov kuni saylovchilar ko‘tarinki, bayramona kayfiyatda ekani, ovoz berish jarayonlari qonunchilikka mos tarzda tashkil etilgani alohida e’tirof etildi. Shuningdek, mamlakatimizdagi saylov demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkoralik ruhida o‘tgani qayd etildi. 

Shuningdek, brifingda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi guruhi koordinatori, Qirg‘iz Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi o‘rinbosari T.Masabirov ham saylovdagi kuzatuvlar bo‘yicha missiya xulosalarini taqdim etdi. Saylov jarayonlari saylov qonunchiligiga rioya qilingan holda, ochiq va shaffof o‘tganini alohida e’tirof etdi. 

O‘zbekiston U17 terma jamoasi Osiyo kubogiga yo‘l oldi

U17 yosh toifasida futbol bo‘yicha 2025-yilning 3-20-aprel kunlari Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga chiqish uchun saralash bahslarida Islom Ismoilov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston U17 terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Yosh futbolchilarimiz saralash bahslarining “Ye” guruhida dastlab Falastinni 3:0, ikkinchi turda Xitoy Taypeyini 1:0 hamda so‘nggi uchinchi turda Iroqni 1:0 hisobida yengib, yuz foizlik natija bilan guruhda birinchi o‘rinni egalladi va Osiyo kubogiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 

Shuningdek, bir necha kun davom etgan saralash bahslarida Afg‘oniston, Avstraliya, BAA, Eron, Indoneziya, Xitoy, Janubiy Koreya, KXDR, Tailand, Tojikiston, Vetnam, O‘mon, Yaman va Yaponiya terma jamoalari saralash bosqichidan o‘tib, Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga yo‘l oldi. 

O‘zbekistonda maktablarda kuzgi ta’til 4-noyabrdan boshlanadi

Maktab o‘quvchilari uchun chorakning so‘nggi kuni 2-noyabrga to‘g‘ri kelib, 4-noyabr kuzgi ta’tilning ilk kuni hisoblanadi. Bu haqda “Xalqta’liminfo” xabar bermoqda. Ma’lum qilinishicha, ta’til 6 kalendar kun, ya’ni 9-noyabrgacha davom etadi. II chorak esa 11-noyabrdan boshlanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yildagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, o‘quvchilar uchun ta’til kunlari quyidagicha belgilangan: 

kuzgi ta’til — 4-noyabrdan boshlab 6 kalendar kun;

qishki ta’til — 28-dekabrdan boshlab 14 kalendar kun;

bahorgi ta’til — 21-martdan boshlab 7 kalendar kun;

yozgi ta’til — oxirgi bosqichli nazorat sinovi o‘tkazilgan kundan (bosqichli nazorat o‘tkazilmaydigan sinflar uchun o‘quv yili tugagan kundan keyingi kundan) boshlab 1-sentyabrgacha.

1-sinf o‘quvchilari uchun esa fevral oyi davomida qo‘shimcha bir haftalik ta’til belgilanadi.

Ma’lumot uchun: ta’tilning oxirgi kuni bayram (ishlanmaydigan) kunga to‘g‘ri kelib qolgan taqdirda, dars mashg‘ulotlari keyingi ish kunidan boshlab davom ettiriladi.

Bayram (ishlanmaydigan) kunlariga to‘g‘ri kelib qolgan dars mashg‘ulotlarining mavzulari o‘quv dasturlarini ixchamlashtirgan holda keyingi dars mashg‘ulotlarida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston armiyasi dunyoning eng kuchli 20 taligiga kird

O‘zbekiston Qurolli kuchlari dunyoning eng kuchli armiyalari reytingida 19-o‘rinni egalladi. Bu haqda “US News and World Report” nashri tomonidan tuzilgan reytingda keltirilgan.

Tadqiqotga ko‘ra, reytingda Rossiya, AQSH va Isroil yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarni Xitoy, Janubiy Koreya, Eron, Buyuk Britaniya, Ukarina, Germaniya hamda Turkiya egallagan. 2023 yilda uchinchi o‘rinni egallagan Xitoy to‘rtinchi o‘ringa tushib ketdi. Kuchli 20 talikni Iordaniya yakunlagan.

O‘zbekistonga qo‘shni davlatlardan faqat Qozog‘iston reytingga kiritilib, 22-o‘rinni egalladi. Nashrning yozishicha, qo‘shinlarning kuchi global so‘rov ishtirokchilarining fikrlari asosida baholangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 19 yildan beri 145 mamlakat armiyasini kuzatib boradigan, “Qaysi armiya dunyodagi eng kuchli?" degan savolga javob berish uchun qurolli kuchlarning moliyaviy ta’minotidan tortib, logistika va geografik xususiyatlarigacha bo‘lgan 60 dan ortiq mezonlarni o‘rganadigan “Global Firepower“ veb-sayti mutaxassislari 2024 yildagi eng kuchli armiyalar ro‘yxatini ochiqlagandi. Unga ko‘ra, 2023 yilgi reytingda kuchli uchlikni egallagan AQSH, Rossiya va Xitoy bu yil ham o‘z pozitsiyasida qolgan. To‘rtinchi o‘rinni esa Xitoy va Pokiston bilan “muammosi bor” Hindiston egallagan.

Markaziy Osiyoda esa Qozog‘iston (58) peshqadam bo‘lib, qo‘shni davlat bir yilda reytingda 5 pog‘ona yuqorilagan. O‘zbekiston esa o‘tgan yilgi 62-o‘rnidan 65-pog‘onaga tushib ketgan. Ushbu ro‘yxatda Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar – Turkmaniston (83), Qirg‘iziston (100), Tojikiston (107) va Afg‘onistonning (115) ham harbiy salohiyati chamalangan.