$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 25-oktyabrning eng muhim voqealari dayjesti

25.10.

Shaxmat: hamyurtimiz Gulruhbegim Tohirjonova AQSH vitse-chempioni bo‘ldi

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Sent-Luis shahrida umumiy mukofot jamg‘armasi 152 000 dollarni tashkil qilgan shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida yakuniga yetgan mamlakat chempionatida hamyurtimiz Gulruhbegim Tohirjonova (2374) 11 imkoniyatdan 7,5 ochko jamg‘arib, kumush medalni qo‘lga kiritish barobarida 30 ming AQSH dollariga ega chiqdi. Shiddatli kechgan bahsda amerikalik Karissa Yip (2418) 8,5 ochko bilan AQSHning 2024 yilgi chempioni, Alise Li (2395) 7 ochko bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Aytish lozim, okean orti mamlakatida munosib natijaga erishgan Gulruhbegim Tohirjonova AQSH vitse-chempioni bo‘lish barobarida ayollar o‘rtasidagi jahon kubogida qatnashish huquqini ham qo‘lga kiritdi.

Erkaklar o‘rtasidagi musobaqada FIDE reytingida 4-o‘rinda borayotgan Fabiano Karuana AQSH chempionligiga erishdi.

Saylovda 1 million 15 ming 948 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz berdi

Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida respublika bo‘yicha 1 million 15 ming 948 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Eng ko‘p ovoz berilgan hududlar:

Farg‘ona viloyati - 219 ming 455 nafar;

Samarqand viloyati – 181 ming 925 nafar;

Buxoro viloyati – 109 ming 930 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz bergan.

Eng kam ovozni esa Jizzax viloyatida 6 ming 993 nafar fuqaro bergan.

O‘zbekistonda muddatidan oldin ovoz berish 16-oktyabr kuni boshlanib, 23-oktyabr kuni yakunlangan.

Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylarini tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev 25-oktyabr — O‘zbekiston ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan soha xodimlari va faxriylarini tabrikladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Tabrikda tizim xodimlarining kasb mahoratini oshirish, ularning ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirish masalasi ham doimo e’tibor markazida bo‘lib kelayotgani, bu jarayonda, avvalo, olis va chekka hududlarda joylashgan hamda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan tuman va mahallalarda xizmat qilayotgan xodimlar mehnatiga alohida ahamiyat berilib, ular uchun munosib xizmat va turmush sharoitlari yaratilayotgani qay etildi.

24-oktyabr kuni Shavkat Mirziyoyev “Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni imzolagandi. Farmon bilan mamlakatda jamoat xavfsizligi, xalq osoyishtaligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun ichki ishlar organlari xodimlari, xususan, O‘zbekiston ichki ishlar vazirining maslahatchisi Zokirjon Almatov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan mukofotlandi.

O‘zbekiston prezidenti YXHT DIIHB missiyasi rahbarini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-oktyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YXHT DIIHB) parlament saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari Duglas Ueykni qabul qildi. https://president.uz/oz/lists/view/7647

Uchrashuvda mamlakatimizda bo‘lajak parlament sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.

O‘zbekiston bilan YXHT va uning institutlari o‘rtasida ochiq va samarali muloqot o‘rnatilgani, xususan, byuro bilan unumli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bo‘lajak parlament sayloviga tayyorgarlik ko‘rish doirasida DIIHB kuzatuvchilari missiyasi faol ishlayotgani yuqori baholandi. Byuro ekspertlari milliy saylov tizimini takomillashtirish jarayonida ishtirok etdilar. Ular bildirgan tavsiya va takliflarning aksariyati inobatga olinib, mamlakatimiz qonunchiligiga tatbiq etildi.

Bu galgi saylov ilk bor yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining parlament va mahalliy vakillik organlarining rolini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qoidalari asosida aralash saylov tizimi bo‘yicha o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlandi.