$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 22-oktyabrning eng muhim voqealari dayjesti

22.

Nogironligi boʻlgan yoshlar uchun kreativ industriya yoʻnalishlarida kurslar tashkil etildi

22-oktyabr kuni soat 15:00 da Yoshlar Ijodiyoti Saroyida Nogironligi boʻlgan yoshlar uchun kreativ industriya yoʻnalishlarida kasb-hunar kurslarini tashkil etish loyihasi bitiruvchilari uchun Sertifikatlar topshirish marosimi, hamda loyiha doirasida tashkil etilgan Fotografiya kursida tahsil olgan o’quvchilarning ijodiy ishlari ko’rgazmasi ham tashkil etildi.

Loyihaning maqsadi — nogironligi boʻlgan yoshlarning kreativ qobiliyatlarini rivojlantiradigan zamon bilan hamnafas kasblarga oʻqitish. Uch oy davom etadigan ijtimoiy media marketingi (SMM), fotografiya va videomontajni oʻrgatishga qaratilgan kurslarni ishlab chiqish va tashkil etishdan iborat. Tashkil etilgan 3 xil yo’nalishdagi kurslarning har birida 10 kishidan ishtirokchi qatnashdi va hali amaliyot muddati tugamagan bo’lsa-da loyiha bitiruvchilari mehnat bozorida o’z o’rinlarini topishga kirishdilar.

Ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash tizimi joriy qilinmoqda

Prezidentning “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asoasan mamlakat bo‘ylab 45-65 yoshdagi ayollar ko‘krak bezi saratoni skriningidan o‘tkazilishi belgilangan.

Shunga muvofiq, har yili 1,5 millionga yaqin 45-65 yoshdagi opa-singillarimizni shunday tekshiruvlar bilan qamrab olish choralari ko‘rilmoqda. Chunki ko‘krak bezi saratonini vaqtida aniqlash orqali bemor hayotini saqlab qolish mumkin. Shuning uchun shifokorlar 50 yoshdan oshgan ayollarga har yili mammografiyadan o‘tishni tavsiya qiladi. O‘zbekistonda ushbu yosh toifasidagi qariyb 3 million ayol istiqomat qiladi. Bu xastalikning tarqalish ko‘rsatkichi har 100 ming nafar aholiga nisbatan 12 nafarni tashkil etadi. Ko‘krak bezi saratonining erta — 1-2 bosqichlarida 10 tadan 9 ta holatda xastalikdan xalos bo‘lish imkoni bo‘ladi.

Shu bois mammografik tekshiruvlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi 17-maqsadida ham alohida chora-tadbirlar belgilangan. Bunga ko‘ra, ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash tizimi joriy qilinib, tuman tibbiyot birlashmalari 14 ta mammograf uskunasi bilan jihozlanadi va ular respublika yagona riding tizimiga integratsiya qilinadi. Mobil va statsionar mammograflar ishini 2 ta smenada tashkil etish uchun 4 ta vrach radiolog va 175 ta rentgen-laborantlar uchun shtat birliklar ajratish choralari ko‘rilmoqda.

Albaniya poytaxti Tirana shahrida yunon-rum kurashi bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqaning birinchi kunida vazni 60, 67, 72, 82 va 97 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahs olib borishdi.

O‘zbekistonlik yosh polvon Alisher G‘aniyev jahon chempionati finaliga chiqdi

Abror Otaboev puerto-rikolik Brandon Navarroni 8:0, ozarbayjonlik Ruslan Nurullayevni 3:2 hisobida yengdi, ammo chorak finalda shvetsiyalik Georgis Barbanosga imkoniyatni boy berdi (2:3).

Samandar Bobonazarov vengriyalik Miklos Kiralxazini (8:0) mag‘lub etdi, ammo yarim finalda germaniyalik Denis Nakayevga 4:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida Alisher G‘aniyev avvaliga germaniyalik Georgios Skarpeloni (9:0), so‘ngra chorak finalda ukrainalik Bogdan Grishinni (11:2) mag‘lubiyatga uchratdi. U yarim finalda ozarbayjonlik Nihad Guluzadeni ishonchli mag‘lub etib (9:0) finalga yo‘l oldi. Bugun, 22-oktabr kuni G‘aniyev finalda neytral sportchi sifatida ishtirok etayotgan rossiyalik Dinislom Bammatov bilan uchrashadi.

Zoir Mirzayev yuzdan ortiq migrantlarga yaxshi ish va’da qildi

Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev xorijda mehnat qilayotgan migrantlar bilan muloqot qildi. Ularni tinglab, maoshi kam bo‘lgan o‘zbekistonliklarga daromadi yaxshi ish va’da qildi. Muloqotda xorijda yurgan yurtdoshlar, xususan, yoshlar Zoir Mirzayev bilan suhbatlashib, muammo va masalalarini gapirib bergan. To‘rt soatdan ko‘proq davom etgan muloqotda viloyat hokimi 106 nafar migrant bilan gaplashgan. 

Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida 130 tonnalik belarus traktori haydovchisi sifatida ishlab kelgan angrenlik yigit Vataniga, uyiga qaytish niyati borligini aytib, “Angrenga, o‘zimizning uyimiz atrofiga qaytish niyat bor edi”, deya murojaat qilgach, Zoir Mirzayev OKMK rahbari bilan telefon orqali muloqot qilib, shu yigitga ish so‘radi. 

OKMK rahbari Abdulla Xolmurodovich, kelsin, belarus traktori haydovchisiga joy bor deyapti. Ertaga kelsin, ertaga ishga olaman dedi, deydi murojaatchiga bu haqda ma’lum qilgan hokim. 

Zoir Mirzayev bilan onlayn muloqotga kirishgan migrant ayol Germaniya davlatining Brandenburg shahrida hamshira bo‘lib ishlashini, oylik maoshi 2300 yevro ekanini aytib, mas’ullar — xususan viloyat hokimi va shahar hokimiga holidan xabar olgani uchun tashakkur izhor qildi. 

Eng asosiysi, nisbatan kam maoshga xorijda ishlab yurgan 20 dan ortiq migrantlarga Vatanda yaxshi ish taklif qilindi, ular kelgusida O‘zbekistonga qaytib, shu yerda mehnat qiladigan bo‘ldi. Ayni paytda mehnat bozorida talabgor bo‘lib turgan kasblarga qisqa vaqtda o‘qitib, yuqori maoshli ishlarga joylashish imkoniyat migrantlarga ma’qul keldi. Shuningdek, muloqotda uzoq muddatga ijaraga yer olib, dehqonchilik qilish borasidagi mavjud imkoniyatlar bo‘yicha tushuntirish berildi, deydi hokimlik mas’ullari.