$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 21-oktyabrning eng muhim voqealari dayjesti

dayjest

Chet tilini bilish darajasini aniqlash test sinovlari bo‘lib o‘tdi

Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, joylarda chet tilini bilish darajasini aniqlash test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Test sinovlari talabgorlarga qulay bo‘lishi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etildi. Unda jami 14,8 ming nafardan ziyod talabgor ishtirok etdi va 12 nafar talabgor tartib-qoidani buzgani uchun test sinovidan chetlatildi. Agentlikning ma’lum qilishicha, test sinovlarida ishtirok etgan talabgorlar uchun gapirish ko‘nikmasini baholash imtihonlari — 21-oktyabrdan 5-noyabrga qadar bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, test sinovi natijalari Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq imtihonlar to‘liq yakunlangandan so‘ng bir haftada e’lon qilinadi.  

Surxondaryoda benzindan “urib qolgan” AYoQSH aniqlandi

Surxondaryo viloyatida benzinni ko‘rsatilgan miqdordan kam bergan AYOQSHning birja savdolarida ishtirok etishi vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati xabar berdi. 

O‘rganishlar davomida Surxondaryo viloyati Termiz shahrida joylashgan AYOQSHda iste’molchilarga avtobenzinni to‘la hajmda sotilishi namunaviy o‘lchagich yordamida o‘lchab ko‘rilganda, ruxsat etilgan me’yordan tashqari har 10 litrdan 0,100 litr kam quyilayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan ushbu AYOQSHda kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar birja savdolarida ishtirok etishi vaqtincha to‘xtatilgan.

Samarqandda daraxt kesgan fuqaro 71 mln so‘mdan ortiq jarimaga tortildi

Samarqand viloyatining Toyloq tumanida tut daraxtini kesgan fuqaro 71 million so‘mdan ortiq jarimaga tortildi. Bu haqda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat inspektorlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida tumanning “Xo‘jayuz” MFY hududidagi tegishli ruxsatlarsiz sog‘lom ko‘karib turgan 1 tup tut daraxtini shu atrofda yashovchi fuqaro U.Z. tomonidan kesib tashlangani ma’lum bo‘lgan.

Shu bois fuqaroga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismiga muvofiq tabiatga yetkazilgan zarari uchun 71 million 250 ming so‘m qo‘llangan.

“Respublikada davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga qarshi moratoriy joriy etilishi munosabati bilan daraxtlarni tegishli ruxsatlarsiz kesish qat’iyan man etiladi,”— deyilmoqda xabarda.

TDT iqtisodiyot va savdo vazirlari Bishkekda yig‘ildi

Qirg’iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar istisodiyot va savdo vazirlarining 13-yig’ilishi bo‘lib o‘tdi. Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iz Respublikasi va Vengriya davlatlaridan vazirlar ishtirok etdi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi TDTga a’zo davlatlarning kelgusi hamkorligini mustahkamlash va iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘ldi. TDT davlatlarining barcha vazirlari Qozog‘istonning “Yashil moliya” bo‘yicha kengash, shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlarning Markaziy (milliy) banklari kengashini tashkil etish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladilar. 

Eslatib o‘tamiz: iqtisodiyot va savdo vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi Turkistonda bo‘lib o‘tadi, u yerda “Turan” maxsus iqtisodiy zonasining ochilishi rejalashtirilgan.