$
 12984.44
9.35
 13442.79
69.36
 129.90
2.27
weather
+26
Кечаси   +14°

Trampning “qaytish”i O‘zbekiston va AQSh munosabatlariga qanday ta’sir qiladi?

Trump and Mirziyayev

Donald Trampning inaugaratsiyasi 2025-yilning eng muhim siyosiy voqealaridan biri bo‘lib turibdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi Oq Uy rahbarini tabriklagan birinchi davlat rahbarlari qatorida bo‘ldi. U, shuningdek, Trampni O‘zbekistonga taklif etdi. Xalqaro ekspertlar va insayderlar fikriga tayanib, Trampning global sahnaga qaytishi ikki davlat o‘rtasidagi, umuman, AQSh va Markaziy Osiyo munosabatlariga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

Mintaqaning besh davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston – AQSh tashqi siyosati ro‘yxatining eng yuqorisida bo‘lmasa-da, insayderlarga ko‘ra, e’tiborsiz ham qoldirilmaydi. Trampning birinchi prezidentlik davrida Markaziy Osiyo bilan aloqalar mustahkamlanib, 2019–2025-yillardagi AQShning milliy xavfsizlik strategiyasi qabul qilingan edi. Bu hujjat Bayden ma’muriyati tomonidan o‘zgarishsiz qoldirilgan va hanuzgacha amalda.

Markaziy Osiyodagi o‘zgarishlar AQSh uchun ahamiyatli bo‘lishi mumkin

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo o‘zining iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash yo‘lida Rossiya va Xitoyga nisbatan qaramlikni kamaytirishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, Yevropa bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalar chuqurlashmoqda. Ushbu jarayonlar Trump ma’muriyati uchun yangi iqtisodiy va strategik imkoniyatlarni yaratadi. Xususan, AQShning biznes sektori manfaatlarini mintaqada kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar shakllanmoqda. Energetika va strategik minerallar ushbu hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida ajralib turadi.

Energetika hamkorlikning asosiy yo‘nalishi bo‘ladi

Markaziy Osiyo dunyoning muhim neft va gaz zaxiralariga ega bo‘lib, Yevropaning Rossiya energetikasidan qaramligini kamaytirishda muhim rol o‘ynamoqda. Markaziy Osiyoda strategik minerallar, jumladan, kamyob metallar bo‘yicha ulkan zaxiralar mavjud:

 • Dunyodagi marganes rudasi zaxiralarining 38 foizi,

 • xromning 30 foizi,

 • qo‘rg‘oshinning 20 foizi,

 • sinkning 12 foizi,

 • titan zaxiralarining 8 foizi mintaqada joylashgan.

AQShning geologiya xizmati mintaqada minerallarni xaritalash ishlarini olib bormoqda va bu yo‘nalishdagi hamkorlikni kuchaytirishga zamin yaratmoqda. Yangi ma’muriyat ushbu sohada o‘z faoliyatini kengaytirib, mintaqani Rossiya va Xitoy ta’siridan mustaqil iqtisodiy rivojlanish yo‘liga yetaklash imkoniga ega.

AQSh kompaniyalari 1990-yillardan boshlab bu hududda gaz va neft sanoatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan va hozirgi kunda ham asosiy investorlar qatorida. Trump ma’muriyati energetika bozoridagi muammolarni hal qilish va Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kengaytirish orqali o‘z manfaatlarini mustahkamlashni rejalashtirishi mumkin.

Mintaqaning minerallar va boshqa strategik resurslarga boyligi AQSh uchun iqtisodiy va geosiyosiy jihatdan ahamiyatli. Markaziy Osiyo davlatlarining Yevropa bilan aloqalarni kuchaytirishi va yangi energetik infratuzilmani rivojlantirishi mintaqani yanada jozibador qiladi. Trump ma’muriyati ushbu imkoniyatlardan foydalanib, o‘z iqtisodiy ta’sirini kuchaytirishi va mintaqadagi raqobatbardoshligini oshirishi mumkin.

Rossiyaning siyosiy va iqtisodiy bosimi ostida qolgan mintaqa

Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya bilan murakkab munosabatlari Vashingtondagi yangi ma’muriyat uchun katta e’tibor talab qiladigan mavzu hisoblanadi. Mintaqaning iqtisodiy o‘z mustaqilligini ta’minlashga intilishi va Rossiya bilan Xitoyga qaramlikni kamaytirishga bo‘lgan urinishlari AQSh uchun strategik hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini ochib bermoqda. Bugungi kunda Qozog‘iston o‘z neft eksportining 80 foizini Rossiya infratuzilmasi orqali amalga oshirmoqda. Ammo Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevning 2022-yilda Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga qo‘llab-quvvatlash bildirishdan bosh tortgani Kremlning iqtisodiy bosimiga sabab bo‘ldi. Rossiya neft quvurlarini vaqtinchalik yopib, Qozog‘istonning daromad manbalariga tahdid qildi. Bu vaziyat global neft bozorida narxlarning keskin ko‘tarilishiga olib keldi va AQShda benzin narxi birdan oshdi. Ushbu voqealardan so‘ng, Qozog‘iston muqobil savdo yo‘llarini qidira boshladi va Ozarbayjon bilan hamkorlikni kuchaytirdi. Rossiyaning bosimi mintaqada yangi hamkorlik aloqalarini rivojlantirdi. Qozog‘iston va Ozarbayjon trans-Kaspiy neft quvuri loyihasini amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan “O‘rta koridor” savdo yo‘nalishi yanada faol ishlay boshladi. Ushbu yangi yo‘nalishlar Rossiyaga iqtisodiy qaramlikni kamaytirish uchun muhim vositalarga aylandi.

Vashington vaziyatdan foydalanadimi?

Vashington ushbu voqelikdan foydalanib, mintaqada energetika va savdo sohalarida o‘z ta’sirini oshirishi mumkin. 2019-yilda AQSh Markaziy Osiyoda trans-Kaspiy gaz quvuri loyihasini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi. Bu loyiha Yevropa uchun Rossiya gaziga muqobil bo‘lib, Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Hozirgi kunda ushbu loyihaga bo‘lgan ehtiyoj yana kuchaygan.

AQShning yangi ma’muriyati uchun Markaziy Osiyo bilan hamkorlikda transchegaraviy quvurlar va strategik minerallar sohasida keng imkoniyatlar mavjud. Bu yo‘nalishlar nafaqat mintaqaning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlashga, balki AQShning global ta’sirini kuchaytirishga ham xizmat qiladi.

Eski aloqalar

Tramp ma’muriyati 2018-yilda Qozog‘iston va O‘zbekistonga maxsus tijorat delegatsiyalarini yuborib, savdo va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashni maqsad qilgan edi. O‘sha davrda AQSh rasmiylari:

 • Qozog‘istonda energiya va minerallar bo‘yicha yirik sarmoyalar uchun muzokaralar olib bordi;

 • O‘zbekistonda Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lishni rag‘batlantiruvchi islohotlarni qo‘llab-quvvatladi;

 • Markaziy Osiyo Savdo va investitsiya kengashi orqali mintaqa mamlakatlari bilan ko‘p tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamladi.

Bu tashabbuslar AQShning mintaqadagi iqtisodiy o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qilgan bo‘lsa, hozirgi sharoitda ularni yanada kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Qolgan joyidan davom ettirish

Donald Trampning yangi ma’muriyati oldida ko‘plab muhim vazifalar turgani aniq, ammo Markaziy Osiyo mintaqasi uning kun tartibida alohida o‘rin egallashi mumkin. Tramp avvalgi davrda bu mintaqada energetika, strategik minerallar va savdo yo‘nalishlarida sezilarli yutuqlarga erishgan edi. Endi esa bu tashabbuslarni davom ettirish orqali yangi bosqichga ko‘tarish uchun qulay imkoniyatlar mavjud.

Tahlilchilarning fikricha, Prezident Tramp uchun birinchi qadam Markaziy Osiyoga tashrif buyurish bo‘lishi kerak. Yashil texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan minerallarga boyligi va strategik imkoniyatlari bilan mintaqa Amerika manfaatlari uchun muhim rol o‘ynashi mumkin.

Endi O‘zbekiston bilan munosabatlarni tahlil qilsak..

Donald Trampning yangi ma’muriyati davrida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Oldingi Tramp ma’muriyati O‘zbekistonni Jahon Savdo Tashkilotiga (WTO) a’zo bo‘lishga rag‘batlantirish, iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va ikki tomonlama savdo aloqalarini kengaytirishga qaratilgan yondashuvni amalga oshirgandi. Endi esa ushbu jarayonlarni yangi bosqichga ko‘tarish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jahon savdo tashkiloti va Trampning pozitsiyasi

Donald Tramp Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) nisbatan o‘ta salbiy munosabati bilan tanilgan bo‘lib, O‘zbekiston uzoq yillardan buyon ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishga intilib kelmoqda. 2018-yilda u 1994-yilgi JST shartnomasini tarixdagi eng yomon savdo kelishuvi deb atagan va agar tashkilot u o‘ylagan adolatsiz siyosatni o‘zgartirmasa, undan chiqishini tahdid qilgan edi. Trampning JSTga nisbatan asosiy e’tirozi tashkilotning Xitoy manfaatlarini osonlashtirayotganida. Shuningdek, u ba’zi boy davlatlarning rivojlanayotgan mamlakatlar maqomidan foydalanib, subsidiyalar olishi va importga nisbatan yuqori bojxona to‘siqlarini joriy etishidan norozi.

Garchi Trampning “ba’zi davlatlar” deganda asosan Xitoyni nazarda tutayotgani aniq bo‘lsa-da, Respublikachilar partiyasining konservativ qanoti JST doirasida rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasidagi farqlarni yo‘q qilishga intilayotgani kuzatilmoqda.

Bu kabi siyosiy yo‘nalish O‘zbekiston kabi JSTga a’zo bo‘lishga intilayotgan va Xitoy yoki Hindiston darajasidagi yalpi ichki mahsulotga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun noqulay. O‘zbekiston prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunovning ta’kidlashicha, JST bo‘yicha muzokaralarning asosiy to‘siqlaridan biri rivojlangan davlatlar tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlarga o‘zlariga qo‘yilgan talablarni bir xil darajada qo‘llashidir. “JST masalasida Trampning pozitsiyasi aniq va ochiq bayon etilgan. U JSTni Xitoyning iqtisodiy imkoniyatlarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi vosita deb atagan va bu tashkilotning ta’sirini kamaytirishga intilgan. JSTning o‘rnini bosuvchi mexanizm sifatida Tramp ma’muriyati birinchi prezidentlik davrida faol targ‘ib qilgan Trans-Tinch okeani tashabbusi ko‘rib chiqilgan edi,” deydi ekspert, “Ma’no” tadqiqotchilik tashabbuslari markazi rahbari Baxtiyor Ergashev. Uning fikricha, Trampning bu pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolgan va kelgusi to‘rt yil ichida AQSh JST ta’siridan uzoqlashishda davom etadi. Xitoy ushbu tashkilot doirasida tobora katta ta’sirga ega bo‘lib bormoqda.

“Bu, albatta, O‘zbekistonni JSTga a’zo qilish uchun faol ishlayotgan mahalliy elita guruhiga savol tug‘diradi: endi qanday yo‘l tutamiz? Agar AQSh ma’muriyati JSTning ta’sirini susaytirishni davom ettirsa, O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish uchun qilayotgan katta sa’y-harakatlari nima uchun muhim, degan savolga javob topish qiyinlashadi,” deydi Ergashev.

Markaziy Osiyo sektorining IMEMO RAS bo‘limi rahbari Stanislav Pritchinning fikriga ko‘ra, AQSh O‘zbekistonni JSTga kiritish bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini deyarli yakunlab bo‘lgan.

“Texnik jihatdan, AQSh bilan muzokaralar yakunlangan. AQShning O‘zbekistonni JSTga kirishida qo‘llashi mumkin bo‘lgan barcha vositalari deyarli ishlatilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda, boshqa asosiy o‘yinchilar – Xitoy, Rossiya va boshqa davlatlar – bu masalada AQShga bog‘liq emas,” deydi ekspert.

Noqonuniy migratsiya

2021–2023-yillar oralig‘ida taxminan 13 600 nafar o‘zbekistonlik AQShga Meksika orqali noqonuniy kirishga uringan. Bu ko‘rsatkich umumiy migratsiya oqimlari bilan solishtirganda kichik bo‘lsa-da, konservativ siyosatchilar va ommaviy axborot vositalari buni AQShdagi xavfsizlik masalalarini yoritishda qo‘llagan.

Tramp o‘z saylov kampaniyasida noqonuniy migratsiya masalasini muhim mavzulardan biri sifatida ko‘targan edi. Yangi ma’muriyat davrida, Kongressda Respublika partiyasining ustunligi sabab, ushbu masala bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi mumkin.

Forbes nashri tomonidan so‘ralgan ekspertlarning prognozlariga ko‘ra, yangi ma’muriyat H-1B ish vizalari va mehnatga asoslangan yashash huquqini beruvchi “green card”lar sonini qisqartirishi mumkin. Bu esa, murojaatlarning ko‘proq rad etilishi, ko‘rib chiqish jarayonlarining uzoq davom etishi va nomzodlar uchun talablarning kuchaytirilishiga olib kelishi ehtimoli bor. Shuningdek, xalqaro talabalarga o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha AQShda 12 oy davomida ishlash imkonini beruvchi Optional Practical Training (OPT) dasturi ham xavf ostida qolishi mumkin.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, bu O‘zbekistondan AQShga noqonuniy migratsiya oqimining yanada cheklanishiga olib keladi. Migratsiya masalasi kelgusi to‘rt yil davomida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda tobora dolzarb mavzuga aylanadi. Yangi Oq Uy ma’muriyati O‘zbekistondan o‘z hududidan o‘tuvchi migratsiya oqimlarini yaxshiroq nazorat qilishni talab qilishi va ushbu talabni boshqa sohalarda AQSh tomonidan ko‘rsatiladigan yordam bilan bog‘lashi mumkin.

“Qopqonda qolayotgan” Markaziy Osiyo (Sanksiyalar)

Ukrainadagi qurolli mojaro boshlanganidan beri, Markaziy Osiyo davlatlari AQSh va Yevropa Ittifoqidan kelayotgan kuchli siyosiy va iqtisodiy bosim ostida qolmoqda. G‘arb mamlakatlari ushbu davlatlardan sanksiya rejimiga rioya qilishni talab qilib, unga bo‘ysunmagan taqdirda “ikkinchi darajali sanksiyalar” qo‘llash bilan tahdid qilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, bu sanksiyalar Markaziy Osiyo davlatlarini iqtisodiy “qopqon”da qoldirib, logistika xarajatlarining oshishiga va yoqilg‘i narxlarining inflyatsiyasiga sabab bo‘lmoqda. 2022-yil yozidan beri bir qancha o‘zbek kompaniyalari, jumladan Uzstanex va The Elite Investment Group, AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan tuzilgan “qora ro‘yxat”ga tushgan.

Donald Tramp o‘z prezidentlik kampaniyasida Ukrainadagi urushni 24 soat ichida to‘xtatishga qodir ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Ammo ekspertlar fikricha, uning tinchlik tashabbuslari amalga oshirilsa ham, bu avtomatik ravishda sanksiyalar rejimining bekor qilinishiga olib kelmaydi. Mojaroning yaqin kelajakda tugash ehtimoli kam va sanksiyalarga oid kurash davom etadi.

Tramp ma’muriyati davrida qabul qilingan “Amerika dushmanlariga qarshi sanksiyalar orqali kurash” (Countering America’s Adversaries Through Sanctions) nomli federal qonun, prezidentning sanksiyalarni Kongress roziligisiz bekor qilish huquqini cheklagan. Ushbu qonun avvalgi prezidentlar tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni mustahkamlagan.

Markaziy Osiyodagi logistika bo‘yicha ekspert va Logistan.info bosh muharriri, Grigoriy Mixaylov Rossiyaning eksport va import oqimlarining o‘sishi Markaziy Osiyo davlatlariga sezilarli foyda keltirayotganini ta’kidlab, AQShning ushbu oqimlarni kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlari unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmaganini aytadi. Urush tugagan taqdirda, tovar oqimlari qisqarishi va daromadlarning kamayishi kutilmoqda.

Qisqa muddatda keskin o‘zgarishlar kutish to‘g‘rimi?

Uz.kursiv.media nashri tahlillarida keltirilishicha, katta ehtimol bilan Oq uyning yangi rahbari davrida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar haroratida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmaydi. AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati asosan Demokratlar va Respublikachilar partiyalari tomonidan birgalikda belgilangan uzoq muddatli tashqi siyosat maqsadlari asosida shakllanadi.

“Trampning birinchi prezidentlik davrida avvalgi prezidentlarning qarorlarini bekor qilish va qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha keng tarqalgan amaliyotiga qaramay, AQSh va O‘zbekiston munosabatlarida qisqa muddatda keskin o‘zgarishlar kutilmaydi”,— deydi Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti vakili Ruslan Zaripov.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot