$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Cho'kib borayotgan pensiya tizimi

Pensiya

O‘zbekiston Allianz Pension Ranking – 2023 pensiya reytingida () oxirgi o‘rinlardan birini (75 mamlakat ichida 71-o‘rin) egalladi. Taqqoslash uchun, Qozog‘iston 34-o‘rinda, Rossiya — 37, Turkiya — 59-o‘rinda. Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi mamlakatning pensiya ta’minoti tizimini yaxshilashga nimalar to‘sqinlik qilayotganini o‘rganib chiqdi.

Reyting nimalarga asoslanib tuzilgan? 

 Reyting uchta sub-indeksga asoslanadi: bazaviy sharoitlar, barqarorlik va pensiya tizimining monandligi. Ular 1 dan 7 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholanadi, bunda 1 eng yuqori bahodir. O‘zbekistonning umumiy bahosi 4,5 ni tashkil etgan (bazaviy sharoitlar bo‘yicha 4,4, barqarorlik bo‘yicha 3,6 va monandlik bo‘yicha 5,3).  

Bizda pensiya tizimi yaxshi ishlamaydi

O‘zbekistonda pensiya badallari darajasi boshqa mamlakatlarga nisbatan yuqori — 12−25 foiz. Biroq to‘lovlarning yalpi koeffisiyenti o‘rtacha (55 foiz). Ushbu ko‘rsatkich ishchining o‘rtacha ish haqiga nisbatan olingan o‘rtacha pensiyani ko‘rsatadi. Bu nomuvofiqlik fuqaro pensiya badallaridan ko‘p mablag‘ olmayotgani va pensiyalar juda past ekanini anglatadi.  

O‘zbekistonda norasmiy bandlik yuqori bo‘lgani sababli pensiya ta’minoti tizimining qamrovi past — 38 foiz. Pensiya mexanizmlari sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan rasmiy moliyaviy xizmatlar ommabopligi ham past.  

Mamlakat pensiya tizimi majburiy badallar bo‘yicha belgilangan to‘lov tizimidan iborat. Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, u borgan sari davlat byudjetidan ko‘proq moliyalashtirilmoqda.  

Yillar kesimida statistika

So‘nggi 10 yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 baravarga oshgan bo‘lsa, xarajatlari 5 baravarga oshgan. 2020-yildan pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan doimiy ravishda transfert ajratilmoqda.  

2022-yilda transfert miqdori 11 trillion so‘m (jami xarajatning 24,7 foiz) tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda 15 trillion so‘m (29 foiz) ko‘zda tutilgan. 2030-yilda transfert miqdori 38 trillion so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda. 

Kasbiy pensiya rejalari tashkil qilish kerak

Ma’lumot uchun, to‘lovlar o‘rnatilgan tizim — bu fuqaroning belgilangan pensiya olishi kafolatlangan pensiya tizimi. Pensiya miqdori badallar miqdoriga, pensiya yoshiga va ish stajiga qarab o‘zgarishi mumkin, ammo uni belgilashning qat’iy qoidalari mavjud. Biroq, olingan pensiya miqdori odatda badallarga bog‘liq emas, chunki badallar, odatda, umumiy pensiya jamg‘armasiga birlashtiriladi.  

O‘zbekistonda kasbiy pensiya rejalari mavjud emas. Mavjud bo‘lgan yagona individual jamg‘arish dasturi majburiy bo‘lib, badallar stavkasi past bo‘lgani (oylik ish haqining 0,1 foiz) va cheklovchi qoidalari ko‘p bo‘lgani bois katta ahamiyat kasb etmaydi.  

Ushbu mablag‘larga har yili inflyatsiya miqdorida foiz daromadlari hisoblansa-da, fuqarolar o‘z jamg‘armalarini ixtiyoriy ravishda boshqa moliyaviy instrumentlarga yoki bank omonatlariga yo‘naltirish huquqiga ega emas.  

Xalqaro tajribalarni qo'llab ko'rishga zarurat 

O‘zbekistonning davlat pensiya ta’minoti tizimini boshqa davlatlar bilan solishtirish mumkin. Biroq aksariyat mamlakatlarda mazkur komponent kasbiy pensiya dasturlari yoki shaxsiy jamg‘arish dasturlari bilan to‘ldiriladi. Masalan, Daniya va Niderlandiya yuqoridagi va boshqa reytinglarda eng yuqori o‘rinlarni egallaydi. Ularning pensiya tizimlari kuchli professional komponentga asoslangan. Masalan, Niderlandiyada davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan bazaviy belgilangan stavkali davlat pensiyasi mavjud. U sanoat shartnomalari bilan bog‘langan majburiy pensiya rejasi bilan birlashtirilgan. Ushbu pensiya rejasi daromad bilan bog‘liq va belgilangan imtiyozlarga ega, ammo kapital moliyalashtirishga asoslangan. Ish joyini o‘zgartirganda pensiya huquqlari to‘liq o‘tkaziladi.

Теги :
Jamiyat