$
 12003.18
13.09
 13987.31
12.86
 156.68
-1.27
weather
+26
Кечаси   +14°

Ayrim fermerlarga hosil qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi

Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev paxtachilik va gʻallachilikni moliyalashtirishni samarali tashkil etish hamda agrar sohada subsidiyalar ajratishning yangi tizimi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Taqdimot boshida joriy yilda sohaga yo‘naltirilgan moliyaviy resurslar va ularning samaralari haqida ma’lumot berildi.

Tejalgan 1,9 trillion so‘m

Ta’kidlanganidek, paxta va g‘alla yetishtirishni moliyalashtirish, qishloq xo‘jaligi texnikalari xaridi va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun jami 29 trillion so‘m ajratilgan bo‘lib, sohaga 2,35 trillion so‘m subsidiya yo‘naltirilgan.

O‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirgan xo‘jaliklarga hosil qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya berilgani tufayli 3430 ta fermer va klasterlar 151 ming gektarda paxta yetishtirdi va natijada 1,9 trillion so‘m mablag‘ tejaldi.

Shuningdek, paxta yetishtirish uchun olingan kreditni yil yakuniga qadar to‘liq qaytargan fermerlarga foiz to‘lovining 4 foiz bandi qaytarib berilishi tufayli 9002 nafar fermer 2,5 trillion so‘mlik imtiyozli kreditlarni muddatidan oldin yopdi.

Keyingi yil 34,2 trillion so‘m ajratiladi

Kelgusi yilda paxta va g‘alla yetishtirish, subsidiya va boshqa xarajatlarga jami 34,2 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilgani, qo‘shimcha 200 million dollar jalb qilinib, 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinishi ma’lum qilindi. Bu jarayonda qo‘llanilishi taklif etilayotgan yangi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham muhokama qilindi.

Xususan, 2026-yilda agrotexnik tadbirlar, jumladan, plyonka va egiluvchan quvurlar xaridiga qo‘shimcha 5 trillion so‘m yo‘naltirish taklifi bildirildi. Kredit limitining 50 foizigacha foydalanilgan taqdirda sotilgan paxta qiymatining 5 foizi miqdorida subsidiya berish orqali o‘z mablag‘i va qisman kredit hisobidan hosil yetishtirayotgan fermerlar sonini 4–4,5 ming nafarga yetkazish, natijada 2,5–3 trillion so‘m mablag‘ni tejash mumkinligi qayd etildi.

O‘z hisobidan bug‘doy yetishtirgan fermerlar uchun subsidiya

Hozirda kredit ajratishda moliyaviy barqaror xo‘jaliklar bilan to‘lov intizomi past bo‘lganlar bir xil stavkada kredit olayotgani ta’kidlanib, “intizomli bo‘lish – arzon kredit” tamoyilini joriy etish taklif qilindi. Ya’ni, “A” kredit reytingiga ega xo‘jaliklarga stavkani 2 foizga, “B” reytingdagilarga esa 1 foizga pasaytirish orqali intizomli fermerlarning yukini kamaytirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, o‘z mablag‘i hisobidan bug‘doy yetishtirgan fermerlarga hosil qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya berish tashabbusi ilgari surildi.

Prezident ta’kidlaganidek, fermerlarni rag‘batlantirish, ularda ishonch va iqtisodiy manfaatdorlikni kuchaytirish — qishloq xo‘jaligi rivojining asosiy omillaridan biridir. Shu bois agrar sohada qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari doimiy ravishda kengaytirib boriladi.

Sohada byurokratiya qisqaradi

O‘zbekiston Prezidentining 22-noyabrdagi “Agrar sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etildi. Taqdimotda agentlikka yuklatilgan vazifalarning bajarilish mexanizmi ham ko‘rib chiqildi.

Hozirda qishloq xo‘jaligida 52 turdagi subsidiya ajratiladi. Yangi tizimda bu jarayon keskin soddalashtiriladi, inson omili kamaytiriladi, byurokratiya qisqaradi, arizalar to‘liq raqamlashtiriladi va barcha jarayonlar “Agroportal” orqali amalga oshiriladi.

Buning uchun “Agrosubsidiya” axborot tizimi 10 dan ortiq vazirlik va idoralarning ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi.

1,3 trillion so‘mlik subsidiya talabgorlar ishtirokisiz beriladi

Xususan, 2026-yil uchun mo‘ljallangan 1,3 trillion so‘mlik subsidiyalar talabgorlarning ishtirokisiz davlat organlari tomonidan proaktiv tarzda beriladi. Qolgan subsidiyalar esa ortiqcha kelishuv va hujjatlashtirish talablarisiz soddalashtirilgan tartibda taqdim etiladi. Bu esa subsidiya ajratish muddatining ancha qisqarishiga xizmat qiladi.

Davlat rahbari moliyalashtirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, subsidiyalarning manzilliligi va tezkorligini oshirish, jarayonlarni raqamlashtirish hamda fermerlar uchun yanada qulay sharoit yaratish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.`