$
 12831.81
-25.54
 14606.45
-66.36
 163.75
0.3
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

“Ijtimoiy davlatda parklar sotilmaydi”: Deputatlar “Anhor-Lokomotiv” bo‘yicha so‘rov yubordi

Anhor parki

O‘zi shundoq ham cho‘llashib borayotgan Toshkent yana bir yirik yashil hududini yo‘qotish arafasida turibdi. Avvalroq jamoatchilik bog‘ni saqlab qolish uchun petitsiya imzolashni boshlagani haqida xabar bergandik. Jamoatchilik noroziliklaridan so‘ng masalaga deputatlar ham aralashdi.

Bog‘ o‘rnida yana bir qurilish rejasi

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, “Anhor-Lokomotiv” bog‘i o‘rnida apart-otel, turar-joy majmuasi, biznes markazi va sport inshootlari barpo etilishi rejalashtirilgan. Dastlab, faqat to‘rtta bino qurilishi mo‘ljallangan bo‘lsa, keyinchalik loyihada yanada zichroq qurilish rejalari paydo bo‘ldi. Urbanistlar bunday rejalarning shahar infratuzilmasiga, transport tizimiga va ekologik barqarorlikka qanday ta’sir qilishi haqida ogohlantirmoqda.

Petitsiyada 1,5 mingdan ortiq odam qatnashdi

Bu nafaqat Toshkentdagi yashil hududlarni saqlab qolish masalasi, balki ijtimoiy adolat va shahar aholisi manfaatlarini himoya qilish masalasiga ham aylanmoqda. Ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtova qurilish bog‘ning ekologik muvozanatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlab, jamoatchilikni bog‘ni himoya qilishga chaqirmoqda.

Avvalroq aynan shu guruh faollar 2021-yilda “Moviy gumbazlar” bog‘ini buzilishdan saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishgan. Endi esa “Anhor-Lokomotiv” bog‘ini himoya qilish maqsadida petitsiya imzolash jarayoni boshlangan. Petitsiyani 17-fevraldan boshlab bir hafta davomida bog‘ hududidagi “Karting” klubining birinchi qavatida imzolash mumkin. Ushbu tashabbus mahalliy faollar tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ikki kun ichida 1 500 dan ortiq kishi imzo qo‘ygan.

Shaharning ekologik muvozanati izdan chiqadimi?

Qurilish rejalari shaharning ekologik muvozanatini butunlay izdan chiqarishi mumkin, deya ogohlantirmoqda urbanist Iskandar Soliyev. Uning fikricha, bunday loyihalar ekologik, shaharsozlik va transport infratuzilmasiga og‘ir zarba bo‘lishi aniq.

“Daraxtlarning kesilishi – bu oddiy o‘zgarish emas, bu shaharning nafas olish imkoniyatini cheklash degani. Bog‘dagi daraxtlar chang va smogni filtrlash, havo namligini me’yorda ushlab turish vazifasini bajaradi. Ular kesilsa, yozda jazirama kuchayadi va atmosfera ifloslanadi. Natijada, Toshkent issiqxona shahriga aylanib boraveradi”, – deydi urbanist Soliyev. Shuningdek, u Anhor daryosi oqimining o‘zgarishi katta xavf tug‘dirishini ta’kidlamoqda. “Daryo bo‘yini betonlashtirish yer osti suvlarining tabiiy balansini buzadi, oqibatda, Anhor tabiiy ravishda qurib qolishi yoki yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkin. Kuchli yomg‘irlar paytida esa suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli ortadi”, – deydi Soliyev.

Transport inqirozi chuqurlashadi

Qurilishning shaharga ta’siri nafaqat ekologik, balki infratuzilma bo‘yicha ham jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi aniq. Bu hududda allaqachon tirbandlik muammosi mavjud. Qo‘shimcha binolar qurilishi esa yo‘l tarmoqlari yuklamasini yanada oshiradi.

“Toshkent allaqachon haddan tashqari zichlashgan. Har qanday yirik shahar rivojlanishida transport harakati, jamoat transporti qulayligi va avtomobil yuklamasi hisobga olinishi kerak. Ammo bu loyiha rejasida bunday hisob-kitoblar qilinganiga hech qanday ishonch yo‘q”, – deydi urbanist.

“Ijtimoiy davlatda parklar sotilmaydi”

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa bu boradagi asosiy muammoni davlat yondashuvida ko‘radi.

“Ijtimoiy davlatda parklar sotilmaydi. Bu oddiy tamoyil. Chunki parklar xalq uchun, jamoatchilik uchun mo‘ljallangan ijtimoiy ne’mat. Ularni ko‘p qavatli binolarga almashtirish shahar muhitiga jiddiy zarar yetkazadi. Prezidentning o‘zi istirohat bog‘larini xususiylashtirishni taqiqlash kerakligi haqida gapirgan edi. Endi bu tamoyillar nega unutildi?”, – deydi Bakirov.

Uning fikricha, davlat parklarni sotish orqali fuqarolarning yashash sharoitini yanada yomonlashtirmoqda:

“Odamlar shaharda yashashadi, tabiat bilan bog‘lanishlari kerak. Lekin Toshkentning markaziy qismlarida yashil hududlar keskin kamaymoqda. Nega biz muhim ekologik maskanlarni tijorat loyihalariga qurbon qilishimiz kerak?” – deydi u.

Blogerning so‘zlariga ko‘ra, “Anhor-Lokomotiv” bog‘ining davlat tasarrufidan chiqarilishi va sotilishi shundoq ham tirband va ekologik muammolari ortib borayotgan shahar uchun katta yo‘qotish bo‘ladi.

Shahardagi yirik yashil hududlarni yo‘qotish Toshkentni ekotizimi buzilgan, qizib ketgan, tirband va chang bosgan shahar holatiga olib kelishi mumkin. “Yana 5-10 yildan keyin yozning jaziramasida na bir soyali joy, na toza havo qolsa, buning javobini kim beradi?” – deya xavotir bildiradi mutaxassislar.

Deputatlar holat yuzasidan rasmiy izoh talab qilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Baxtiyor Po‘latov ham bog‘ atrofidagi mojarolar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirgan. U O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligidan bog‘ o‘rnida rejalashtirilayotgan qurilishning qanchalik qonuniyligi boyicha izoh so‘rab, deputatlik so‘rovi yuborgan.

Deputatning fikricha, Toshkentdagi yashil hududlar nafaqat shahar aholisi uchun muhim, balki ekologik barqarorlikning ham kafolati hisoblanadi.

Davaktivdan qaytarib olish shart” — Yechim qanday?

Bakirovning ta’kidlashicha, bog‘ning tijoriy loyihaga aylanishi faqatgina uning Davaktiv balansiga o‘tkazilgani bilan bog‘liq.

“Anhor-Lokomotiv” bog‘i Davaktiv tasarrufida bo‘lib, uning sotilishi allaqachon rejalashtirilgan. Park Davaktiv balansidan chiqarilishi va jamoatchilikka, aytaylik, shahar hokimligiga qaytarilishi shart.

Bundan tashqari, poytaxtda yangi qurilishlar uchun shahar markazidagi bog‘larni emas, yangi hududlarni tanlash zarurligi ta’kidlanmoqda:

“Ko‘p qavatli turar-joy majmualari, biznes markazlari qurish istagida bo‘lganlar uchun maxsus hududlar ajratilishi kerak. Masalan, Toshkent yaqinida Yangi Toshkent loyihasi bor. Nega aynan shahar markazida, yashil hududlar buzib tashlanib, beton uylar qad ko‘tarishi kerak?” – deydi iqtisodchi.

Ma’lumot uchun, loyiha mualliflari va bog‘ ma’muriyati holatga halicha izoh bermadi.

Теги :
Jamiyat