$
 12829.07
-15.14
 13344.80
-163.46
 124.91
-2.44
weather
+26
Кечаси   +14°

PANDEMIYA BERGAN IMKONIYAT: KARANTINDA SAVDONI IKKI HISSA OSHIRGAN OLCHA.UZ

Mastercard Economics Institute o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, pandemiya davrida dunyo bo‘yicha odamlar onlayn xaridlarga avvalgi ikki yilga nisbatan 900 mlrd dollar ko‘proq pul sarflashgan. Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yilda tovar va xizmatlarga sarflangan mablag‘larning 20 foizi onlayn savdoga to‘g‘ri kelgani holda, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 14 foizdan sal ko‘proq bo‘lgan.

O‘zbekiston ham bu tendensiyadan chetda qolgani yo‘q. Uz24.uz onlayn savdo pandemiya davrida boshdan kechirgan, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga xos inqilob haqida mamlakatdagi eng peshqadam internet do‘konlardan biri – olcha.uz asoschisi Elyor Bozorov bilan suhbatlashdi.

– Siz O‘zbekistonga ilk bor onlayn savdo fenomenini olib kirgan insonlardan birisiz. Aholi tomonidan bunday yangi tushuncha dastlab qanday qabul qilingan?

– Onlayn savdo sohasidagi faoliyatim 2015-yilda BMBOX.uz platformasidan boshlangan. Unda xorijda ishlab chiqarilgan, bozorda kamyob mahsulotlar sotilardi. Dastlab aholining keng qatlami bunday formatni firibgarlikning bir ko‘rinishi, aldov deb qabul qilgan. To‘lov qilsam, tovar ham kelmaydi, pulimdan ham ayrilaman, degan qarash bor edi. Talab ham shunga yarasha bo‘lgan. Asosan xorijda bo‘lgan, chet davlatlarda bunday amaliyotga guvoh bo‘lgan ozchilik qatlamgina internet do‘kon xizmatlaridan foydalanardi. 2015-2017 yillar oralig‘ida asosan shunday vaziyat saqlanib qoldi.

2017-yilda esa mamlakat iqtisodiyotida tub burilish kuzatildi. Soliq tizimi, to‘lov tizimlarida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lib, internet do‘konlar soni oshdi, shuningdek, an’anaviy formatdagi do‘konlar o‘zining onlayn muqobilini ham yaratishga kirishib ketdi. Raqobat ko‘paydi. BMBOX.uz’ni to‘liq yangilab, olcha.uz nomi ostida yangicha ko‘rinish, yangicha ruh bilan taqdim etdik. Maqsad mijozlarga yoqimli tarzda eng arzon narxlarni taklif qilish edi. Narxlarni doim minimal darajada ushlab turdik. Natijada odamlar hatto bozorga borib, olcha.uz’dagi narxni ko‘rsatib, arzonlashtirib berishni so‘ragan holatlar ham bo‘lgan. O‘sha davrda odamlar o‘z vaqtini juda arzonga baholar, uydan chiqmay buyurtma berish imkoniyati bo‘la turib, 10-20 ming so‘m foyda qilaman deb, dam olish kunlarini yo‘ldagi tiqilinchlarda, bozorda savdolashib, yuk ko‘tarib yurishga sarflashga ham tayyor, hali internet qulayliklaridan foydalanish madaniyati to‘liq shakllanmagan edi. Biz esa turli aksiyalar, halol nasiya xizmati, narxni pasaytirish orqali mijozlarni jalb qilishga juda katta resurs sarflaganmiz.

– Onlayn xarid afzalliklari hali to‘liq tushunilmagan, talab ham o‘ziga yarasha bo‘lgan bunday davrda olcha.uz qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirdi?

– Internet do‘kon tushunchasining o‘zi endi-endi ommalashib borayotgani bois dastlab bu sohani yaxshi tushunadigan jamoani shakllantirishning o‘zi juda qiyin edi. Shunga qaramay, yosh, kreativ va malakali jamoani yig‘a olganimiz loyiha muvaffaqqiyatida muhim rol o‘ynadi. Qolaversa, talab hali juda yuqori bo‘lmagan kezlarda oz resurs bilan katta natijaga intilishga to‘g‘ri kelardi. To‘g‘ri marketing siyosatini yuritish va arzon onlayn marketing instrumentlaridan foydalanish natijasida platformani doimo trendda ushlab turishning uddasidan chiqqanmiz.

Avvaliga olcha.uz’ning kelajagiga ko‘pchilik ishonmagan. O‘zi umuman, internet do‘konlarning kelajagi o‘ta mavhum holatda edi. Intilishlarimiz meva berishiga ishonchni yo‘qotmagan holda sabr bilan olg‘a intilishda davom etishga to‘g‘ri kelardi.

– Pandemiya butun dunyo bo‘ylab insonlarning turmush tarzida keskin burilish yasadi. Savdo sohasi ham bundan mustasno emas. Olcha.uz bu davrni qanday boshdan kechirdi?

– Pandemiya davrida bizning biznesimiz ham katta zarbaga uchradi. Hamma omborxonalar yopiq, yo‘llar yopiq. Na tovarga, na mijozga yo‘l yo‘q. Keyinroq yetkazib berish xizmatlariga ko‘chada harakatlanishga ruxsat berilguncha vaziyat shundayligicha qoldi.

Boshqa tomondan, bu davrda odamlarning internetga, xususan, onlayn savdoga munosabati keskin o‘zgardi. Uydan chiqa olmay, qo‘lidagi gadjeti asosiy ovunchog‘iga aylangan odamlar uning imkoniyatlaridan maksimal foydalana boshlashdi. Onlayn buyurtmalarga ishonch paydo bo‘lib, internet xizmatlaridan foydalanish madaniyati shakllandi. Va tabiiy ravishda, talab ham osha boshladi.

Pandemiya davrida olcha.uz’da savdo hajmi qariyb ikki baravarga oshdi. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, bu vaqtda platforma orqali 2,4 mln dollar qiymatidagi 20 ming dona mahsulot savdosi qayd etildi. Xususan, elektronika va aksessuarlar, maishiy texnika buyumlariga bo‘lgan talab ortdi.

– Olcha.uz pandemiyadan imkoniyat o‘laroq foydalana olganiga qanday omillar ta’sir ko‘rsatdi, deb o‘ylaysiz?

– Pandemiyagacha bosib o‘tgan yo‘l. Ya’ni muvaffaqqiyat 10 ming soatlik tajriba, to‘g‘ri zamon va to‘g‘ri makon kesishuvida yotadi. Olcha.uz pandemiyada yoppasiga onlaynlashuv avjiga chiqqan davrda bu imkoniyatdan foydalanishga shay holatda edi. 2015-2020 yillar oralig‘ida talab past bo‘lganda ham platforma faoliyatini muntazam takomillashtirib borganimiz odamlar o‘z vaqtining qadriga yetib, onlayn savdo afzalliklarini tushuna boshlaganida yuqori talabni sifatli va tezkor qondirish imkoniyatini berdi.

Qolaversa, boshqalar buyurtmani bir haftada yetkazayotgan vaqtda biz kompleks veb-sayt va CRM-tizimi ishlab orqali butun respublika bo‘yicha uch kun ichida yetkazib berishni yo‘lga qo‘ya olganimiz yutug‘imiz bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida, Olcha.uz onlayn savdo platformasi o‘z faoliyatini 2017-yil dekabrida boshlagan. Internet do‘kon sifatli mahsulotlar assortimenti hamda tez va qulay yetkazib berish xizmati bilan qisqa muddat ichida mijozlar ishonchini qozongan.

Olcha.uz tezkor yetkazib berish xizmati bilan birga qator qulayliklarni ham taklif qiladi. Xususan, to‘lovni turli shakllarda amalga oshirish barobarida, cash-on-delivery xizmatidan foydalanish, ya’ni mahsulotni qabul qilib olgandan keyingina to‘lov qilish imkoniyati mavjud.

Platforma xaridlarni yanada yoqimli qilish maqsadida Cashback tizimini ham yo‘lga qo‘ygan: saytda muayyan tovarlar xaridi uchun to‘lovning ma’lum foizi mukofot sifatida mijozga qaytariladi.

Qolaversa, olcha.uz sayti nafaqat zamon, balki tabiat bilan ham hamnafaslikda faoliyat olib boradi. Eco-friyendly tamoyiliga amal qilgan holda, tovarlarni qadoqlashda polietilen va boshqa qiyin chiruvchi materiallardan voz kechgan.