$
 12500.01
-14.33
 14471.26
-129.22
 151.96
-4.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Odam savdosi yana “trend”dami: Jamiyat bu muammodan qanchalik xabardor?

Odam savdosi

Odam savdosi zamonaviy davrning global muammolaridan biri bo‘lib, u inson huquqlari buzilishining eng og‘ir shakllaridan biri sifatida tan olingan. Bu jinoyat turi nafaqat shaxsiy erkinlik va xavfsizlikka tahdid soladi, balki jamiyat barqarorligiga, ijtimoiy adolatga va xalqaro huquq me’yorlariga ham jiddiy putur yetkazadi. “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan 2022, 2023 va 2025-yillarda bosqichma-bosqich amalga oshirilgan ijtimoiy sotsiologik tadqiqotlar ushbu masalaning joriy holatini aniqlashga, fuqarolarning xabardorlik darajasi, unga munosabati va qarshi kurashish bo‘yicha takliflarini chuqur tahlil qilishga imkon berdi.

Aholi qanchalik xabardor?

So‘rov natijalari respondentlar orasida odam savdosi haqida xabardorlik darajasi yildan-yilga o‘zgarib borayotganini ko‘rsatadi. 2022-yilda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 62,8 foizi ushbu jinoyat turi haqida yetarli darajada xabardor ekanini bildirgan. 2023-yilda bu ko‘rsatkich biroz oshib, 64,5 foizni tashkil etgan. Biroq 2025-yilga kelib, xabardorlik darajasida biroz pasayish kuzatilib, bu ko‘rsatkich 61,3 foizni tashkil qilgan. Bu tebranishlar aholining ushbu mavzudagi xabardorligi barqaror yuqori darajada saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Mazkur mavzu yuzasidan “ma’lum ma’noda eshitgan, ammo chuqur bilimga ega bo‘lmagan”lar ulushi 2022-yilda 20,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 15,5 foizgacha kamaygan. 2025-yilga kelib esa ushbu guruh 29,5 foizgacha oshgan. Ushbu holat fuqarolarda mavzuga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini anglatadi, biroq shu bilan birga yetarli va sifatli axborot manbalariga ehtiyoj yuqoriligini ham ko‘rsatadi.

Shuningdek, 2025-yilda odam savdosi haqida umuman bexabar fuqarolar ulushi kamaygani kuzatilgan bo‘lib, bu ijobiy tendensiya sifatida baholanadi. Bu esa aholi orasida olib borilayotgan ma’rifiy targ‘ibot ishlari, ommaviy axborot vositalari, davlat organlari va fuqarolik jamiyatining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatining samaradorligini ko‘rsatadi.

Fuqarolar odam savdosi haqida qayerdan eshitadi?

Respondentlardan odam savdosi haqida qayerdan ma’lumot olishini so‘ralganda, ularning 76,8 foizi televizorni asosiy axborot manbasi sifatida ko‘rsatgan. 54,1 foiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini bildirgan. 24 foiz respondent esa gazeta va jurnallar orqali xabardorligini ta’kidlagan. Ushbu natijalar shuni ko‘rsatadiki, televizor hanuzgacha ishonchli va barqaror axborot manbai sifatida saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri ortib borayotgan bo‘lsa-da, ular orqali beriladigan axborotning sifati va ishonchliligini nazorat qilish muhimligicha qolmoqda.

Qayerga murojaat qilish kerak?

O‘tkazilgan so‘rovda ishtirok etganlarning 73,2 foizi odam savdosi holatiga duch kelgan taqdirda qayerga murojaat qilish kerakligini aniq bilishini bildirgan. 12,6 foiz respondent bu borada umumiy tasavvurga ega bo‘lsa-da, qo‘shimcha ma’lumotga muhtojligini aytgan. 14,2 foiz respondent esa qaysi tashkilotga murojaat qilishni umuman bilmasligini ma’lum qilgan. Bu holat zaif ijtimoiy guruhlar orasida ma’lumot tarqatish va huquqiy savodxonlikni oshirish zaruriyatini taqozo etadi.

Respondentlarning fikriga ko‘ra, odam savdosi holatlarida quyidagi tashkilotlarga murojaat qilish lozim: 78,3 foiz huquqni muhofaza qilish organlarini, 47,1 foiz prokuraturani, 37,2 foiz Ombudsmanni, 27,6 foiz esa odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha ishonch telefonlarini tilga olgan. Agar mazkur jinoyat chet davlatda ro‘y bergan bo‘lsa, respondentlarning aksariyati Tashqi ishlar vazirligi, elchixonalar va konsulliklarga murojaat qilish zarurligini bildirgan.

Eng keng tarqalgan shakllar

Odam savdosining eng keng tarqalgan shakllari haqida savolga javoban ishtirokchilarning 68,9 foizi mehnat ekspluatatsiyasini, 42,1 foizi shahvoniy ekspluatatsiyani, 24,3 foizi esa odam a’zolarining noqonuniy transplantatsiyasini ko‘rsatgan. Bundan tashqari, 23,2 foizi majburiy tilanchilik, 21,3 foizi esa bolalarni noqonuniy asrab olish holatlarini odam savdosining shakllari sifatida tilga olgan. Bu holat respondentlarning ushbu jinoyat turlaridan xabardorlik darajasining kengligini ko‘rsatadi.

Asosiy sabablar

Tadqiqotda odam savdosiga olib keluvchi asosiy sabablar ham aniqlangan. Jumladan, respondentlarning katta qismi ishsizlik va iqtisodiy qiyinchiliklarni asosiy sabab sifatida ko‘rsatgan. Shuningdek, tez boyish istagi, huquqiy savodxonlikning pastligi, tanqidiy fikrlashning yetishmasligi va har qanday yo‘l bilan xorijga chiqish istagi ham muhim omillar sifatida qayd etilgan.

Fuqarolarning fikricha, odamlar eng ko‘p quyidagi yo‘llar bilan savdogarlar tuzog‘iga tushib qolmoqda: xorijda ishlash takliflari orqali (asosiy yo‘nalish), do‘stlar, tanishlar va qarindoshlar orqali, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va tanishuv saytlaridagi yolg‘on va’dalarga ishonish natijasida.

Qurbonlarning keyingi taqdiri

Ekspluatatsiya qurboni bo‘lgan fuqarolarning keyingi taqdiri haqida ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 91,9 foizi oxir-oqibat ozod qilingan va o‘z yashash joyiga qaytarilgan. Bu ko‘rsatkich odam savdosi qurbonlarini himoya qilish, ularni qayta ijtimoiylashtirish va jamiyatga qayta integratsiyalash tizimining ma’lum darajada samarali ishlayotganidan darak beradi.

Respondentlarning 87,1 foizi odam savdosini nihoyatda jiddiy ijtimoiy muammo sifatida baholagan. Ularning aksariyati so‘nggi 5 yil ichida bu boradagi vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarganini bildirgan. Jumladan, 73,1 foiz respondent odam savdosiga qarshi kurash choralari kuchaytirilganini, huquqni muhofaza qilish organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati samarali kechayotganini ma’lum qilgan.

Samarali choralar

Odam savdosining oldini olishda samarali deb topilgan chora-tadbirlar qatorida quyidagilar ajratib ko‘rsatilgan:

·        Aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan keng qamrovli ma’rifiy faoliyat;

·        Qonunchilikni takomillashtirish va javobgarlikni qat’iylashtirish;

·        Xalqaro hamkorlikni kengaytirish;

·        Jinoiy guruhlarni faol aniqlash va ta’qib qilish;

·        Majburiy ta’lim dasturlarini joriy etish;

·        Korrupsiyaga qarshi kurashish;

·        Jabrlanganlarga psixologik, huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish.

Теги :
Jamiyat