$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Orolbo‘yidan dinozavr izi topildi

d 4 24

Ijtimoiy tarmoqlarda Orolbo‘yidan dinozavr izlari va dinozavr bolasining suyaklari topilgani haqida xabar tarqaldi. Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limiga qarashli Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy tadqiqot institutining geologiya laboratoriyasi mudiri Izzet Aimbetov mazkur xabarlarga izoh berdi.

Suv dinozavrining ham suyagi topilgan

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ustyurtda dinozavr izi topilgan. 

“O‘tgan yilning sentyabr oyida qoraqalpog‘istonlik olimlar bilan hamkorlik qilish istagida Slovakiyadan bir nechta paleontolog olimlar kelishdi. Ular Orolbo‘yidagi ko‘plab hududlarda tadqiqot olib borib, noyob topilmalarni topishdi. Ular orasida suvda yashaydigan dinozavrning kichikroq turining suyagi ham bor. Olimlar yurtlariga qaytib ketishdi va joriy yilning aprel oyi boshida yana Qoraqalpog‘istonga kelib, tadqiqot ishlarini davom ettirib, Ustyurtda dinozavr izini topishdi”, — deydi mudir.  

O‘rganishlar davom etmoqda

Qayd etishicha, dinozavrning izlari yerga botib, vaqt o‘tgani sayin geologik jarayon natijasida toshga aylanib qoladi. Hozir olimlar ana o‘sha tosh izlarni chuqur o‘rganmoqda.

Dinozavrlar faqat ertak emas

Paleontologlarning aytishicha, bunday noyob suyaklar hozircha Amerika Qo‘shma Shtatlari, Ruminiya, Xitoy va Qoraqalpog‘istonda topilgan. Hozir ushbu dala tadqiqotlari natijasi haqida dunyodagi nufuzli jurnallarga 3 ta katta maqola tayyorlanmoqda. Shuningdek, olimlar yana ko‘plab noyob suyaklar topishdi. O‘zbekistonda noyob topilmalarni tahlil qilish imkoni yo‘q, shuning uchun ular topilmalarni o‘rganish uchun olib ketishgan.

O‘zbekistonda paleontologlarga ehtiyoj bor

Qoraqalpog‘istonda paleontolog olimlar yo‘q. Umuman, O‘zbekistonda bunday mutaxassislarga juda katta ehtiyoj bor. Bu soha vakillari keyingi yillarda kamayib ketdi. Paleontolog olim million yillar oldin yashagan hayvonlarni, paleontologiya esa yerning tarixini o‘rganadigan fandir.  

Suyaklar 70 million yil ilgari yashagan hayvonlarga tegishli

Ikkita ekspeditsiya jarayonida topilgan suyaklar 70 million yil oldin yashagan hayvonlarning suyaklari bo‘lib, shu suyaklar orqali olimlar yerning tarixini o‘rganadi.

Kelajakdagi rejalar 

Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limiga qarashli Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy tadqiqot instituti slovakiyalik olimlar bilan memorandum imzolagan. Ushbu memorandumga Slovakiyada yosh paleontolog olimlarni tayyorlash masalasi kiritilgan.  

“Sentyabr oyida slovakiyalik hamkorlarimiz bir oy muddatga O‘zbekistonga keladi. Ular bilan birgalikda ekspozitsiya tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bu ekspozitsiyalar turistlarni jalb qilishga katta yordam beradi. Odamlar dinozavr suyaklarini ko‘rishga qiziqib keladi” – deydi Izzat Aimbetov.