$
 12279.48
13.71
 14508.21
16.2
 159.25
0.18
weather
+26
Кечаси   +14°

Yashil yechim ortidagi xavf: Atmosferadagi “abadiy kimyoviy moddalar” qanday paydo bo‘ldi?

ozon

Bir vaqtlar ozon qatlamini saqlab qolish uchun qilingan qarorlar bugun yangi muammoga sabab bo‘lmoqda. Olimlar ozon teshiklariga qarshi kurash jarayonida ishlatilgan moddalar tufayli atmosferada “abadiy kimyoviy moddalar” ko‘payib borayotganini aniqladi. Eng xavotirlisi, bu moddalar uzoq vaqt yo‘qolmaydi va ular inson salomatligiga ham jiddiy zarar yetkazishi mumkin. 

Xo‘sh, “abadiy kimyoviy moddalar” o‘zi nima? U qanday kasalliklarni keltirib chiqaradi? Bu moddalarni yo‘qotishning iloji bormi?

Ozonni himoyalaymiz deb nimani o‘zgartirdik?

1980-yillarda ozon qatlamidagi teshiklar butun dunyoni xavotirga solgan edi. Shu sabab sovitkich va konditsionerlarda ishlatiladigan xlorftoruglerodlar boshqa gazlar bilan almashtirildi. Keyinchalik global isishga qarshi kurash doirasida yana yangi sovituvchi moddalar joriy qilindi. Ammo vaqt o‘tib aynan shu almashtirishlar havoda xavfli “abadiy kimyoviy moddalar” to‘planishiga sabab bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Olimlar bu moddalarni PFAS deb ataydi. Ularning eng ko‘p uchraydigani triftoruksus kislotasi hisoblanadi. 

“Abadiy kimyoviy moddalar” nima va ular qanchalik xavfli?

O‘tkazilgan tadqiqotlar PFAS moddalarining homila tushishi xavfini oshirishi, farzand ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir qilishi va homilador ayollarda qon bosimini ko‘tarishi mumkinligini ko‘rsatgan. Bundan tashqari, bu moddalar immunitetni zaiflashtiradi va vaksinalar samaradorligini pasaytiradi. Ayrim PFAS turlari saraton chaqiruvchi modda sifatida ham tan olingan. Ular organizmdagi ichki bezlar faoliyatini buzishi bilan ham xavfli. Eng qo‘rqinchli jihati esa bu moddalar tabiatda deyarli parchalanmaydi va yillar davomida saqlanib qoladi. Shu sabab ularni “abadiy kimyoviy moddalar” deb atashadi.

Muammoni qanday hal qilish mumkin?

Bugungi kunda teflon, PFAS asosidagi izolyatsiya materiallari va boshqa mahsulotlardan foydalanishni cheklashga urinishlar bor. Ammo bu harakatlar hozircha katta samara bermayapti. Eng yomoni, bu zararli moddalar faqat shu mahsulotlardan emas, balki boshqa kimyo mahsulotlari orqali ham paydo bo‘layotgani aniqlangan. Buyuk britaniyalik olimlar tadqiqotiga ko‘ra, 2000–2022-yillar orasida triftoruksus kislotasi miqdori qariyb 6,8 barobarga oshgan va atmosferaga 0,335 million tonna “abadiy kimyoviy moddalar” qo‘shilgan.

Olimlar sovituvchi gazlardan foydalanishni yanada qattiq nazorat qilishni taklif qilmoqda. Ammo eski moddalarni qayta ishlatib bo‘lmaydi, yangi muqobillar esa yo yetarlicha samarali emas, yo xavfli. Propan, izobutan va ammiak kabi alternativalar bor, lekin ular zaharli yoki portlovchi bo‘lgani uchun katta xavf tug‘diradi. Shu sabab hozircha bu muammo murakkabligicha qolmoqda va olimlar 2025–2100-yillar oralig‘ida atmosferadagi triftoruksus kislotasi miqdori yanada oshishini kutishmoqda.

Теги :
Jamiyat