$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Orzu qila olgan kishigina yetakchi bo‘ladi – Malik Normurodov

р1

U jamiyatga manfaat keltirishni o‘z missiyasi deb biladi. Qiziqishlariga ergashib, o‘z muvaffaqiyat yo‘lini barpo etib, atrofdagilarni ham ilhomlantirib kelmoqda. So‘z nafaqat O‘zbekistonda, xalqaro miqyosda ham yetakchilarni tayyorlash bo‘yicha eng sara mutaxassislardan biri Malik Normurodov haqida.

Malik AQSHning nufuzli Lehigh universitetida global yetakchilik bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan, hozirda bu yo‘nalishda o‘zini mentor sifatida namoyish qilmoqda.

U o‘zining muvaffaqiyat yo‘li va ayni natijaga erishishdagi shaxsiy formulasini uz24 bilan bo‘lishdi.

Salom, AQSH!

Jizzax viloyatida tug‘ilib o‘sganman. Maktabning 10-sinfida o‘qib yurgan kezlarimda O‘zbekistondagi AQSH elchixonasining FLEX (Kelajak yetakchilari almashinuvi dasturi) dasturiga qabul ochilgani haqida e’longa ko‘zim tushib qoldi. Dastur maktab o‘quvchilariga bir yil davomida AQSHdagi o‘rta maktabda tahsil olish va mezbon oilada istiqomat qilish imkoniyatini taqdim etadi. Maqsad – ularni Amerika madaniyati va ta’lim tizimi bilan tanishtirish. Omadimni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim va ariza topshirdim. Saralanganlar ro‘yxati qariyb yarim yildan so‘ng chiqdi va ular orasida men ham bor edim. Keyin hammasi bir-biriga ulanib ketdi: elchixonada maxsus mashg‘ulotlarda ishtirok, safarga tayyorgarlik, AQSHga ilk qadam.



Sehrli diyor bilan tanishuv hali maktabda o‘qib yurgan o‘quvchining hayotida qanchalik inqilobiy burilish yasaganini tasavvur qilish qiyin emas. Yangi muhitda o‘zimni qayta kashf qildim – qaysi xususiyatlarim ustida ishlashim kerakligini aniqlab oldim. Global sahnada o‘z o‘rnimni topish ishtiyoqi uyg‘ondi. Buning uchun esa kreativ va mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishim kerakligini his qildim.

Lehigh, men yana qaytaman

Amerikadagi bir yillik tahsilni tugatib, vatanga qaytgach, Jizzax Politexnika Instituti muhandislik fakultetiga o‘qishga kirdim. Oliy ta’limdan keyin viloyatdagi yirik korxonalarda ishlab, nazariy bilimlarimni amaliy ko‘nikmalar bilan boyitdim.

2012-yilda yana AQSHda o‘zimni sinab ko‘rish istagi tug‘ildi: Pensilvaniya shtatidagi Lehigh universitetining Iacocca Global Village dasturiga hujjat topshirdim va qabul qilindim. Bu global yetakchilikka tayyorlov dasturi bo‘lib, murakkab, tizimli muammolarni hal qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha mashg‘ulotlarni taklif qiladi.

Dastur doirasida dunyoning turli nuqtalaridan kelgan faol yoshlar bilan hamkorlikda ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldim, ular bilan birga AQSHdagi o‘rta va yirik korxonalari duch kelayotgan real muammolarga o‘z yechimlarimizni taklif qilib, hisobot tayyorladik. Biznes muammolarini tahlil qilish va eng maqbul yechimni ishlab chiqishdek qiyin, ammo qiziqarli jarayon menda tadbirkorlikdan saboq berish ishtiyoqini uyg‘otdi.

O‘shanda yillar o‘tib shu dasturga yana qaytish, faqat bu gal o‘quvchi emas, mentor kursisida o‘tirish xayolimga ham kelmagandi: 2018-yildan beri har yozda Iacocca Global Village dasturida yosh yetakchilarga saboq berib, ularning salohiyatini rivojlantirishda ishtirok etib kelmoqdaman.

Ikki dargoh, cheksiz tajriba

2013-yilda o‘zimni oliy ta’limda sinab ko‘rishga qaror qildim va karyeramning eng qizg‘in pallasi boshlandi. Singapur Menejmentni Rivojlantirish Institutida (MDIS Tashkent) tadbirkorlik, notiqlik mahorati va kommunikatsiya ko‘nikmalari bo‘yicha dars berishga kirishdim. Darslarda nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish ustida ham ishlashga e’tibor qaratdim. 

2018-yilda meni yangi manzil, yangi chaqiriqlar kutib turardi. Toshkent Xalqaro Westminster universitetida korporativ aloqalar bo‘yicha katta menejer sifatida faoliyat boshladim. Bu davrda 30dan ortiq yirik tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga, yetakchi texnologik kompaniyalar uchun ijrochi kurslar ishlab chiqishga muvaffaq bo‘ldik. Shuningdek, yetakchi kadrlarni tayyorlash qamrovini kengaytirish maqsadida yuqori darajadagi 20dan ortiq trening dasturlari ustida ish olib bordim.

O‘zbekistonning ikki peshqadam oliygohidagi faoliyat men uchun unikal tajriba bo‘ldi. Biznes uchun innovatsion fikrlovchi kadrlarni tayyorlashga kamtarona hissamni qo‘shish, ko‘nikmalarimdan samarali foydalangan holda jamiyatga manfaat keltirish istagi butun faoliyatim davomida meni olg‘a harakatlantirgan asosiy motivatsiya bo‘lgan.

Muvaffaqiyat jamiyatga foyda keltirishi kerak

Fikrimcha, shaxsiy muvaffaqiyat faqat bir insonning emas, butun jamiyatning manfaatlariga xizmat qilsagina uni chinakam yutuq deya e’tirof etish mumkin.

Inson o‘z qiziqishlarining ortidan borib, ularni takomillashtirish va amaliy ko‘nikmaga aylantirish ustida ishlarkan, o‘zini eng a’lo jihatdan kashf etadi. Fidoyilik va ishtiyoq bilan qilingan harakat nainki muvaffaqiyatga olib boradi, balki atrofdagilarni ham ilhomlantiradi. Har bir shaxs mana shu formulaga amal qilgan jamiyat esa taraqqiyot va ijobiy o‘zgarishlarga yuz tutadi.

O‘zbekistonning kelajagini yangi avlod yetakchilari belgilaydi. Chin ma’noda yetakchilik esa orzu qila olish, maqsad qo‘yish va bu maqsad yo‘lida dadil harakat qilish uchun o‘zida jasorat topa olish demakdir.

 

© Saodat Abdurahmonova