$
 11857.35
-33.83
 13746.23
-7.11
 139.32
-2.51
weather
+26
Кечаси   +14°

Orol dengizi atmosferani zaharlamoqda: Fojia hududiy ekologik inqirozdan global xavfga aylandi

Orol

Orol dengizining qurishi shunchaki mahalliy va hududiy ekologik inqiroz emas, balki global iqlim o‘zgarishiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan jiddiy omil ekani ma’lum bo‘ldi. Ko‘p yillar davomida suv havzasi tubida to‘planib kelgan ulkan uglerod zaxiralari suv qatlami yo‘qolishi ortidan atmosferaga tarqalmoqda. Mutaxassislarning xulosa qilishicha, bu jarayon iqlim inqirozini yanada chuqurlashtirmoqda.

Yuz millionlab tonna issiqxona gazi

Asrlar davomida Orol dengizi tabiatning doimiy uglerod ombori vazifasini o‘tab kelgan. Dengizda yashagan o‘simliklar va turli organizmlar nobud bo‘lgach, ulardan hosil bo‘lgan organik birikmalar tubga cho‘kib, qalin cho‘kindi qatlamlarida xavfsiz saqlangan. biroq 1960-yillardan e’tiboran suv havzasining jadal ravishda qurishi ushbu zanjirni uzib qo‘ydi. Suv sathi chekinishi bilan ochiq havoda qolgan tubdagi cho‘kindilar havo bilan bevosita reaksiyaga kirisha boshladi va to‘planib qolgan uglerod atmosferaga qayta ajralib chiqishiga yo‘l ochildi.

National geographic nashrining yozishicha, 2022-yilda Ispaniyadan kelgan bir guruh tadqiqotchilar sobiq dengiz hududida keng ko‘lamli ilmiy ekspeditsiya o‘tkazdi. Olimlar qurigan tubning 14 ta alohida nuqtasidan chuqur cho‘kindi namunalarini olib, ajralib chiqayotgan karbonat angidrid gazining aniq hajmini o‘lchadi. Tadqiqot doirasida uglerodning izotop tarkibi sinchiklab o‘rganildi. Bu esa atrof-muhitga tarqalayotgan CO₂ aynan ilgari dengiz tubida to‘plangan organik moddalarga tegishli ekanini so‘zsiz isbotlab berdi. Shuningdek, soha mutaxassislari hududning o‘simliklar qoplami va shamol orqali sodir bo‘layotgan eroziya ko‘lamini ham atroflicha baholadi.

Olingan ilmiy xulosalarga ko‘ra, 1960-yillardan buyon sobiq dengiz tubidan atmosferaga chiqarib yuborilgan karbonat angidrid miqdori taxminan 748 million tonnani tashkil etgan. Eng xavflisi shundaki, bu jarayon hali to‘xtagani yo‘q. Bugungi kunda ham dengiz o‘rnida qolgan tuproq tarkibida ulkan miqdorda organik birikmalar mavjud bo‘lib, kelgusida ulardan yana taxminan 605 million tonna CO₂ gazi ajralib chiqishi xavfi saqlanib qolmoqda.

Iqlim barqarorligi

Olimlarning ta’kidlashicha, dengiz tubidagi qolgan uglerod massasini saqlab qolish va uning havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik global darajada issiqxona gazlarini kamaytirishga salmoqli hissa qo‘shishi mumkin. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu chiqindilarning oldini olish orqali saqlab qolingan uglerodning moliyaviy qiymati 3,6 milliard dollardan 18 milliard dollargacha baholanmoqda.

Xalqaro amaliyotda mavjud bo‘lgan uglerodni moliyalashtirish mexanizmi nazariy jihatdan Orol dengizini va uning atrofidagi ekotizimlarni tiklashga qaratilgan loyihalar uchun yirik investitsiya va mablag‘ manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkin. biroq, dengizni avvalgi ko‘rinishiga qaytarish masalasi amaliyotda o‘ta murakkab to‘siqlarga duch kelmoqda.

Dengizni qaytarish yo‘lidagi to‘siqlar

Orol dengizi suv maydonini sezilarli darajada kengaytirish shunchaki suv quyish bilan bitadigan ish emas. Buning uchun butun Orol havzasi bo‘ylab suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish talab etiladi. Mazkur havza bir nechta davlatlar hududini qamrab olgani sababli, masala xalqaro kelishuvlar va umumiy strategiyaga borib taqaladi. Tarixan bu hududdagi suv resurslarining asosiy qismi qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun sarflab kelingan.

Vaziyatni o‘zgartirish va ekologik muvozanatni tiklash uchun ekspertlar bir qator strategik choralarni ilgari surmoqda. Bular sirasiga mavjud irrigatsiya tarmoqlarini to‘liq modernizatsiya qilish, suvdan foydalanish samaradorligini keskin oshirish va suvni yetkazib berish jarayonidagi yo‘qotishlarni minimal darajaga tushirish kiradi.

Xususan, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Orol dengizini 1960-yildagi holatining kamida yarmi miqdorida tiklash uchun taxminan 9,7 milliard dollar miqdorida bevosita sarmoya va butun havza miqyosida ulkan strukturaviy o‘zgarishlar kerak bo‘ladi. Olimlar dengizni to‘liq avvalgi holatiga qaytarishni o‘ta mushkul va deyarli imkonsiz vazifa deb hisoblasalar-da, suvni bosqichma-bosqich qaytarish hamda alohida muhim ekotizim hududlarini tiklash bo‘yicha lokal loyihalarni amalga oshirish va iqlimga yetkazilayotgan zararni kamaytirish g‘oyat muhimligini uqtirmoqda.

Теги :
Jamiyat