$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

“Tashabbusli byudjet” - yangi mavsum: Endi majburiy ovoz to‘plangan loyihalar g‘oliblar ro‘yxatidan chetlatiladi

Tashabbusli byudjet

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2024-yil 11-iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J. Qo‘chqorovga “Tashabbusli byudjet asosida shakllantirilgan loyihalarni moliyalashtirish va ularning natijadorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborilgan edi. Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mazkur parlament so‘roviga yuborilgan javobni ko‘rib chiqdilar.

Tanlovda inson omilini qisqartirish taklifi berilgan edi. Bu borada nimalar qilindi?

Unda fuqarolar takliflari asosida shakllangan “Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada takomillashtirish, tanlov g‘oliblarini aniqlashda inson omilini mumkin qadar qisqartirish borasida ko‘rilayotgan choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish so‘ralgandi. Parlament so‘rovi javobida keltirilishicha, fuqarolar takliflar asosida shakllangan “Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada takomillashtirish, ilg‘or axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda aholining faol ishtirokini yanada kengaytirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, jihozlash loyihalarini shakllantirishni tartibga solish maqsadida joriy yildan boshlab jihozlash bilan bog‘liq barcha loyihalar elektron reyestr asosida tegishli vazirliklar tomonidan taqdim etilgan va ruxsat etilgan tovar va jihozlar asosida shakllantirish tizimi joriy etildi.

“Ochiq byudjet” portalining ilovasi ishga tushdi

Tashabbusli byudjet jarayonini yanada takomillashtirish uchun ovoz berish bosqichini haqqoniy o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida joriy yil birinchi mavsumdan boshlab “Bir fuqaro-bir ovoz” tamoyili joriy etilgan edi. Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida “Ochiq byudjet” portalining “Android” va “IOS” tizimlarida ishlaydigan mobil ilovasi ishlab chiqildi.

Shaffoflikni ta’minlash maqsadida... 

Shuningdek, ovoz berish imkoniyatini beruvchi Telegram botlar ishga tushirildi. Fuqarolarga g‘olib loyihalarni moliyalashtirish holatini real-vaqt ko‘rinishda kuzatib borish imkoniyati (xronologiya bo‘limi) joriy etildi.

Bu mavsumdan majburiy ovoz to‘plangan loyihalar g‘olib loyihalar ro‘yxatidan chetlatiladi

Bundan tashqari, keng jamoatchilik va deputatlarning takliflarini inobatga olib amaldagi tartibga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda:

— aholi soni kichik bo‘lgan mahallalarning g‘olib bo‘lish imkoniyatini yaratish maqsadida doimiy tarzda g‘olib bo‘lib kelayotgan mahalla(tashkilot)larga tanaffus e’lon qilish amaliyotini joriy etish;

— xodimlarni majburiy ovoz to‘plashga jalb etish holatlarini bartaraf etish maqsadida ovoz berish bosqichi muddatini 10 kunga kamaytirish, majburiy ovoz to‘plangan loyihalarni g‘olib loyihalar ro‘yxatidan chetlatish amaliyotini joriy etish;

— xalq deputatlari hududiy kengashlarining vakolatlarini kengaytirish maqsadida tuman (shahar) budjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratish hisobiga g‘olib bo‘lmagan loyihalarni qo‘shimcha g‘olib sifatida e’lon qilish amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda. Ushbu hujjat loyihasi ishlab chiqilib ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun Oliy Majlis Senatiga taqdim etilgan.

O‘tgan mavsumlarda aniqlangan har qanday kamchiliklar bartaraf etilyapti

Shu bilan birga, “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan 2023-yil va 2024-yilning o‘tgan davrida ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Majlisda parlament so‘roviga berilgan javobda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar taqdim etilganligi qayd etilib, J. Qo‘chqorovning javobi ma’lumot uchun qabul qilindi, deyiladi xabarda.

Eng ko‘p berilgan taklif-chi? U inobatga olindimi?

Takliflar ijrosi ta’minlanayotgani haqida Oliy Majlisdan bayonot oldik. Biroq ko‘pchilik kutgan va asosiy o‘zgartirilishi kerak bo‘lgan jihat hamon e’tibor doirasidan chetda qolayotgandek. Loyihada nima uchundir ishtirok etayotgan mahallalarning aholisi soni inobatga olinmagan. Masalan, bir mahallada 2 500 dan ortiq odam yashaydi. Ularning 1 000 ga yaqini ovoz bera oluvchi qatlam bo‘lishi mumkin. Qo‘shni mahalla hududida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar soni esa 9 000 atrofida va tabiiyki, ulardagi ovoz berishga layoqatli qatlam ham bundan avvalgi mahalladan 4 - 4,5 karrasiga yuqori. Bunday vaziyatda aholisi kam mahalla har qancha urinmasin befoyda bo‘lishi ehtimoli juda yuqori. 

Vazirlik mulozimi 2024-yilning boshida bunga hali tayyor emasligimizni bildirgandi 

Ushbu masala yuzasidan matbuot anjumanlarida jurnalistlardan "aholisi kam mahallalarga alohida kategoriya qilinadimi?", mazmunidagi savollarga, mas’ullardan "o‘ylab ko‘ramiz", qabilida javoblar olingan. Aniqrog‘i esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi departament direktori Sherzod Muhamedov quyidagicha javob qaytargan: "Kategoriya e’lon qilish bo‘yicha turli xil fikrlar bor edi. Lekin bu o‘zgartishlar 2024-yilning 1-mavsumidan kiritilmaydi. Bu yilda bir fuqaro bir ovoz tamoyiliga o‘tishimiz sababli, birdaniga uni kiritishimiz ko‘plab tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Oldingi sharoitda fuqarolarimiz tomonidan ko‘plab sim kartalar orqali ovozlar berilganda buni aniq baholashning imkoniyati mavjud emas edi. Haqiqatda, kichik mahallada yoki katta bir mahallalarda yashaydigan fuqarolar ushbu jarayonda to‘liq ishtirok etadimi, qay darajada ishtirok etayotganligini baholash imkoniyati mavjud emas edi. Shu sababli, endi bir fuqaro bir ovoz tamoyilini joriy qilgan holda ushbu tamoyilni ishlatib ko‘rib, undan keyin katta bir mexanizmlarni yoki kam fuqaro yashaydigan hududlarga boshqa yo‘llarni o‘ylab ko‘rishni maqsad qilganmiz".

Yana qancha kutamiz?

Ammo yangi mavsum boshlanayotganiga qaramay, J.Qo‘chqorov Oliy Majlisga taqdim etgan "chora-tadbirlar"da ushbu taklif hamon e’tibordan chetda qolyapti. Xo‘sh, bu muammoli masala o‘z yechimini topishi uchun yana nechta mavsum kutishimiz kerak?

Теги :
Iqtisodiyot