$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Onkologik kasalliklar xavfini kamaytirish uchun qanday choralar ko‘rish kerak?

onkologik

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, saraton kasalligi dunyo bo‘yicha o‘lim holatining eng keng tarqalgan ikkinchi sababdir. Bunday xatarli kasallikka chalinmaslik va uning oldini olish uchun insonlar kundalik turmush tarzini qayta ko‘rib chiqishi lozim. Onkolog shifokor Xamis Magomedova ushbu jiddiy xastalikka chalinmaslik uchun qanday profilaktik choralar ko‘rish kerakligi haqida ma’lumot berdi.

Tana vaznini nazorat qilish

Ortiqcha vaznli va nosog‘lom ovqatlanish odatlariga ega bo‘lgan odamlar saratonning ayrim turlariga chalinishga moyil bo‘ladi. Bunga dalil sifatida semizlik va saraton o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganuvchi 2023-yilgi ilmiy tadqiqotni keltirish mumkin.

Ortiqcha vaznli odamlarda ko‘krak, qalqonsimon bez va oshqozon osti bezi saratoni xavfi ayniqsa yuqori. Bundan tashqari, vazn muammolari davolanishni murakkablashtiradi va ko‘pincha natija bermaydi. Jismonan sog‘lom va tetik bo‘lish uchun diyetani qayta ko‘rib chiqish, ko‘proq harakat qilish va sport bilan faol shug‘ullanish lozim.

Sog‘lom ovqatlanishga amal qilish

To‘g‘ri ovqatlanish ratsioniga amal qilish, jumladan, o‘simlik (meva, sabzavot, ko‘kat)larga asoslangan ovqatlar, to‘liq donli va oqsillardan tashkil topgan oziq-ovqatlar tanani kasalliklardan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan barcha kerakli moddalar bilan ta’minlaydi. Oddiy uglevodlar va trans yog‘larni o‘z ichiga olgan zararli ovqatlar miqdorini kamaytirish, shuningdek, kolbasa va qizil go‘shtdan voz kechish muhimdir.

Sport bilan muntazam shug‘ullanish kerak

Jismonan faollik sog‘lom vazn va umumiy salomatlikni saqlashning asosidir. Muntazam jismoniy mashqlar ko‘krak va ichak saratoniga qarshi tabiiy himoyani kuchaytirishga yordam beradi.

Agar siz o‘rtacha qiyinlikdagi sport bilan shug‘ullansangiz, haftasiga 2,5 soat mashq qilishingiz yoki intensiv mashqlarni haftasiga 75 daqiqa bajarishingiz mumkin.

Chekishni tashlash

AQSH olimlari chekish o‘pka saratoniga 87% hollarda sabab bo‘lishini isbotlagan. Shuning uchun nafas olish tizimini tamaki tufayli xavf ostiga qo‘yish mumkin emas. Bundan tashqari, tamakidan qizilo‘ngach va tanosil tizimi ham jiddiy zarar ko‘radi. Zaharli tutunni passiv holda hidlash chekishdan ham xavfli.

Tadqiqotlarga ko‘ra, chekishni tashlagandan o‘n yil o‘tgach o‘pkada saratoni vujudga kelish ehtimoli 50% ga kamayadi.

Spirtli ichimliklar iste’mol qilmaslik

Spirtli ichimliklarni butunlay cheklash eng to‘g‘ri qarordir. Shifokorlar alkogol ichimliklarni muntazam iste’mol qilish jiddiy kasalliklarga, birinchi navbatda, jigar va ichak saratoniga olib kelishi haqida ogohlantiradi. Bunday ichimliklarga bo‘lgan ishtiyoq sut bezlarining holatiga ham salbiy ta’sir qiladi va xavfli o‘simtalar rivojlanishiga zamin yaratadi.

Oftobda toblanmaslik

Hozirgi vaqtda teri saratoni (melanoma, bazalioma) eng ko‘p tarqalgan saraton turi bo‘lib kelmoqda. Ushbu kasalliklarning asosiy sababi solyariyda yoki ochiq havoda quyoshning xavfli ultrabinafsha nurlari ostida toblanishdir.

Umuman olganda, har qanday turdagi ultrabinafsha nurlari organizm va teri holati uchun jiddiy zarardir. Har bir solyariy jarayoni saraton kasalligiga chalinish ehtimolini 20% ga oshiradi. Shu sababli quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalanish, issiq mavsumda yopiq kiyim kiyish va quyosh faolligi maksimal soatlarda tashqariga chiqmaslik tavsiya qilinadi.

  Sog‘lom turmush tarziga amal qilish

Uyqu — inson hayotining muhim qismidir, u tanada dam olish va resurslarni tiklash jarayonlari uchun javobgar. Yaxshi uyqu odamni kun davomida energiya bilan ta’minlashga yordam beradi. Sifatli hordiq immunitetning yaxshi ishlashini ta’minlaydi. Surunkali uyqusizlik tananing turli kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyatiga salbiy ta’sir qiladi. Shu sababli biologik ritmlar va uyqu gigiyenasiga amal qilish va boshqa ko‘plab jiddiy kasalliklar paydo bo‘lishi uchun profilaktik chora sifatida xizmat qiladi.

Saraton kasalligini o‘rganib chiqish, shifokorlardan tibbiy maslahat olish

Har bir inson o‘zi va yaqinlarining salomatligiga befarq bo‘lmasligi va bugungi kunda jadal rivojlanib borayotgan turli kasalliklar haqida hech bo‘lmasa umumiy tasavvurga ega bo‘lishi zamin talabiga aylangan. Ilmiy maqolalarni o‘qish, tibbiyot sohasidagi yangiliklardan xabardor bo‘lish va saraton turlari haqida ma’lumotlarni o‘rganib chiqish kabi foydali ilmlar barchamizga jiddiy xavf-xatarlarni avvalroq anglashga yordam beradi.

Yuqoridagi tavsiya va maslahatlarga amal qilinsa, tananing saratonga chalinish xavfi birmuncha kamayadi.