$
 12915.07
15.07
 14659.90
64.84
 156.43
-0.89
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Mushti zo‘r mingni, bilimi zo‘r birni olyaptimi?

olympiad

        Bugungi tong 16 yoshli oʻzbekistonlik qiz nemis tili boʻyicha Butunjahon olimpiadasi gʻolibi boʻlgani haqidagi yaxshi xabar bilan boshlandi. O‘quvchilarimizning bunday yuqori natijalariga ko‘pchilik havas bilan qaraydi, bolam o‘qimishli bo‘lsin, tengdoshim kabi aqlli bo‘lay, deya niyat qiladiganlar qancha. Chunki aynan o‘smirinlik davrida, o‘yinqaroqlik va ko‘pchilik tebgdoshlari qatori vaqtni behuda o‘tkazishdan voz kechib, ular o‘z ustida ishlagan, fanni o‘rgangan va mana shu intilish ortidan O‘zbekiston nomini dunyoga yoyishda hissa qo‘shishmoqda.

        O‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari 2017 yildan beri IMO, ICHO, IBO, IPHO, IOI kabi xalqaro musobaqalarda ishtirok etib kelishadi. Ushbu xalqaro musobaqalarda o‘quvchilarimiz 2019-yilda 8 ta medal, 2020-yilda 6 ta, 2021-yilda 10 ta medal, 2022-yilda 6 ta medal, 2023-yilda 13 ta medalni qo‘lga kiritishgan. O‘rtaxcha 300 nafardan 700 nafargacha o‘quvchi ichidan yuqori uchlikni egallash oson ish emas, albatta. Ular bu natijalarga erishish uchun maktabda ham, maktabdan tashqarida ham qat’iy grafik asosida tayyorlanishgan, kuniga 8-10 soatlab kitob o‘qib, fan bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Bu qiyinchiliklarni ilm ahli yaxshi tushunadi, ularga tasanno aytadi, albatta. Ammo g‘oliblarni kutib olish, taqdirlash, ularga minnatdorchilik bildirishda hafsala qilinmasligi, ilm-fanga sport yoki shaxmat kabi e’tibor berilmayotgani ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Go‘yo yurtimizga bilimli kadrlar kerak emasdek, ilm-fanning qadri yo‘qdek.

Ota-onasidan boshqa birov kutib olmadi

        Bunga “TIQXMMI” MTU doktoranti Laziz Baxtiyorov munosabat bildirib, o‘zining Facebookdagi sahifasida post joyladi:

        “2024-yilning 11-22-iyul kunlari Buyuk Britaniyaning Bat shahrida Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO) boʻlib oʻtdi. Mazkur olimpiadada Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etib, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi. Quvonarli jihati, delegatsiyamiz akademik halollik tamoyillarini buzgani uchun olimpiadadan chetlatilmadi. Bardavom boʻlsin. Ishtirokchilarning barcha respublikamiz maktablarida tahsil olayotgan 9-11-sinf oʻquvchilari.

        Mazkur olimpiada gʻoliblari 23-iyul kuni tongda Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qoʻndi. Muxbirlar deysizmi, televideniyami, vazirlik xodimlarimi hech biri qorasiniyam koʻrsatmadi. Oʻquvchilarni oʻzlarining ota-onalaridan boshqa birov kutib ham olmadi. Yaxhi gumonda boʻlib, ular sogʻlom turmush tarziga amal qilayotgan boʻlishi mumkin, deyishimiz ham mumkin. Biroq, eng achinarlisi bu borasida faol ishlar olib borayotganini taʼkilaydigan vazirimiz esa sekretarlaridan bir enlik kompyuterdan chiqarilgan xat berib yuborib boʻlsa-da, oʻquvchilarga minnatdorchilik bildirishni oʻzlariga ep koʻrmadi. Xat mayli, rasmiy sahifada minnatdorlik eʼlon qilinsa ham harna edi. Vazirlik rasmiy kanalida chiqqan xabar esa matbuot uchun eʼlon qilinganga oʻxshaydi. 4-5 kundan keyin taqdirlash marosimi boʻlarkan. Balki oʻshanda koʻrinish berarlar. Endi aytinglarchi, mana shu oʻz vataniga keraksizlik hissini tuygan oʻquvchilar oʻz salohiyati qadr topadigan boshqa joyga ketish imkoni tugʻilsa, bir daqiqa qolarmikin?”, - deydi muallif.

Daromad solig‘iga nima deysiz?

        Shuningdek, mukofot masalasi ham so‘roqli ekanligi ta’kidlanadi.

        “Sportchilarimizga medaliga qarab 200 ming, 100 ming, 50 ming dollarlar berilishi haqida oʻqidik. Balki mukofotdan soliq toʻlar, balki yoʻq. Menga qorongʻu. Oʻquvchilarning olimpiadadagi ishtirokiga qarab 170 mln soʻmdan 68 million soʻmgacha mukofot berilarkan. Eng qiziq tomoni, Oʻzbekiston bayrogʻini koʻklarga koʻtaradigan fan olimpiadasi gʻoliblariga beriladigan mukofot pullarining 12 foizlik daromad soligʻi umumiy mukofot summasi ichidan ushlab qolinarkan. Bu bilan soliqdan boʻyin tovlashga targʻib qilmayman. Shunchaki men biladigan baʼzi tashkilotlar soliq summalarini alohida toʻlab berishadi. Sharafli vazirligimiz esa …”

O‘zi mukofot puli qancha?

        Dunyoda tan olingan matematika (IMO), fizika (IphO), kimyo (IChO), biologiya (IBO), informatika (IOI) xalqaro nufuzli fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

        1-o‘rin (oltin medal) uchun — o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravar (170 mln so‘m), o‘qituvchisiga — 450 baravar (153 mln so‘m);

        2-o‘rin (kumush medal) uchun — o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (102 mln so‘m), o‘qituvchisiga — 250 baravar (85 mln so‘m);

        3-o‘rin (bronza medal) uchun — o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (68 mln so‘m), o‘qituvchisiga —150 baravarida (51 mln so‘m).

Shuningdek, Xalqaro matematika olimpiadasi, Xalqaro fizika olimpiadasi, Xalqaro kimyo olimpiadasi, Xalqaro biologiya olimpiadasi g‘oliblari davlat oliy ta’lim muassasalariga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadi.

Ularni qanday ishontiramiz?

        Bir qarashda mukofot puli chakki emasdek, tuyiladi. Ammo boshqa sohalar bilan solishtirilganda ilm-fanning qadri pastroqdek ko‘rinishi mumkin. 2024 XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindorlariga davlat tomonidan beriladigan mukofot pullari miqdori so‘zimizni isbotlaydi.

Unga ko‘ra:

·       Olimpiada chempionlari — 200 ming dollar;

·       kumush medal sohiblari — 100 ming dollar;

·       bronza medal sovrindorlari esa — 50 ming dollar pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

           Pul o‘z yo‘liga, sport bilan shug‘ullanish qimmat, ancha yillik mehnat talab qiladi, dersiz, ehtimol. Ammo ikki toifa g‘oliblarini kuzatish, kutib olish, taqdirlash marosimlari ham bir-biridan tubdan farq qiladi. Mahalliy hokimlarning sportchilarga mukofot pulidan tashqari uy, mashina sovg‘a qilgani haqida ko‘p eshitamiz. Fan olimpiadasi g‘oliblariga esa ishlatilgan noutbuk, pilot, tefal va tashakkurnoma berilgani kabi hangomalarga ham duch kelganmiz. Yana bir misol: joriy yildan “Yosh kitobxon” tanlovida o‘z yurtida eng zo‘ri bo‘lgan yoshga elektromobil berilar ekan. Yani ular 14 hudud ichidan saralanib, Respublika bosqichida saralandi. O‘z yurti, qolaversa, 70-100 mamlakat yoshlari ichida birinchilikni qo‘lga kiritgan fan olimpiadasi g‘oliblari oladigan mukofot puli esa (170 million so‘mdan 12 foiz daromad solig‘i 20 million 400 ming so‘m bo‘ladi) bir elektromobil sotib olishga yetmaydi ham.

        O‘z ota-onasi va ustozlaridan boshqasi kutib olmishga chiqmaydigan, mas’ul tashkilotlar bir og‘iz tashakkur bildirmaydigan bu g‘oliblarni yurtimizda ilm-fanga ham e’tibor kattaligiga, ilm bilan shug‘ullanib kam bo‘lmasligiga qanday ishontirish mumkin?