$
 12942.01
26.83
 13341.92
50.91
 117.12
1.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston har daqiqada 856 kubometr suv yo‘qotmoqda

suv

Markaziy Osiyo mintaqasida yashayotgan xalqlar doimiy suv muammosi bilan to‘qnash kelgan. Qo‘shni davlatlar kelishib, sug‘orish tizimlaridan bahamjihatlikda foydalanganlar. Biroq iqlim o‘zgarishlari, suv resurslarining yildan-yilga kamayib borishi suv tejovchi texnologiyalarni keng maydonlarda qo‘llashni davrning o‘zi taqozo qilmoqda. Zero, mamlakatning 20 foizga yaqin suv resurslari o‘zimizda, qolgan qismi qo‘shni davlatlarda shakllanadi. Mamlakat dunyodagi suv tanqis bo’lgan 33 ta davlat qatoriga tushib qolishi ehtimoli mavjud. Xo‘sh, yechim nima?

90 foizdan ortiq suv qishloq xo‘jaligi sohasida ishlatiladi

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga qaraganda agarda zarur choralar ko‘rilmasa 2030-yilga borib yurtimizdagi suv tanqisligi 15 mlrd. kubometrni tashkil qiladi. O‘zbekiston foydalanadigan suv resurslarining 90 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligi sohasida sarflanyapti. Yurtimiz mintaqada irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlari eng ko‘p va yirik suv xo‘jaligi infratuzilmasiga ega davlat hisoblanib, sug‘oriladigan ekin maydonlari 4.3 mln gektarni tashkil etadi. Shu bilan birga, 60 foizdan ortiq yerlar nasos stansiyalari yordamida sug‘oriladi va 50 foizga yaqin sug‘oriladigan maydonlar turli darajada sho‘rlangan. Suvni iqtisod qilmasdan turib qishloq xo‘jaligida ko‘zlangan maqsadlarga erishish qiyin. 

Har daqiqada 856 kubometr suv yo‘qotilmoqda

Hisob-kitoblarga qaraganda, O‘zbekiston har daqiqada taxminan 856 kubometr suv yo‘qotmoqda. Davlat rahbari tomonidan suv xo‘jaligi tizimida “2024-yil – sug‘orish tarmoqlarida suv yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha zarbdor yil” deb e’lon qilingan bo‘lsa, 2025-yil – “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” deyildi. 

2025-yilda sug‘orish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 76 ta obyektga 800 mlrd. so‘m yo‘naltirilib, 570.4 km kanallar, 21 km lotok va 45.3 km yopiq quvurli sug‘orish tarmog‘i rekonstruksiya qilinadi. Natijada, 300 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi, kanallarda yiliga o‘rtacha 450 mln. kubometr suv yo‘qotilishini kamaytirishga erishiladi.

2024-yilda 326 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar, shundan 82.7 ming gektarda tomchilatib, 39 ming gektarda yomg‘irlatib, 30 ming gektardan ziyod maydonda diskret sug‘orish, 174 ming gektarda egiluvchan quvur va egatga plyonka to‘shab sug‘orish joriy qilindi hamda 507 ming gektar maydon lazerli tekislandi.

Suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olingan maydonlar 2017-yilda 28 ming gektar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda 1.9 mln gektarga, shu jumladan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi 561 ming gektarga yetkazildi. Tejamkor texnologiyalardan foydalanish hisobiga joriy yilda 2 mlrd kubometr suv tejalishiga erishildi.

2025-yilda yana 500 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinadi. Buning uchun uskunalar va butlovchi qismlar mahalliy korxonalarimiz tomonidan ishlab chiqarilmoqda. 

Qishloq xo‘jaligi texnikasi subsidiyalari davom ettiriladi

Shu bilan birga, kelgusi uch yilda ham qishloq xo‘jaligi texnikasining 15 foizi va lazerli tekislagichlarning 30 foizini subsidiyalash amaliyoti davom ettiriladi. Qoraqalpog‘istonda qo‘llangan lazerli tekislangan yerning har gektariga 1 million so‘mdan subsidiya berish tizimi Xorazmda ham tatbiq etiladi. Suvning tekin emasligini iste’molchilarga tushuntirish, obihayotning qadri va qiymati, uni asrashni targ‘ib qilish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Aholining suvdan foydalanish madaniyati yuksalib, uning har tomchisini tejash ommaviy harakatga aylanib boryapti. 

2023-yilda “Suvchilar maktabi” tashkil etilgandi. Respublikaning 13 ta hududida zamonaviy o‘quv xonalari hamda ilg‘or suv tejovchi texnologiyalar qo‘llaniladigan tajriba maydonlari tashkil etildi.

Yechim nima?

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, suv tanqisligini hal qilishda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish muhim rol o‘ynaydi. Masalan, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi suvni ikki baravar tejash imkonini beradi. Iqtisodchi Mirzohid Usmonov bu haqda shunday deydi: “Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llash orqali qishloq xo‘jaligida suvni ikki baravar tejash mumkin. Bu texnologiya ayniqsa sho‘rlangan yerlarning unumdorligini saqlashda muhimdir.” Ushbu texnologiyalarni kengaytirish orqali nafaqat suv resurslari tejab qolinyapti, balki hosildorlik ham ortmoqda.

Sug‘orish tarmoqlarini modernizatsiya qilish ham suv yo‘qotilishini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega. Melioratsiya bo‘yicha ekspert Dilshod Karimovning so‘zlariga ko‘ra: “Kanallarda suv yo‘qotilishini minimallashtirish uchun zamonaviy yopiq quvurli sug‘orish tizimlarini kengaytirish zarur. Bu suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.” Mamlakatda rekonstruksiya ishlari orqali yiliga 450 million kubometr suv yo‘qotilishini kamaytirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, sanoat va maishiy chiqindi suvlarini qayta ishlash masalasi ham dolzarb. Injener Suhrob Ahmadov bu borada: “Yevropa mamlakatlari chiqindi suvlarni qayta ishlash orqali suv tanqisligini yengmoqda. O‘zbekistonda ham ushbu yo‘nalishda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari mavjud,” deya fikr bildirgan.

Suv resurslarini boshqarishda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish zarurati ham mavjud. Xalqaro ekspert Farhod Norboyevning ta’kidlashicha: “Markaziy Osiyo davlatlari suvni adolatli taqsimlash bo‘yicha kelishuvlarni kuchaytirishi kerak, mintaqadagi tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun bu muhim omildir.” Qo‘shni davlatlar bilan resurslarni bahamjihat boshqarish orqali har bir tomchi suvdan samarali foydalanish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, texnologiyalarni keng joriy qilish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, qayta ishlangan suvdan foydalanish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish O‘zbekistonda suv tanqisligi muammosini hal qilishda asosiy yo‘nalishlardir. Bu sa’y-harakatlar nafaqat bugungi kun uchun, balki kelajak avlodlar uchun ham katta ahamiyatga ega.

Теги :
Jamiyat