$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

World Nuclear News: AQSHning uran importida O‘zbekistonning ulushi 10 foizga yetdi

Uran export

AQSH energetika axboroti ma’muriyati yillik hisobotni topshirdi. Unda o‘tgan yil davomida uran yetkazib bergan davlatlar ulushi haqida ma’lumot berildi.

2022-yilga nisbatan 27 foiz ko‘proq uran xarid qilingan

Hisobotda aytilishicha, AQSh kommunal xizmatlari 2023-yilda 2022-yilga nisbatan 27 foizga ko‘proq uran sotib olgan. Uranning aksariyati xorijiy yetkazib beruvchilardan kelgan. Mahalliy xomashyo esa atigi 5 foizni tashkil etgan.

So‘nggi 9 yildagi eng yuqori xarid narxi

AQShning fuqarolik atom energetikasi reaktorlari egalari va operatorlari 2023-yilda 51,6 million funt ekvivalentidagi uran sotib olgan. Bir funt uran uchun o‘rtacha 43,80 dollar to‘langan. Bu qiymat 2022-yildagidan ko‘ra 12 foizga yuqori ekani aytilgan. 2015-yil bilan solishtirganda esa so‘nggi 9 yildagi eng yuqori xarid narxi kuzatilgan.

AQShga uran yetkazib bergan davlatlar

AQSHga yetkazib berilgan uranning 27 foizi Kanada hissasiga, 22 foizi esa Avstraliya va Qozog‘iston ulushiga to‘g‘ri kelishi ma’lum qilingan. Shuningdek, Rossiya talab qilingan uranning 12 foizini, O‘zbekiston esa 10 foizini yetkazgan. Qolgan kam ulush esa Xitoy va Afrikadagi hamkorlar hisobiga qoplangan.

Uranning belgilangan narxi

Zaruriy uranning 15 foizi qisqa muddatli shartnomalar doirasida yetkazib berilib, 51,64 dollardan narx belgilangan. Ichki iste’molning 85 foizini qoplab beruvchi uzoq muddatli shartnomalarda esa uran funti 42,42 dollardan sotib olinishi belgilab qo‘yilgan.

Yil davomida AQSh atom elektr stansiyalarining egalari va operatorlari boyitish korxonalariga 34 million funt U3O8 tabiiy uran ozuqasini yetkazib berishgan. Buning 39 foizi mahalliy yetkazib beruvchilarga, qolgani esa xorijiy yetkazib beruvchilarga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonning uran zaxirasi

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston dunyoda uran qazib olish bo‘yicha 5-o‘rinda, uning zaxiralari bo‘yicha esa 10-o‘rinda turadi. O‘zbekistonning uran zaxirasi 131 ming tonnadan ko‘proq bo‘lib, bu butun jahon uran rezervlarining 2 foizini tashkil etadi. Shuningdek, mamlakat 2023-yilda 3300 tonnadan ortiq uran qazib olgan.