$
 12967.00
11.74
 13352.12
25.04
 126.49
0.05
weather
+26
Кечаси   +14°

Kamsitish, infratuzilma va kasbiy tayyorgarlik yoʻqligi: Nogironligi bor kishilar ishga kirishda qanday to‘siqlarga uchrayapti?

nogiron

Ish topish hamma uchun qiyin bo‘lishi mumkin, ammo nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun to‘siqlar yanada ko‘proq. Inklyuziv mehnat bozorini yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarga qaramay, ko‘pchilik hamon mehnat bozoriga to‘liq kirishga to‘sqinlik qiladigan tizimli muammolarga duch kelmoqda.

Ularni nimalar qiynayapti?

Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda quyidagi asosiy to‘siqlar aniqlandi

Kamsitish va stereotiplar. Ish beruvchilar ko‘pincha nogironligi bo‘lgan shaxslarning qobiliyatlarini past baholashadi.

Ish joylarining moslashtirilmagani. Ko‘pgina idoralar, jamoat transporti va raqamli vositalar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun noqulay.

Ta’lim va kasbiy tayyorgarlik imkoniyatlarining cheklangani. Kasb-hunar kurslari va oliy o‘quv yurtlarida ko‘pincha moslashtirilgan o‘quv materiallari va qo‘llab-quvvatlash tizimlari mavjud emas.

Ijtimoiy nafaqalardan mahrum bo‘lishdan qo‘rqish. Ko‘pchilik ishga kirganda nogironlik nafaqasi bekor bo‘ladi degan yanglish fikrga ega. Shuning uchun ish qidirish fikridan voz kechadi.

Shuningdek, huquqiy va institusional to‘siqlar nogironligi bo‘lgan ish izlovchilar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘diradi.

Rasmiy band boʻlganlar ulushi

Eslatib oʻtamiz, 2023-yilda rasman band boʻlgan nogironligi bor shaxslar 74 213 nafarni tashkil qilgan boʻlsa, oʻtgan yili bu koʻrsatkich 118 000 nafarni tashkil qildi.

Bandlik darajasi 3,7 foiz

2024-yilning mart oyi halotiga koʻra, O‘zbekistonda mehnatga layoqatli yoshdagi nogironligi boʻlgan 755 ming nafardan ortiq kishi istiqomat qiladi (ularning 56 foizi erkaklar). Ular orasidagi bandlik darajasi 3,7 foizni tashkil etmoqda. Nogironligi boʻlgan shaxslar asosan sanoat (33,6 foiz), ta’lim (15,4 foiz) va sog‘liqni saqlash (11,7 foiz) tarmoqlarida faoliyat yuritadi.

Yana bir soʻrov

MHTI mutaxassislari tomonidan oʻtkazilgan yana bir tadqiqotda esa mehnatga layoqatli yoshdagi nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida soʻrov oʻtkazilgan.  

So‘rovda ishtirok etganlarning 43,8 foizi mehnat daftarchasiga ega ekanini bildirgan, lekin hozir bor-yo‘g‘i 8 foizi iqtisodiyotda band, 3,1 foizi esa umuman ishlamagan.

Respondentlarning 55,3 foizi nogironlik guruhi belgilanganidan so‘ng ishdan ketishga yoki ish o‘rnini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. 16,8 foizi nogironlik ularning ish o‘rniga hech qanday ta’sir qilmaganini bildirgan (ularning orasida 14,8 foizi tug‘ma nogiron).

Qanday qiyinchiliklar bor?

Ish topishda qanday qiyinchiliklarga duch kelyapsiz, degan savolga respondentlarning 7 foizi sog‘ligi yaxshi emasligi, 6,2 foizi nogironlik bo‘yicha cheklovlar mavjudligi va 3,9 foizi bo‘sh ish o‘rinlari yo‘qligini bildirgan. Respondentlarning faqatgina 14,8 foizi kasbga qayta tayyorlanish va malaka oshirish istagini bildirgan.

Nogironligi boʻlgan shaxslar orasida bandlik darajasini oshirish uchun hukumat tomonidan nimalar qilinishi kerak, degan savolga respondentlarning 8,7 foizi ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumot berib borish, 7,5 foizi kasbga tayyorlash kurslarida o‘qitish va 6,8 foizi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yordam berish, deb javob bergan.

Xulosa qanday?

O‘tkazilgan tahlil va so‘rov natijalari O‘zbekistonda nogironligi bo'lgan shaxslar orasida bandlik darajasining pastligiga imkoniyati cheklanganlar uchun ish o‘rinlarining kamligi, yaxshi sharoit yaratilmagani, ish o‘rinlari, imtiyozlar, bandlikka ko‘maklashish markazlari to‘g‘risida ma’lumotlarning yetarli emasligi va imkoniyati cheklanganlarning ish malakasi pastligi asosiy sabab bo‘layotganini ko‘rsatdi.

Теги :
Jamiyat